Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Teleradioeshittirish sohasida iqtisodiy erkinlik va raqobatni ta’minlash muhokama qilindi

Teleradioeshittirish sohasida iqtisodiy erkinlik va raqobatni ta’minlash muhokama qilindi

Toshkent shahridagi «Poytaxt» biznes-markazida 2019 yil 9 oktyabr kuni «O‘zbekistonda teleradioeshittirish sohasining huquqiy asoslarini yanada rivojlantirish» mavzusida axborot sohasida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan ekspertlar hamda OAV vakillari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.

Qayd etish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 2 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi PQ-4151-son qarori bilan tasdiqlangan ommaviy axborot vositalari faoliyatining huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash va ularni rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash nuqtai nazaridan kelib chiqib, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi zimmasiga O‘zbekiston Respublikasining «Teleradioeshittirishlar to‘g‘risida»gi qonuni loyihasini ishlab chiqish bilan bog‘liq aniq vazifa yuklangan edi.

O‘z o‘rnida, Agentlik tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda 6 ta bob va 38 ta moddadan iborat bo‘lgan mazkur qonun loyihasi ishlab chiqildi. Loyihada teleradioeshittirish sohasini tartibga solish, uni moliyalashtirish, milliy teleradioeshittirish tizimi, teleradioeshittirish masalalari Kengashi, xorijiy teleradiotashkilotlar bilan ishlash kabi ko‘plab muhim va yangi me’yorlar jamlangan.

Ushbu loyihada teleradioeshittirish sohasi sub’yektlari faoliyatini litsenziyalash masalalari va tartibotiga ham alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, litsenziyalash tartib-taomillarini imkon qadar soddalashtirish, davlat boji stavkalarini sezilarli darajada kamaytirish, litsenziya beruvchi organ sifatida ilk bor davlat va jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat tarkibda tashkillashtiriladigan maxsus kengashga vakolat berish rejalashtirilmoqda.

Davra suhbatida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Adliya vazirligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Milliy Media Kengash vakillari, davlat va nodavlat teleradiokanallar rahbar va mas’ul xodimlari, tajribali huquqshunoslar shuningdek, professor-o‘qituvchilar bilan quyidagi asosiy masalalar ko‘rib chiqildi:

— milliy teleradioeshittirish tizimida teleradioeshittirish erkinligini suiiste’mol qilishga yo‘l qo‘ymaslik, teleradioeshittirish sohasida iqtisodiy erkinlik va halol raqobatni ta’minlash, mustaqillik kafolatlari va boshqa asosiy prinsiplarini belgilash;

— amaldagi qonun hujjatlarida teleradioeshittirish sohasidagi faoliyatni tartib solishda yagona vakolatli organning mavjud emasligini inobatga olgan holda davlat-jamoat kollegial organni tashkil etish;

— sohaga telereytingni kiritish, milliy kontent yaratilishini qo‘llab quvvatlash hamda telekontentning monetizatsiyasi bilan bog‘liq masalalarni qonunchilikka kiritish;

— teleradioeshittirish sohasi sub’yektlari hozirda duch kelayotgan huquqiy va iqtisodiy muammolarni yechishga qaratilgan normalarni ishlab chiqish va mazkur qonun loyihasiga kiritish;

— teleradioeshittirish sohasidagi xalqaro normalarga rioya qilinishi bundan tashqari mualliflik huquqi va xalqaro hamkorlik masalalari atroflicha muhokama etilishi, sohaga so‘ngi zamonaviy texnika vositalarini jalb qilish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish.

Tadbir davomida ta’kidlanganidek, «Teleradioeshittirishlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi mamlakatimizda so‘z va axborot erkinligini ta’minlash, axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirishning institutsional-huquqiy asoslarini shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring