Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«U zamonlar o‘tib ketgan!»: Moldovada bosh prokurorga «diktator» tamg‘asini bosishdi

«U zamonlar o‘tib ketgan!»: Moldovada bosh prokurorga «diktator» tamg‘asini bosishdi

Eduard Xarunjen.

Foto: «Sputnik Moldova»

Moldova parlamenti bugun, 9-iyul kuni o‘tkazilayotgan maxsus yig‘ilishida mamlakat bosh prokurori Eduard Xarunjen faoliyatiga baho beradi. Bu haqda «EADaily» yozmoqda.

Deputatlar bir to‘xtamga kelib olishganidan so‘ng mamlakat prezidenti Igor Dodon bosh prokurorga «chiqish» eshiklarini ko‘rsatib qo‘yishi kutilmoqda.

Shu nashr xabar berishicha, o‘tgan hafta boshida Modova rahbari Xarunjenga shart qo‘ygandi: «Yo o‘zing ketasan yoki ketkazamiz».

Mayya Sandu (hukumat rahbari) ham bu masalada prezident bilan yakdil bo‘lib, bosh prokurorni Demokratik partiya rejimi manfaatlari yo‘lida qonunbuzarlik bilan  shug‘ullanishda ayblagan.

Eduard Xarunjenning esa ketgisi yo‘q: «Doim qonun doirasida ishlaganman, o‘z ixtiyorim bilan ketishim shart emas».

Sotsialistlar partiyasi fraksiyasidan parlamentariy Vladimir Surkanning ta’kidlashicha, prokuratura to‘g‘risidagi qonunda «tomonlarning ixtiyori bilan bog‘liq bo‘lmagan holatlar bo‘yicha» xizmat vakolatlarini to‘xtatishga ruxsat etiladi.

«Bunaqa holatlardan bir nechtasini sanash mumkin, aynan olganda — agar tayinlanish paytida bu shaxs tanlov talabiga mos kelmasa. Xarunjen oxirgi 6 oy Prokurorlar oliy kengashi a’zosi bo‘lmagan. Bu vaziyatga oydinlik kiritishga urinib ko‘rishdi, biroq egallab olingan davlat sharoitida mantiqiy yakuniga yetmay qolgan», — dedi Surkan.

Moldova ichki ishlar vaziri, bosh vazir o‘rinbosari Andrey Nestase Eduard Xarunjen davri prokuraturasini «o‘ziga xos Yevropa Shimoliy Koreyasiga aylangan avtoritarizmning so‘nggi tayanchi», dedi.

«Men janob, agar shunday deyish o‘rinli bo‘lsa, Eduard Xarunjendan u va qochib ketgan xo‘jayinlari qonunlar va inson huquqlarini behurmat qilib, sodir etgan jinoyatlari haqidagi haqiqatlarni aniqlash yo‘lini to‘smaslikni takroran so‘rayman. Janob Xarunjen, fuqarolar siz kabi insonlar qarshisida qaltirab turgan zamonlar o‘tib ketgan!» — dedi Nestase.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring