Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

U Amerikani o‘zgartirmoqchi

U Amerikani o‘zgartirmoqchi

Berni Sanders.

Foto: «24tv.ua»

AQShda 2020-yil 3-noyabrda bo‘lib o‘tajak prezidentlik saylovi uchun partiyalar o‘z nomzodini aniqlashtirib olish jarayoni qizg‘in kechmoqda.

3-fevralda Ayovada demokratik partiya faollari yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi va delegatlarni saylashadi. 2020-yil 13-16-iyulda esa Viskonsin shtati Miluoki shahrida demokratlarning milliy qurultoyi o‘tkaziladi. Aynan shu yerda D.Trampning saylovdagi raqibi aniqlanadi.

Hozirda Berni Sanders o‘zining qat’iy pozitsiyasi bilan tobora kuchayib borayapti...


Maqolaning boshlanishi: Partiyadoshlar bir-birini obro‘sizlantirmoqda


«Oldimizda muammolar g‘ij-g‘ij»

Sanders iqlim o‘zgarishlariga qarshi keng ko‘lamli rejasi borligini aytdi. «Green New Deal» deb nomlangan rejaga ko‘ra, 2050-yilga borib energetika tarmog‘ida ko‘mirdan foydalanishga to‘liq chek qo‘yiladi. Uning o‘rnini quyosh, shamol va geotermal manbalar egallaydi. 15 yillik olamshumul rejaning qiymati 16,3 trillion dollarga teng bo‘lib, uning 200 milliard dollari BMT kanallari orqali boshqa davlatlarda muammoning yechimi uchun yo‘naltiriladi. Natijada 20 million yangi ishchi o‘rinlari yaratiladi.

U shuningdek, kongressga qurol-yaroqning erkin sotilishini cheklovchi qonunlar qabul qilishni taklif etmoqda. Ularga ko‘ra, amerikaliklarga qurol olib yurish huquqini kafolatlovchi Konstitutsiyaga ikkinchi tuzatishga o‘zgartirish kiritish vaqti yetgan.

Keyingi paytlarda yuz berayotgan ommaviy otishmalarni va ularda ko‘plab insonlarning qurbon bo‘layotganini «ichki terrorizm» deb atadi. Prezident D.Tramp o‘zining keskin bayonotlari bilan fanatizm madaniyati xavfli ildiz otishiga sababchi bo‘lmoqda, deb hisoblaydi. 

Irqchilik muammolari ham juda qiynaydi. «Afroamerikalik yoshlar o‘rtasida ishsizlik 50 foizni tashkil qilmoqda. Afroamerikalik erkaklarning uchdan biri qamoqxonalarga tushadi. Bu haqiqiy fojiadir», deydi Sanders.

«Janob prezident, o‘zingizning irqchilik, jirkanch va immigratsiyaga qarshi chaqiriqlaringizni bas qiling. Siz aytayotgan mujmal so‘zlar harbiylashgan ekstremistlarni rag‘batlantiruvchi muhitni yaratmoqda», deb qayd etgan o‘z «Twitter»ida.

Foto: «theins.ru»

Ota avlodi oq tanli millatchilar – gitlerchilar qo‘lida qurbon bo‘lganini va shu sababli bu kabi g‘oyalarning qaytadan tarqalishiga sira yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini kuyunib aytadi.

Har bir fuqaro ta’lim olish va sog‘liqni saqlash huquqiga ega. U Amerika kollejlari va universitetlarida to‘lovni bekor qilishni rejalashtirmoqda. Davlatning ta’lim kreditlaridan foyda olish amaliyotiga nuqta qo‘yishni istaydi. Hozir AQSh bunday kreditdan har yili 110 milliard dollar sof foyda olmoqda.

Berni Sanders barcha uchun umumiy tibbiy sug‘urta yaratish g‘oyasi bilan chiqmoqda. U dori-darmon narxi nihoyatda qimmatligidan, masalan Kanadada 30 dollar turadigan insulin ampulasi AQShda 300 dollarga sotilishidan hayratda. Bugun salkam 50 million amerikalik tibbiy sug‘urtaga ega emas. Ya’ni ular kasal bo‘lib qolsa, kafolatlangan tibbiy yordam olish imkoniyatiga ega emas.

U jinoiy huquq tizimini isloh qilishni, qamoqxonadagi mahbuslar sonini ikki barobarga qisqartirishni ko‘zlamoqda. Xususiy qamoqxonalar tizimini taqiqlashni, marixuanani qonuniylashtirishni, ozod etishning majburiy minimal muddatlarini bekor qilishni taklif etmoqda.

Masalan, AQShda qamoqdagilarni saqlab turish uchun budjetdan yiliga 70 milliard dollar sarflanmoqda. Vaholanki, bu pulni ta’lim va ishchi o‘rinlari yaratishga sarflash maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Bundan tashqari, «2019-yilda 400 ming kishi qashshoq bo‘lgani uchun sud qarorini kutib qamoqxonada yotibdi. Ayblanuvchilarni ko‘proq qamoqda ushlab turganimiz uchun qancha-qancha mablag‘ havoga uchmoqda. Bu odamlarimizni norozi qilib, yuridik muammolarni yuzaga chiqarmoqda. Islohotlar oxir-oqibat davlat mablag‘larini tejashga olib keladi».

U o‘zining butun siyosiy faoliyati davomida o‘lim jazosi qo‘llanishiga qarshi bo‘lib keldi. «Mening mamlakatim Xitoy, Eron yoki Saudiya Arabistoni davlatlari kabi o‘lim jazosi qo‘llanilayotgan mamlakatlar safida emas, balki Yevropa demokratiyasi qatorida bo‘lishini istar edim».

Sanders ommaviy axborot vositalarining mulkchilik shakli sifatida muayyan bir kishilar qo‘lida jamlanib qolayotganiga ham qarshidir.

O‘rta va ishchilar sinflarining oyliklarini oshirishda va huquqlarini himoya qilishda AQSh Kasaba uyushmalari ta’sirini kuchaytirish ham juda foydali bo‘ladi, deb aytmoqda.

Davlatning dindan alohida ajratilishini qo‘llab-quvvatlaydi.

AQSh «jahon jandarmi» bo‘lishi shart emas

Tashqi siyosatda hujumkor emas, balki o‘zini-o‘zi himoya qilishga qaratilgan tinchlikparvar siyosat olib borish niyatida.  

U migrantlarni yurtdan haydarib chiqish emas, balki ular uchun fuqarolik berish tarafdori bo‘layapti. Yuz minglab xorijdan kelib AQShda ishlovchilarga minimal ish haqi to‘lanishiga qarshi, balki ularga ko‘proq to‘lash kerak deb hisoblaydi.

U Eron va Kuba bilan munosabatlarni yomonlashtirish emas, balki me’yorlashtirishni istamoqda. Qrimni o‘ziga qo‘shib olgani uchun, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Sanders 2001 yilda terrorchilikka qarshi kurash tarafdorlari qatorida turgan. Biroq 2002 yilda Jorj Bushning Iroq kompaniyasiga qarshi bo‘lgan edi. «Men prezidentning bir tomonlama Iroqning bosib olishiga qarshiman. Men qancha yosh yigit va qizlarimiz, qancha iroqlik aholi bu urushda o‘lib ketishi haqida o‘ylasam, boshimda og‘riq turadi. Urush olib borish uchun aniq bahoni haligacha eshitmadim. Urush xalqaro munosabatlarda birinchi emas, balki eng oxirgi vositasi bo‘lishi kerak. Qolaversa, bir tomonlama harakat xalqaro huquqni obro‘sizlantiradi va BMTning rolini tushirib yuboradi», degan edi o‘shanda u nutq so‘zlab.

AQSh qo‘shinlari Afg‘onistonda 18 yil, Iroqda 17 yildan buyon qolib, bu muddat ichida 5 trillion dollarni sovurishdi. Xo‘sh nima bo‘ldi? Terrorizm hozir yanada ko‘proq o‘sdi-ku, deya tanqid qiladi.

«Bizga bir-birini o‘ldirishga qaratilgan emas, balki diplomatiyaga, mojarolarni muzokaralar yo‘li bilan hal qilishga asoslangan tashqi siyosat kerak. AQSh «jahon jandarmi» bo‘lishi shart emas». 

U AQShning erkin savdo haqidagi shartnomalariga qarshi bo‘lib, bu mamlakatda ishchi o‘rinlari qisqarishiga va maoshlarning kamayishiga olib kelishini ta’kidlaydi. U amerikalik tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarishni chet davlatlarda yo‘lga qo‘yilishiga qarshidir. Aksincha, AQSh zavodlari yordamida mahalliy sanoat bazasini qayta tiklash zarurligini qayd etmoqda. 

Sanders Trampning Xitoy kabi davlatlar bilan yuritayotgan savdo siyosatini keskin tanqid qildi va uni jahon iqtisodiyotini beqarorlashtiruvchi omil, deb atadi.

«Bojxona tariflarini oshirishdan foydalanish mumkin. Faqat bunday ko‘tarish davlat savdo falsafasining bir qismi hisoblansagina...», deya Xitoy bilan savdo munosabatlari haqida o‘z pozitsiyasini bildirdi.

O‘rganishlarga ko‘ra, uning inson va siyosiy huquqlar, qariyalar, kasaba uyushmalari faoliyati bo‘yicha qarashlari 100 foiz, fuqarolik faolligi 89 foiz, ta’lim yo‘nalishi 86 foiz, qishloq xo‘jaligi 83 foiz, tashqi siyosati 75 foiz reytinglarga ega bo‘ldi.

Foto: «rubic.us»

Sanders va yahudiylar

Berni Sanders millati yahudiy. Aslida yahudiylar lobbisi doimo AQSh boshqaruvida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. Ularning manfaatlari bilan hisoblashmaslik mumkin emas. Sanders Oq uy rahbarligiga o‘tish ehtimoli yuqori bo‘lgan ilk yahudiydir.

Shu kunlarda Tramp qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi. U demokratlarga ovoz bergan yahudiylarni qo‘pollikda ayblab chiqdi. Bu fikr Sanders uchun yaxshi qarmoqqa aylanishi mumkin.

«Men yahudiy ekanligim bilan faxrlanaman. Men uchun demokratlarga ovoz berish borasida hech qanday muammolar yo‘q. Men Isroilda yashaganman. Men Isroilga qarshi emasman. Isroilliklar ham dunyoda xavfsiz yashashga haqqi bor. Bu yerda tortishadigan hech narsa yo‘q. Tramp noto‘g‘ri aytadi», deb uni tanqid qildi.

Ayrimlar ertaga Sanders hokimiyatga kelsa Yaqin Sharqda faqat yahudiylar manfaatlari asosida ish olib boradi, deb o‘ylashi mumkin. Biroq u «rasmiy Tel-Avivning Falastinga munosabatini oqlab bo‘lmaydi» deb tanqid qildi.

«Biz Yaqin Sharqda yakuniy tinchlik o‘rnatish uchun barcha tomonlar bilan teng sharoitlarda kelishib olishimiz kerak», deb yozadi Sanders o‘zining tvitterida. U yahudiylarning G‘azo sektoridagi falastinliklarga qarshi hatti-harakatlarini qoralaydi.

Garchi yahudiy bo‘lsa-da, Kaliforniyaning San-Fransisko shahrida Demokratik partiyaning amerikalik arablari yig‘ilishida chiqish qilgan birinchi siyosatchi hamdir.

Trampga nisbatan yahudiylarning fikri turlicha. Masalan, Amerikadagi liberal va so‘l qarashdagi yahudiylar demokratik partiyani faol qo‘llab-quvvatlasa, konservatorlar Trampni ma’qullamoqda. Chunki amaldagi prezident Isroil tarafini olib kelmoqda, poytaxtni Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirilishini ma’qullamoqda. Bunday o‘rinsiz tavakkalchilikka hali hech bir AQSh prezidenti qo‘l urgan emas edi.

Buning ustiga BMT rezolyusiyasi va Yevropadagi barcha ittifoqchilariga qarshi borib, Suriyaning Jo‘lon tepaliklarini Isroil hududi, deb tan oldi. 

Bu yerda qiziq manzara hosil bo‘lmoqda. Yahudiy davlati bo‘lgan Isroilda Trampga munosabat juda ijobiy, biroq AQShda yashayotgan yahudiylar Tramdan juda norozi.

«Gallup» ijtimoiy xizmat so‘rovlariga ko‘ra 71 foiz yahudiylar Trampning prezidentlik faoliyatini ma’qullamasligi ayon bo‘ldi. Shuncha yahudiylar 2016 yilda demokrat Xillari Klinton xonimga ovoz berishgan edi. Masalan, yahudiy milliarder Jorj Soros Trampning ashaddiy dushmanidir va unga raqobatchi siyosiy kuchlarga mo‘l xayriya yordamini ayamay kelmoqda.

Chunki D.Tramp boshqaruvi davrida butun mamlakatda antisemitizm o‘sib bormoqda. Tel-Aviv universiteti huzuridagi Kator markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yilda AQShda 100dan ortiq antisemistik hodisalar qayd etilgan va bu 2017 yildagiga qaraganda ikki barobar o‘sgan.

2018 oktyabrda Pitsburgda yahudiy sinagogiga e’tiqod qiluvchilarning otib tashlanishi oqibatida 11 kishi qurbon bo‘lgan, 6 nafari jarohat olgan edi.

Bu ishlarda AQSh prezidentining muayyan aybi borligi tanqid qilinib, uning boshqaruvida turli o‘ta o‘ng harakatlar bodroqday portlayotgani va ular o‘zini juda erkin his qilayotgani misol sifatida keltirildi. Yahudiy elektoral instituti hisob-kitobiga qaraganda, 73 foiz yahudiylar o‘zini ikki yil avvalgiga qaraganda xavfsiz sezmayotgan ekan.

Bu hodisalardan Sanders unumli foydalansa ajab emas.

Boy bo‘lay desangiz bestseller yozing...

Sanders boylarga qarshi bir kayfiyatda saylov kampaniyasiga kirishgan bo‘lsa-da, hozir nomzodlarning birortasi qashshoq emas.

Trampda 3,1 milliard, Tom Steyerda 1,6 milliard, Jon Delanida 200 million dollar mablag‘ bor. Demokrat Maykl Bennet 15 million, Elizabet Uorrenda 12 milllion, Jo Baydenda 9 million, Kamala Xarrisda 6 million, Jo Sestakda 6 million Bill De Blazio va Berni Sandersda 2,5 million dollarlik boyliklarga ega.

Sandersning iqtisodiy ahvoli ham yomon emas. Uning 2016-2018 yillarda orttirgan daromadi 2,79 million dollarni tashkil qildi. Asosiy manbasi kitob yozishdan olgan mo‘may qalam haqi ekan.

«Oilamiz maoshdan maoshga qadar kun kechiradi. Men iqtisodiy xavfsizlikni qanday ta’minlashni bilaman. Bestseller yozdim. Agar siz ham bestseller yoza olsangiz, AQShda shubhasiz millionerga aylanasiz», deydi u o‘z moliyaviy ahvolini qanday yaxshilab haqida gapirib.

Foto: «thetownhall.org»

U o‘tgan yili salkam 20 ming dollarni xayriya maqsadlarida sarflagan.

Garchi u hali g‘alaba qozonmagan bo‘lsa-da tadbirkorlar va aholining ishonch-hurmati ortib bormoqda. Masalan, «Ben & Jerry» kompaniyasi uning sharafiga «Bernie’s Back» nomli muzqaymoqni ishlab chiqara boshladi.

Yana bir qiziqarli ma’lumot. Uning akasi Larri esa Angliyada yashaydi va 2015 yilda yashillar partiyasidan Britaniya parlamentga nomzodini ilgari surgan.

2010 yil dekabrda badavlat amerikaliklar uchun soliq imtiyozlarini qayta tiklanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Senatda uzluksiz 8 soat nutq so‘zlagan va rekord qayd etgan edi.

Uning «Facebook»dagi sahifasi foydalanuvchilari soni 1,2 milliondan ortiq va saylov asnosida bu ham qo‘l kelishi mumkin.

Bir so‘z bilan aytganda Berni Sanders AQSh duch kelayotgan o‘tkir muammolarni yechishga qodir nomzodga aylanadimi? Buni endi vaqt ko‘rsatadi.

A.Hasan o‘g‘li

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring