Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Tantanali echkiqasam

Tantanali echkiqasam

Shu desangiz, chap tomondagi shoir qo‘shnim rosa g‘alamis-da! Nuqul norozi bo‘lgani-bo‘lgan! Ilhomi kelmay qolsa, boshqalar aybdor! Bugun ertalab meni yo‘lakda ko‘rib qolib, yarim soat arzi hol qildi. Nima emish, qasamxo‘rlik kampaniyasi boshlanibdi. Bu yaxshi emasmish!.. Xo‘sh, nima qilibdi boshlansa? Hayot bir xil davom etguncha rang-barang bo‘lsa yaxshi-ku! Qasam ichibdi, aroq ichmabdi-ku!

– Menga qarang, vijdon nega kerak? – deb so‘radi u.

– Vijdon?.. Shu, yaxshi ishlash uchun-da!

– Qasam ichish-chi?

Talmovsirab qoldim:

– E, siz bir savollar berasiz, odam javob topolmay qoladi. Qasamxo‘rlik... vijdonga tirgak bo‘lish uchun kerakdir-da!

– Yo‘q, bilmaysiz! Kun tartibida boshqa masala yo‘qligi uchun kerak! Kim o‘ylab topgan bo‘lsayam...

– Uzr, shoshib turuvdim...

Ishga biroz kechikib bordim. Hamkasblar kelib bo‘lishgan ekan. Hazil-huzil bilan ishga sho‘ng‘igan paytimda xo‘jayin paydo bo‘ldi! Bu odamga qo‘l qovushtirib turmasang, shartta ishdan bo‘shatvoradi.

– Hammang ortimdan yur, – dedi u. – Tez bo‘l.

– Qayoqqa?

Xo‘jayinning jahli yomon.

– Katta xolangnikiga, – deb baqirdi u.

– Xo‘p-xo‘p, hozir.

– Xalatni nega yechasanlar? Kiyib ol!

Tapir-tupir, shosha-pisha mashinaga o‘tirdik. Umrimizda ko‘rmagan bir binoga kirib bordik. Keyin «Majlislar zali» degan joyga olib kirishdi. Tumonat odam. Qo‘llarimizga qog‘oz tutqazishdi. Ha, tushunarli, demak, bizga ham qasam ichirishadi. Navbatimiz kelibdi-da! Obbo, endi nima qilaman? Hozir qasam ichib qo‘ysam, keyin tirikchilik nima bo‘ladi? Qochib qolsam-chi? Ayrimlar qasam ichib qo‘ymaslik uchun o‘rniga bildirmasdan boshqalarni yuborayotgan ekan-ku!

Alang-jalang atrofga qaradim. Yo‘q, qochib bo‘lmaydi. Noiloj qo‘limdagi matnga ko‘z yugurtirdim va yelkamdan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi. Qanday yaxshi! Mana endi hammasi joyida!

«Katta keldi», deyishdi. Ko‘rinishi prokurorlarga o‘xshab ketadigan odam ekan. Buncha badqovoq bo‘lmasa! Savlatidan ot hurkadi-yey! Majlis boshlandi. Televizorda eshitaverib yod bo‘lib ketgan gaplar. «Fuqarolik jamiyatining ustuvor yo‘nalishlari...»

Xayol surib ketibman. Bir payt qarasam, odamlar o‘rnidan turib, qog‘ozdagi matnni o‘qishyapti. Kameraga tushmay deb men ham shartta qaddimni rostlab ularga jo‘r bo‘ldim. Ayniqsa, «qasamyod qilaman» degan joyini baland ovozda takrorlab turdim. «Men haligi... haligi... haligiga qasamyod qilaman, tantanali qasamyod qilaman».

Tadbir qancha davom etdi, bilmayman, jiqqa terga botgan edim. Ha, qasamyod qilishning o‘zi bo‘lmaskan? Agar shoir yonimda bo‘lganida, yolg‘ondan o‘qiganing uchun terlab ketding, derdi! «Katta xursand bo‘ldi», deyishdi pichirlashib. Hayronman, qasamni biz ichgan bo‘lsak, nega u quvonadi?

Majlislar zalidan chiqqach, Bahromga hazillashdim:

– Xuddi otang yozgan kitobni o‘qiganday qiroat qilding. Qoyil!

– Men ana shunaqa tug‘ma talantman, – maqtandi u.

Bu gap Tohirga alam qilib dedi:

– Tug‘ma talant emish! Echkiga o‘xshab ma’rading!

Yonimizdan o‘tib ketayotgan oq xalatli xo‘ppa semiz kishi ming‘irladi:

– O‘zi nega men qasamyod qildim?

– Iya, siz ham do‘xtir emasmisiz, amaki? – deb so‘radi Bahrom.

– Oshpazman. Odam kam ekan, deb olib kelishdi. O‘zlaring-chi?

– Bizmi? – Bahrom shivirlab javob berdi: – Sartaroshlarmiz.

Tohir qo‘shimcha qildi:

– Echkiqasamlar desayam bo‘laveradi, hi-hi-hi...

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring