Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sport maktab-internatlariga futbol qaytariladi

Sport maktab-internatlariga futbol qaytariladi

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

O‘tgan bir yil mobaynida jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi futbol bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarning olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlariga o‘zgartirilganidan so‘ng ushbu muassasalarda futbol yo‘nalishlari tashkil etilmagani yuzasidan murabbiylar, sportchi-yoshlar, ularning ota-onalari, jurnalistlar tomonidan e’tirozlar bildirildi.

O‘tkazilgan o‘rganishlar jarayonida ancha yillar mobaynida futbolchilar tayyorlab kelgan ushbu muassasalar joylashgan hududlarda boshqa sport turlariga qaraganda futbolga qiziquvchi yoshlar soni ko‘pligi, trener o‘qituvchilar yetarli ekanligi va shug‘ullanish uchun zarur shart-sharoitlar mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Muassasalarda faoliyat ko‘rsatayotgan ayrim sport yo‘nalishlari bo‘yicha esa shug‘ullanish uchun zarur shart-sharoit yo‘qligi, mutaxassislar yetishmasligi kuzatilmoqda.

Shuningdek, futbol maydonlari mavjud, malakali mutaxassislarga ega, doimiy tarzda O‘zbekiston terma jamoasi uchun futbolchilar, oliy ta’lim muassasalariga professional sportchi-abituriyentlar yetkazib berib kelgan ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlaridagi futbol bo‘limlari qisqartirilishi ham haqli e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

14-iyun kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida so‘zga chiqqan jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev vazirlik tomonidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan birgalikda mazkur masala o‘rganib chiqilishi, yangi o‘quv yilidan boshlab ushbu muassasalarga futbol yo‘nalishi bo‘yicha o‘quvchilar qabul qilish maqsadida tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni o‘zgartirish bo‘yicha hukumatga taklif kiritish rejalashtirilganini ma’lum qildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring