Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tadbirkorlarga zo‘ravonlik qilgan jinoiy to‘da qo‘lga olindi

Tadbirkorlarga zo‘ravonlik qilgan jinoiy to‘da qo‘lga olindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, ularning erkin rivojlanishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, faoliyatiga noqonuniy aralashmaslik va fuqarolarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘pgina sa’y-harakatlar amalga oshirilayotgan bir paytda Sirdaryo viloyatida yashovchi jinoiy guruh a’zolari tomonidan tadbirkorlar va fuqarolarga zo‘ravonlik o‘tkazish orqali tovlamachilik va qo‘rqitish yo‘li bilan «ulush» undirib kelganlar.

Xususan, Guliston shahar, Guliston hamda Xovos tumanlarida istiqomat qiluvchi fuqarolarni jinoiy guruhga mablag‘ to‘lamaganligi sababli doimiy qo‘rqitish, ularga jismoniy tazyiq o‘tkazish va boshqa turdagi jinoyatlarni sodir etib kelganlar. Jabr ko‘rganlar esa hayotlari va oila a’zolarining xavfsizligini o‘ylab huquq-tartibot idoralariga murojaat qilmaganlar.

Joriy yilning 11-fevral kuni Sirdaryo viloyati IIB va DXX Sirdaryo viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan hamkorlikdagi tezkor tadbirlar natijasida ushbu jinoiy guruhning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi.

Xususan, Guliston shahri va tumanida yashovchi fuqarolar, 1983-yilda tug‘ilgan «Maman» taxallusli A.M., 1994-yilda tug‘ilgan M.A., 1968-yilda tug‘ilgan X.E., 1992-yilda tug‘ilgan Z.A., 1991-yilda tug‘ilgan E.O. va 1984-yilda tug‘ilgan E.S. va 1994-yilda tug‘ilgan X.Sh.lar o‘zaro til biriktirib, fuqarolarga transport xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar va fuqarolardan noqonuniy «ulush» olayotgan vaqtlarida qo‘lga olindilar.

Guruh a’zolarining yashash joylarida o‘tkazilgan tintuv davomida jinoyatga aloqador daliliy ashyolar topilgan va ulardan jabr ko‘rgan shaxslarning shikoyat va arizalari to‘plangan.

Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Sirdaryo viloyat IIB Tergov Boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 104, 105, 165-moddalarining tegishli qismlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoyatchilar O‘zbekiston Respublikasi JPKning 221-moddasi asosida ushlangan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring