Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Tashkent City»dagi bayram tadbirida Shavkat Mirziyoyev qatnashdi

«Tashkent City»dagi bayram tadbirida Shavkat Mirziyoyev qatnashdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Tashkent City» hududidagi yangi muhtasham «Kongress-xoll» saroyida bugun, 21-oktyabr kuni o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tayotgani haqida ma’lum qilgandik.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbari yig‘ilganlarni, butun xalqimizni ushbu tarixiy sana bilan tabrikladi.

— Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir. Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin, — dedi Prezident.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbek tili turkiy tillar oilasiga mansub eng yirik tillardan biridir. Dunyo miqyosida bu tilda 50 millionga yaqin odam so‘zlashadi.

Mustabid tuzum davrida tilimizni yo‘qotishga ko‘p urinishlar bo‘lgan edi. Lekin xalqimiz o‘z ona tilini – milliy g‘ururini saqlab qoldi. Millatparvar ziyolilar, tilimiz fidoyilarining jonkuyarligi natijasida 1989 yil 21 oktyabr kuni qabul qilingan qonunga asosan, o‘zbek tili mamlakatimizda davlat tili maqomiga ega bo‘ldi.

Ushbu tarixiy sanadan o‘ttiz yil o‘tib bu borada yana bir qutlug‘ qadam qo‘yildi. Prezidentimiz 2019 yil 21 oktyabr kuni «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» farmon qabul qildi. Unga binoan 21 oktyabr sanasi yurtimizda «O‘zbek tili bayrami kuni» deb belgilandi. Ona tilimiz fidoyilari, butun xalqimiz bu xushxabarni katta xursandchilik bilan qarshi oldi.

Prezident ona tilimizning davlat va jamiyat hayotidagi ta’siri va mavqeini yanada oshirish, «Davlat tili haqida»gi qonunni bugungi kun talablaridan kelib chiqib takomillashtirish zarurligini ta’kidladi. Bu boradagi dolzarb vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

— Har birimiz  davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni, ona vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Bu olijanob harakatni barchamiz o‘zimizdan, o‘z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak.

Tantanali tadbirda deputat va senatorlar, hukumat a’zolari, davlat va jamoat arboblari, diplomatik korpus vakillari, tilshunos olimlar va pedagoglar, yoshlar ishtirok etdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring