Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Sudoche»da flamingolar o‘lmagan. Ekologiya qo‘mitasi rasmiy ma’lumot berdi

«Sudoche»da flamingolar o‘lmagan. Ekologiya qo‘mitasi rasmiy ma’lumot berdi

Foto: «Xabar.uz»

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanidagi «Sudoche» ko‘lida yong‘in bo‘lgani va tabiatga zarar yetgani haqida xabarlar tarqatilgan edi. Davlat ekologiya qo‘mitasi «Xabar.uz» sayti uchun rasmiy ma’lumot berib o‘tdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumani «Sudoche» ko‘llar tizimida 2019 yil 4 iyul kuni sodir etilgan yong‘in yuzasidan 5.07.2019y.kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasida «Sudoche» ko‘llar tizimida sodir etilgan yong‘inni barataraf etish choralarini ko‘rish bo‘yicha va tabiatga yetkazilgan zararni aniqlash maqsadida tezkor guruh tuzilib, voqea joyiga yuborilgan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra quyidagilar ma’lum bo‘ldi:

Koraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumani Sudoche ko‘llar tizimidagi yong‘in 2019 yil 4 iyul sanasida soat 15-30 chamasida Sudoche ko‘llar tizimining janubi-sharq qismidagi Qoratereng bo‘limida chaqmoq natijasida orolchalardan boshlanib shamol natijasida atrofdagi qamishzorlarga va qirg‘oq bo‘yi mintaqasiga tarqalgan. Yong‘in ko‘l o‘rtasidagi orolchalarda yuz bergani va yong‘inga yaqin borish imkonsizligi sababli, olovni o‘chirish iloji bo‘lmagan. Chunki yong‘in boshlangan maydonlarda orolchalar usti qamish, tag qismi suvli botqoqdan iborat va motorli qayiq yoki odam kirib borishi mumkin bo‘lmagan.

Yong‘in tufayli jami yongan maydon 278 gektarni tashkil etib, shundan, «Mo‘ynoq akvasanoat» DUKga qarashli maydoni 111,2 gektar, «Sudoche» ornitologik buyurtmaxonasiga qarashli maydoni 166,8 gektarni tashkil etadi.

«Sudoche» ornitologik buyurtmaxonasi hududida yovvoyi holda yashovchi ondatra, o‘rdak (bir necha turlari), g‘oz, oqqush, birqozon, qoravoy, flamingo va boshqa hayvonot dunyosiga zarar yetkazilgani aniqlanmadi. Suvda suzuvchi qushlar va boshqa turlar bahor oylarida tuxum qo‘yib, ko‘payadi. Lekin o‘rganish davomida hayvonot dunyosi nobud bo‘lgan holat qayd etilmadi. Chunki, xozirgi kunga kelib polaponlar katta bo‘lib, bemalol suvda suzib yuradigan darajada o‘sib ulg‘aygan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Mo‘ynoq tumani, Sudoche ko‘llar tizimidagi qamishzorlarga yong‘in tufayli yetkazilgan zarar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkmasining 2014 yil 20 oktyabrdagi 290-sonli «Biologik resurslardan foydalanishni tartibga solish va tabiatdan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida»gi qarorining 14-ilovasi asosida hisoblanib, tabiatga yetkazilgan zarar jami 225 435 760 so‘mni tashkil qildi.

O‘rganish davomida yong‘in kelib chiqishining sabablari yuzasidan surishtiruv olib borilganda Mo‘ynoq tumani yong‘in havfsizligi bo‘limining hamda Mo‘ynoq tuman «Meteostansiya» bo‘limining xulosasiga ko‘ra 2019 yil 4 iyul sanasida sodir bo‘lgan tabiiy chaqmoq natijasida yuzaga kelgan degan xulosa berildi.

Yong‘in 2019 yil 6 iyul kuni soat 23-00 lar chamasida o‘chgan.

O‘rganish bo‘yicha olib borilgan ishlar natijasi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Mo‘ynoq tumanini rivojlantirishda qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi prokurori A.Seitov xabardor qilindi», — deyiladi rasmiy xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati tomonidan 2014 yilda tarqatilgan ma’lumotda Sudoche ko‘llar tizimida 7000 flamingo va ularning 3000 ga yaqin uyasi borligi aytilgan edi. Bu O‘zbekistondagi eng katta koloniya bo‘lib, butun dunyodagi populyasiyaning 1,4 foizini tashkil qilardi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring