Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkent xalqaro kinofestivalini qayta tiklash bo‘yicha xalqaro konferensiya tashkil etildi

Toshkent xalqaro kinofestivalini qayta tiklash bo‘yicha xalqaro konferensiya tashkil etildi

«O‘zbekkino» Milliy agentligi tomonidan milliy kino san’ati haftaligi doirasida «Ipak yo‘li durdonasi» Toshkent xalqaro kinofestivalini qayta tiklash bo‘yicha xalqaro konferensiya tashkil etildi. Unda bir qator xorijlik ekspertlar, xalqaro festivallar tashkilotchilari, kinomutaxassislar ishtirok etishdi. Mutaxassislarning aksariyati bunday festival o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlab, barcha masalalarda yordamga tayyorliklarini ma’lum qilishdi. Xususan, kinoprodyuserlar federatsiyalari xalqaro assotsiatsiyasi direktori (FIAPF) Benon Ginisti festival nomini omadli tanlanganini bildirdi:

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalqaro Toshkent kinofestivalini tiklash bo‘yicha tashabbusi ajoyib ish bo‘libdi. Kamdan-kam mamlakatlarda davlat rahbarlari kino san’atiga bunday e’tibor qaratib, festivallar tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlashadi. Ayniqsa, festivalning nomi unga o‘ziga xoslik bag‘ishlashi mumkin. «Ipak yo‘li durdonasi» nomini olgan festival albatta Sharqning eng chekkasidan tortib, Yevropagacha bo‘lgan mamlakatlarni o‘z ichida qamrab oladi. O‘rta Osiyo mintaqasiga va albatta, yoshlarga asosiy e’tibor qaratilishi lozim, deb o‘ylayman. Chunki bu mintaqa kinomahsulotlari Yevropaning e’tiboridan chetta qolayotgan edi. Festival qaysidir ma’noda biz bilmagan filmlarni bizga tanishtirishi bilan ham qadrli bo‘la oladi.

Yana shuni alohida qayd etish kerakki, ushbu festival avlodlar o‘rtasida 30 yillar muqaddam buzilgan ko‘prikni tiklaydi. O‘zbekiston rahbarining tashabbusi bilan, Toshkent festivalining tiklanishi bu – jasorat, – deya fikrini yakunladi Ginisti.

FIPRESSI Xalqaro kinotanqidchilar federatsiyasi bosh kotibi Klaus Eder esa 1970-80 yillar o‘tkazilgan «Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari» Toshkent Xalqaro festivalida shaxsan ishtirok etganini esladi:

– O‘sha davrda bu festival orqali yaxshi filmlar taqdirlangan. Agar u yana qaytadan o‘tkazila boshlasa, Dunyo festivallari orasida nufuzli o‘ringa ega bo‘lishi mumkin. Shu o‘rinda mazkur festival davomida dunyo sevib tomosha qilgan o‘zbek filmlari mumtoz namunalarining retrospektiv namoyishlarini o‘tkazishni taklif qilaman. Shuningdek, yosh rejissyorlar uchun dasturda alohida e’tibor qaratilishi lozim.

So‘ngra, so‘zga chiqqan Yaponiyaning O‘zbekiston elchisi o‘rinbosari Suda Atsushi «Ipak yo‘li durdonasi» festivalida Yaponiyani esdan chiqarmaslik zarurligini bildirdi:

– Ipak yo‘lining sharqiy chekka nuqtasi Yaponiya. O‘z o‘rnida Yaponiya ham eng sharqiy mamlakat sifatida bu festivalda ishtirok etadi. O‘zbekiston Prezidenti mazkur festivalni o‘tkazish borasidagi fikrlari meni quvontirdi. O‘ylaymanki, bu tashabbus kino san’ati rivoji uchun poydevor bo‘la oladi. Shuningdek, biz bu loyihani qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz, – deya bildirgan fikri qarsaklar bilan kutib olindi.

Shuningdek, eronlik kinotanqidchi va rejissyor Ali Rizo Shoxruxi yangi festival xalqaro maydonda nom qozonish uchun qulay imkoniyatga ega ekanligiga e’tibor qaratdi:

«Mazkur festival kino sohasidagi yangicha siljish va o‘sish bo‘la oladi. Shuningdek, festivalni professional tashkil qilish lozim. Biz xalqaro ekspertlar tashkilotchilarni albatta qo‘llab-quvvatlaymiz. Hozirda jahon festivallari konservatsiya bo‘lmoqda, ko‘p mamlakatlarda ularni moliyalashtirish to‘xtagan, ammo Toshkent xalqaro kinofestivali bu bo‘shliqni to‘ldiradi».

Qirg‘izistonlik kinotanqidchi va MDH mamlakatlari yoshlar kinosi «Umut» forumi dasturiy direktori Gulbar Tolomushova «Ipak yo‘li durdonasi» festivali O‘rta Osiyo mintaqasi filmlarini dunyoga tanitishga yordam berishiga umid bildirdi:

Markaziy Osiyodagi ayrim festivallar tashkilotchisi sifatida bu xabardan faqat xursand bo‘ldim. Festivallar qancha ko‘paysa, shuncha yaxshi. Biz bunga raqobat, deya emas, O‘rta Osiyo filmlarini dunyoga tanitish imkoniyati, deya qaraymiz va qo‘limizdan kelgan barcha yordam va hamkorlikka tayyormiz, – deya so‘zini yakunladi.

Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi madaniyat va turizm bo‘limi boshlig‘i Alparslan Akinji o‘zbekistonlik kinoijodkorlarni Turkiya kinoindustriyasi vakillari bilan tajriba almashish, o‘zaro aloqalarni o‘rnatish maqsadida o‘zbek va turk kinematograflari forumiga taklif qildi.

Ayrim ekspertlar butun dunyoda pandemiya bo‘layotgan tahlikali davrda, Toshkentga ommani yig‘ish xavfli bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashdi. Biroq so‘nggi yillar Toshkentda ahvol ancha yaxshilangani, kinofestivalni yuqori saviyada o‘tkazish mumkinligini so‘zlashdi. Xorijiy va mahalliy kinoekspertlar festivalni o‘tkazish jarayoni, kutilayotgan maqsadli rejalar, yangi loyihalar bo‘yicha muhokamalar o‘rtaga tashlandi. Festivalni o‘tkazish bo‘yicha zarur taklif va tavsiyalar tinglandi.

Shuningdek, Chingiz Aytmatovning Germaniya fondi asoschisi, kinoshunos Svetlana Slapke, estoniyalik kinoprodyuser Artur Veber, UNIFRANCEning Osiyo, Sharqiy Yevropa mamlakatlari kinematografiyasi departamenti rahbari, kino tanqidchi Joel Shapron, Bristol universiteti professori germaniyalik Birgit Boymerslar so‘zga chiqishdi. O‘zbekiston tomondan esa “O‘zbekkino” Milliy agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, san’atshunoslik fanlari doktori Nigora Karimova, Respublika kinofondi rahbari Eljon Abbasov, kinoprodyuser, dramaturg Anvar Irgashev, rejissyor Qamara Kamalova kabi kinoijodkor va mutaxassislar nutq idrok etishdi.

Xususan Firdavs Abduxoliqov tadbirdan so‘ng quyidagi fikrlarni bildirdi:

– Avvalo anjuman ishtirokchilarini yangi xalqaro festivalni qo‘llab-quvvatlashayotgani uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Konferensiya yuqori darajada o‘tdi. Aytish joizki, ushbu festivalning tashkil qilinishi Davlat rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda. Toshkent xalqaro kinofestivalining dunyo kinofestivallari qatoridan joy olishi o‘zbek kinoijodkorlari uchun ham quvonchli xabar albatta. Endidan ularning ham mehnatlari dunyo xalqlari e’tiborida bo‘ladi, ular tomonidan e’tirof qilinadi. Yangi festival bo‘yicha xalqaro kinojamoatchiligi fikri va tavsiyalari bizga qiziq. Festivalning nomi ham ekspertlarga yoqib tushib, omadli tanlanganini qayd etishdi. Chunki bu nom festivalning formatini ham aniq belgilab bermoqda. Yana ba’zi ekspertlarimiz tashkillashtirilayotgan yangi festival O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imidjiga katta ijobiy turtki bo‘lishiga ishonishmoqda. Boshqa bir ekspertlarning festivalda yosh ijodkorlar uchun alohida dastur ishlab chiqish kabi fikrlari Prezidentimiz tomonidan e’lon qilingan 2021 yil nomiga ham mos. Fursatdan foydalanib xalqaro kinojamoatchiligi, ekspertlar bilan hamkorlikda yosh kinoijodkorlarni qo‘llash maqsadida ularning taklif va fikrlaridan kelib chiqib, yoshlar uchun omadli loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz.

Xalqaro konferensiya davomida Xalqaro ekspertlar tomonidan mazkur festivalni o‘tkazish bo‘yicha tajriba almashish, amaliy jarayonlarni yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Eng asosiysi, mazkur festivalni Mustaqilligimizning 30 yillik bayramidan so‘ng, sentyabr oyi yakunida o‘tkazish taklifi berildi.

Unda festivalning dasturini tuzish, o‘tkazish sanalari, ijodiy kunlarini belgilash, shuningdek, badiiy jihatdan puxta va qiziqarli filmlarni taqdirlash, festival doirasida anjumanlar o‘tkazish kabi qator masalalar o‘rtaga tashlandi.

Festival doirasida forumlar, mahorat darslari, brifinglar, premera va debatlar tashkil etilishi, xalqaro ekspertlar va ijodkorlar jalb qilinishi takliflari berildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring