Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Uchta yo‘nalishga kirish tartibi haqida: mish-mishlar va haqiqat

Uchta yo‘nalishga kirish tartibi haqida: mish-mishlar va haqiqat

Foto: «uz24.uz»

Abituriyentlar hujjat topshirayotgan paytda 3ta yo‘nalishni ustuvor ketma-ketlikda belgilagan. Ya’ni qaysidir OTMdagi yo‘nalishni birinchi, qaysidirini ikkinchi va yana boshqasini uchinchi yo‘nalish sifatida oldindan belgilashgan.

Bunday vaziyatda abituriyent ustuvor yo‘nalishga kira olmagan taqdirdagina keyingi yo‘nalishda omadini sinab ko‘rishi mumkin. Agar xoh kontrakt, xoh grant bo‘lsin, ustuvor yo‘nalishga to‘plagan bali yetsa, unda keyingi yo‘nalishlar uchun ballari hisobga olinmaydi va tanlovda ishtirok eta olmaydi.

Bundan tashqari muhim joyi, agar abituriyentning bali birinchi yo‘nalishga yetmasayu, lekin ikkinchi yo‘nalishga davlat grantiga kirish uchun yetsa, u 2-yo‘nalishda budjetda o‘qiydi. Yoki 1 va 2-yo‘nalishdan yiqilib, 3-yo‘nalishga budjetga kirsa, demak u grantda o‘qiydi. Ko‘pchilik orasida shu bo‘yicha noto‘g‘ri mish-mishlar yuribdi. Budjetga faqat 1-yo‘nalishga kirish mumkin ekan, 2 va 3-yo‘nalishda grantga bali yetsa ham baribir kontraktda o‘qir ekan, degan gaplarning barchasi noto‘g‘ri.

Ortiqcha savollar bo‘lmasligi uchun, uchta yo‘nalishda kirish tartibini misol tariqasida tushuntiraman.

Aytaylik, farg‘onalik abituriyent tarix yo‘nalishi bo‘yicha quyidagi ketma-ketlikda OTMlarni tanladi deylik:

  • 1-yo‘nalish: O‘zMU
  • 2-yo‘nalish: Sharqshunoslik instituti
  • 3-yo‘nalish: FarDU

Abituriyent test sinovlaridan umumiy 150 ball to‘pladi, deylik. Bu ball O‘zMUga kontrakt, TDShI va FarDUga esa budjetga yetarli bo‘lsa, unda abituriyent qaysi birini tanlashi mumkin? 1-yo‘nalishdagi O‘zMUda kontraktni o‘qishni xohlamay, Sharqshunoslikning budjetini tanlasa bo‘ladimi?

Yo‘q, bo‘lmaydi! Bunday vaziyatda abituriyentda tanlov imkoniyati yo‘q, u ustuvor yo‘nalish sifatida 1-o‘rinda O‘zMUni belgilagani uchun, shu yerning kontraktiga kirgan hisoblanadi, qolgan 2 ta yo‘nalish inobatga olinmaydi. Qachonki u O‘zMUga yetarli ball to‘play olmasa, ya’ni u yerdan yiqilsagina, keyin Sharqshunoslikka bali hisoblanadi. Agar abituriyent bali O‘zMU va Sharqshunoslikka ham yetarli bo‘lmagan taqdirdagina, keyin FarDU inobatga olinadi.

Ya’ni ustuvor OTMga kira olmasagina, ball keyingisiga o‘tadi. Agar ustuvor OTMga yetarli ball to‘pladimi, tamom, u xoh budjet, xoh kontraktga kirgan bo‘lsin, keyingi OTMlarga inobatga olinmaydi, shu yerda to‘xtaydi.

Bundan tashqari 1-yo‘nalishni tanlaganlar bilan 2 yoki 3-yo‘nalishni tanlaganlarning maqomi orasida hech qanaqa farq yo‘q. Barchasi teng kuchga ega. Masalan, FarDUning tarix fakultetini 1-yo‘nalish deb tanlagan abituriyent bilan 3-yo‘nalish sifatida tanlagan abituriyent teng kuchga ega. Agar 3-yo‘nalish sifatida tanlagan abituriyent balandroq ball olsa, ro‘yxatda 1-yo‘nalish sifatida tanlagandan tepada turadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring