Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentga meningit kasalligi Rossiyadan kirib kelgan. Undan qanday saqlanish mumkin?

Toshkentga meningit kasalligi Rossiyadan kirib kelgan. Undan qanday saqlanish mumkin?

Foto: «Adme.ru»

Yaqinda yurtimizda yuqumli meningit kasalligi haqida turli mish-mishlar paydo bo‘lgan edi. Mutaxassis ushbu gap-so‘zlarga oydinlik kirituvchi ma’lumotlarni keltirib o‘tdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilorom Tursunova «Minbar»ga mamlakatda epidemiologik vaziyat barqaror ekanligini va meningitdan saqlanish usullari haqida gapirib berdi.

Meningit – bosh va orqa miyaning yallig‘lanishi natijasida miya shishib, bosh ichki bosimining oshib ketishidir. Kasallik juda tez kuchayib, ba’zi hollarda birinchi kundayoq o‘limga olib keladi. U shuningdek miyani jiddiy jarohatlaydi. Aksariyat hollarda infeksiyaga virus, kamroq holatlarda bakteriya yoki zamburug‘lar sabab bo‘ladi.

Hozir O‘zbekistonda meningit epidemiyasi bormi?

Meningit o‘ta yuqumli xastalikdir. O‘zbekistonda vaqti-vaqti bilan aholi orasida meningit kasalligi keng tarqalgani haqida xabarlar bolalab ketadi. Yaqinda 21 yoshli yigit shu kasallikdan vafot etdi va bu navbatdagi shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.

Lekin bu kasallik boshqa mamlakatlarda qanchalik tarqalgan bo‘lsa, O‘zbekistonda ham shuncha. Meningitning bir turi bo‘lmish meningokokk meningiti 2019 yil 23 yanvarda Rossiyadan O‘zbekistonga kirib kelgan. Ushbu virusni olib kirgan odam aeroportdan to‘g‘ri yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib ketilgan.

Hozirgacha Toshkent shahrida ushbu infeksiya bilan kasallanganlar soni 47 nafarni tashkil qiladi. Bu bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan 5000 ga yaqin odam emlandi.

Agar kasallanish darajasi 100 ming odamdan yarmida kuzatilsa, epidemik holat xatarli bo‘ladi. Bizda hozir unday emas, xavf bartaraf etilgan.

Kim tahdid doirasiga kiradi?

Bakterial meningit asosan chaqaloqlar va qariyalarda (60 yoshdan yuqori) ko‘p kuzatiladi. Shuningdek, meningit barcha infeksiya kasalliklari kabi odamlar zich yashaydigan (kazarma yoki talabalar yotoqxonasi kabi) joylarda tarqaladi. Immunotanqisligi bor odamlar ham mubtalo bo‘lishi mumkin.

Bu infeksiya keng tarqalgan o‘lkalarga ayniqsa jazirama issiqda borganlar ham tahdid doirasiga kiradi. Masalan, Makkaga umra yoki haj safariga boradiganlar ham ehtiyot bo‘lishi kerak.

Meningitni qanday vaqtida aniqlash mumkin?

Chaqaloqlarda meningit simptomlarini aniqlash qiyinroq, chunki ularda harorat ko‘tarilishi yoki mushaklarning qattiqlashishi kabi uning odatiy ko‘rinishi kuzatilmaydi. Bola qaysar, sekin harakatlanadigan bo‘lib qolishi, ishtahasi yo‘qolib, qusishi mumkin.

Issiqlik bilan adashtirib yubormaslik uchun «stakan testi»dan foydalaning: issiqlik toshgan joyga shisha stakanni bosing, issiqlik ketmasa zudlik bilan shifoxonaga boring.

Bu gaplar yoshi kattalarga ham taalluqli.

Meningitning belgilari:

Harorat ko‘tarilishi – ko‘pincha birdan ko‘tariladi. Bemor sovqotishdan shikoyat qiladi.
Bosh og‘rig‘i juda chidab bo‘lmas va xuruj bilan kechadi.
Narsalar ikkita bo‘lib ko‘rinadi, ko‘z oldi xiralashadi.
Qorin og‘rib, ko‘ngil ayniydi, qusish mumkin.
Yorug‘likka ta’sirchanlik oshadi, bemor ko‘zi yoshlanadi, yorug‘likka chidolmaydi.
Ensa mushaklari qattiqlashadi. Ensa – boshning orqa qismi. Shuningdek, tizza bo‘g‘imi ham bukilishda qiynaladi.
Qizil toshma toshadi, meningit toshmasi bosilganda oqarmaydi. Stakan olib bosib ko‘rsangiz, qizarib turaveradi.

Meningit qanday yuqadi?

Meningit rivojlanishiga turtki bo‘ladigan viruslar va bakteriyalar turli yo‘llar bilan yuqadi. Ulardan eng keng tarqalgani havo-tomchi yo‘li bilan. Ya’ni, yuqtirib olish uchun kimdir siz tomon aksirishining o‘zi yetarli.

Maishiy aloqalar: bemor yoki kasallik tashuvchisi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa qilish, bitta maishiy vositadan foydalanish (idishlar, sochiq, tish cho‘tkasi).

Gigiyena qoidalariga amal qilinmaganda oral-fekal yo‘l orqali: oziq-ovqatni yuvilmagan qo‘l bilan yeyish, ishlov berilmagan, yuvilmagan sabzavot, meva, ko‘katlar va hokazolarni iste’mol qilish.

Gematogen: meningit qo‘zg‘atuvchilarining qon orqali yuqishi, bemor organizmidagi infeksiyaning mavjud o‘choqlardan qon orqali miya qobig‘iga tarqalishi.

Og‘zaki: meningit qo‘zg‘atuvchilari bilan ifloslangan suvni yutish (suv omborlarida, dezinfeksiya qilinmaydigan jamoat basseynlarida tasodifan yutish, ifloslangan suv ichish) va hokazo.

Meningit bilan kasallanmaslik uchun nima qilish kerak?

Meningitdan to‘liq himoyalanib bo‘lmaydi, chunki qo‘zg‘atuvchilarining barchasiga qarshi hamon vaksinalar yo‘q.

Kasallanmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish kerak, xolos:

qo‘lni yuvib yurish, badantarbiya qilish, xonani shamollatib turish, uyni ho‘l latta bilan tozalash kabilar.

Lekin emlanish ham kerakdir?

Albatta, emlanish ham zarur, bu bir qator virus va bakteriyalardan himoya qiladi. Lekin meningitni keltirib chiqaruvchi barcha omillarga qarshi vaksina mavjud emas. Meningokokk, pnevmokokk, b tipidagi gemofil tayoqchasi , parotit (tepki), qizamiq, suvchechak va grippga qarshi emlanish mumkin.

Meningitdan tuzalish mumkinmi?

Mumkin, eng muhimi – vaqtida muolajani boshlash. Meningokokk infeksiyasida kasallik juda tez kuchayib ketadi, ba’zida birinchi simptom bilan o‘lim orasida bir sutkagina o‘tishi mumkin. Shuning uchun shubhangiz bo‘lsa, darhol shifokorga uchrang.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring