Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

«Superkontrakt» narxi qanday hisoblanadi?

«Superkontrakt» narxi qanday hisoblanadi?

Juda ko‘pchilikning murojaati deyarli bir xil mazmunda: «1 ball yetmay qoldi, qancha to‘layman», «10 ball yetmay qoldi, qancha to‘layman», «60 ball to‘plaganman, qancha to‘layman» va h.k.

Super-kontrakt narxi minimum qancha bo‘lishini istalgan inson o‘zi mustaqil hisoblab olishi mumkin, buning uchun yetarli barcha ma’lumotlar e’lon qilingan. Faqat ozgina hafsala kerak xolos.

Shunday bo‘lsa-da, super-kontrakt miqdorini qanday hisoblash yo‘lini yana bir bor tushuntirishga harakat qilaman.

Eng avvalo bir narsani yodda tuting, super-kontraktning eng aniq miqdorini faqat va faqat o‘zingiz hujjat topshirgan OTM qabul komissiyasi orqali bilishingiz mumkin. Chunki joriy yildan OTMlar mustaqil narx belgilay oladi va davlat shunchaki minimum miqdorini tasdiqlaydi xolos. Internetda «menga qancha bo‘ladi, unga qancha bo‘ladi» degandan ko‘ra, OTM bilan bog‘lanib, anig‘ini bilib oling.

Endi minimum miqdorlar haqida.

Joriy yilda super-kontrakt narxi kunduzgi ta’lim shaklida stipendiyasiz to‘lov-kontrakt miqdoridan hisoblanadigan bo‘ldi (sirtqi va kechkida shundoq ham stipendiya yo‘q). Demak, quyida ilova qilingan jadvalda ko‘rsatilgan kontrakt summasini super-kontrakt barobariga ko‘paytirishingiz kerak.

Shuningdek, 3 ta toifadan qaysi biriga taalluqli ekanligingizni ham aniqlab olishingiz kerak.

1-toifa: kirish chizig‘iga 4 ballgacha yetmay qolgan abituriyentlar

Bunda quyidagi shkala amal qiladi:

1 ballgacha yetmasa - 1,5 barobar;
1.1 balldan 2 ballgacha yetmasa - 2 barobar;
2.1 balldan 3 ballgacha yetmasa - 2,5 barobar;
3.1 balldan 4 ballgacha yetmasa - 3 barobar.

Masalan, matematika yo‘nalishida 1,5 ball yetmay qoldi deylik. Bunday vaziyatda o‘sha abituriyent 2 barobar to‘laydi. Jadvalga qarasak, matematika yo‘nalishida kontrakt narxi 5.992.960 so‘m. Demak, matematika yo‘nalishiga 1,5 ball yetmay qolgan abituriyent 11 mln 985 ming so‘m super-kontrakt to‘laydi (2 x 5.992.960).

2-toifa: kirish chizig‘iga 4 balldan ortiq yetmay qolgan va o‘zi 56,7 dan ko‘p ball to‘plaganlar

Bunday abituriyentlar super-kontrakt uchun yo‘nalishiga qarab pastdagi jadvalda ko‘rsatilgan oddiy kontraktning minimum 10, 15, 20, 25 barobarini to‘laydi.

Masalan, iqtisod yo‘nalishiga kirish bali 150 ball bo‘ldi deylik. Abituriyent 70 ball to‘pladi. Demak, unga 4 balldan ortiq yetmay qolgan, o‘zi ham 56,7 balldan ko‘proq to‘plagan. Iqtisod yo‘nalishiga minimum super-kontrakt 15 barobar etib belgilangan. Oddiy kontrakt esa 8.532.480 so‘m.

Xulosa: iqtisod yo‘nalishi uchun super-kontrakt minimum 127 mln 987 ming so‘m (15 x 8.532.480).

3-toifa: 56,7 balldan kam to‘plaganlar

Bunday abituriyentlar ham super-kontraktda o‘qishi mumkin, faqat kamida 2-toifadagilar to‘laydigan summaning 2 barobarini to‘lashadi. Masalan, abituriyent iqtisod yo‘nalishiga topshirib, 40 ball to‘plagan, ya’ni 56,7 balldan kam. Demak, u kamida 255 mln 974 ming so‘m to‘lashi kerak (2 x 127.987.200).

Xullas, Siz o‘zingiz to‘plagan ball asosida kamida qancha super-kontrakt to‘lashingizni bemalol o‘zingiz hisoblab ko‘rishingiz mumkin.

So‘zim so‘nggida yana qaytaraman, aniq summani faqat OTM orqali bila olasiz. Super-kontrakt to‘lashning qolgan texnik va tashkiliy tomonlarini ham OTMlardan aniqlashtiring.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring