Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

U Yevropada o‘ynaganidan mamnun, ammo Osiyo baribir yaxshiroq — Sardor Rashidov gol urdi

U Yevropada o‘ynaganidan mamnun, ammo Osiyo baribir yaxshiroq — Sardor Rashidov gol urdi

Foto: O‘FA matbuot xizmati

O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Sardor Rashidov kuni kecha «Qatar SK» klubi a’zosiga aylandi.

Bunga qadar Portugaliyaning «Nasonal» klubi safida o‘ynab kelayotgan o‘yinchi yana o‘z faoliyatini Qatar Yulduzlar Ligasida davom ettiradigan bo‘ldi. 28 yoshli Rashidov O‘FA rasmiy saytiga yangi jamoasidagi ilk taassurotlari va rejalari xususida gapirib berdi.

— Portugaliya chempionatida o‘ynash orqali Yevropa futboli havosidan nafas olishga erishdim va bundan xursandman. Ana endi bor diqqat-e’tiborimni «Qatar SK» bilan muvaffaqiyatlarga erishish va grand klublarga yetarlicha qarshilik ko‘rsatishga qarataman.

Ayni paytda «Qatar SK» Madridda yig‘in o‘tkazmoqda. Ushbu yig‘in 8 avgust kuni yakuniga yetadi. Hali bir nechta o‘rtoqlik o‘yinlarida maydonga tushamiz. Maqsadimiz — imkon qadar tezroq yaxshi formaga kirish. Zero yaqinda Qatarda yangi mavsum start oladi.

Qatarda mazmunli o‘yin ko‘rsatish orqali o‘zimga yanada ishonch olib, terma jamoamizga yaqinda boshlanadigan saralash bahslarida yordam berishga harakat qilaman.

Qatar chempionati men uchun begona emas, bu yerda to‘p surishni rosti sog‘ingan edim. «Qatar SK»ga o‘tishimda ilgari men faoliyat olib borgan «Al Jaish»dagi tanishlarimning ham xissasi katta bo‘ldi. Nasib etsa, ushbu klub safida mazmunli o‘yin namoyish etishga harakat qilaman, — dedi futbolchi.

Ta’kidlab o‘tamiz, jizzaxlik yarim himoyachi faoliyati davomida «So‘g‘diyona», «Bunyodkor», «Al Jaish» (Qatar), «Al Jazira» (BAA), «Lokomotiv», «Nasonal» (Portugaliya) klublari safida faoliyat olib borishga ulgurgan.

Ayni paytda Sardor Rashidov to‘p suradigan «Qatar SK» Madridda yig‘in o‘tkazmoqda. Ushbu yig‘in 8 avgust kuni yakuniga yetadi. Unga qadar esa jamoa bir qator nazorat uchrashuvlari o‘tkazadi.

Bugun qatarliklar maxalliy «Internasonal de Madrid» jamoasiga qarshi nazorat o‘yini tashkil etishdi. Uchrashuvda «Qatar SK» 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Diqqatga sazovor jihati shundaki, mazkur o‘yinda «Qatar SK» safidagi yagona golga hamyurtimiz mualliflik qildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring