Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Turkiya: yangi bino qurish taqiqlangan eski shahar (foto)

Turkiya: yangi bino qurish taqiqlangan eski shahar (foto)

Foto: «Xabar.uz»

Homerning mashhur «Iliada» dostonida Kichik Osiyodagi Paflagoniya yurti ta’rif-tavsif etiladi. Turkiyaning Karabuk viloyatida joylashgan Safranbolu shahri olis o‘tmishda ana shu muzofot tarkibida bo‘lgan. Turkiya madaniyat va turizm vazirligi tashkil qilgan press-tur doirasida «Xabar.uz» muxbiri qadimiy shaharga safar qildi.

Safranbolu haqidagi ilk ma’lumotlar miloddan avvalgi asrlarga oid solnomalarda uchraydi. Sharqu G‘arb chorrahasida barpo etilgan kent o‘z davrida Lidiya, Fors, Ellin, Rim, Vizantiya davlatlari tasarrufida bo‘lgan. 1196 yilda esa saljuqiylar tomonidan fath etilgan. Rimliklar shaharni Dadibra deb atagan bo‘lsa, saljuqiylar unga Zalifre deb nom bergan. XIV asrga kelib, Safranbolu Usmoniylar davlatining muhim tijorat shahriga aylangan.

Foto: «Xabar.uz»

Safranboluning eski shahar qismi 1994 yilda YuNESKO butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Hududda olis va yaqin tarixga oid arxitektura durdonalari – qasr, masjid, madrasa, hammom, uy, favvoralar asl holatda saqlanib qolgan. Jumladan, Mehmet pasha masjidi (1661), Jinji karvonsaroyi va hammomi (1645) usmoniylar me’morchiligining betakror namunalari sanaladi.

Eski shaharning toshko‘chalarini kezar ekansiz, o‘tmishga qaytgandek bo‘lasiz. Qulog‘ingizga bir zamonlar qatnagan tuyalarning o‘kirgani, jang suroni, tojirlarning o‘ktam ovozi kelgandek tuyuladi. Zero, me’moriy obidalar bilan birga tarixiy muhit ham saqlanib qolgan. Temirchiyu qurolsoz, naqqoshu shishasoz ko‘hna kasb-kori bilan mashg‘ul. Qandolatchilar qo‘li qo‘liga tegmay lukum va holva sotadi. Muazzinning najotga chorlovchi da’vati yuraklarga ayricha hayajon soladi. Tepalik va qoyalarda barpo etilgan ikki-uch qavatli, «Onado‘li uylari» degan nom bilan shuhrat qozongan turarjoylar shaharga yanada salobat bag‘ishlaydi. XVI-XVII asrlarda qurilgan uylar  YuNESKO muhofazasiga olingan. Tarixiy binolar yaqinida zamonaviy imorat qurish ham taqiqlanadi.

Foto: «Xabar.uz»

Turk xalqi kundalik hayotini qahvasiz tasavvur etish mushkul. Safranbolu qahva muzeyida ushbu ichimlik tarixiga doir qiziqarli eksponatlarni tomosha qilish mumkin. Ular orasida Usmoniylar davlatining so‘nggi qudratli sultoni Abdulhamid II ning finjoni ham bor. Qayd etilishicha, hukmdor bir kunda 15 finjonga qadar qahva ichgan.

Bu shahar za’faron maydonlari bilan ham nom chiqargan (darvoqe, Safranboluning lug‘aviy ma’nosi za’faron shahri demakdir). Mahalliy aholi tarixiy an’anaga sodiq qolib, hozirga qadar ushbu o‘simlikni yetishtiradi. Ma’lumotlarga qaraganda, o‘rta asrlarda bir qadoq za’faronni zotli arab otiga ayirboshlash mumkin bo‘lgan. Bugun ham za’faron guli Safranbolu g‘aznasiga katta daromad keltiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring