Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sodiq Safoyev: «O‘zbekiston — birov bosim o‘tkazadigan davlat emas, Shavkat Mirziyoyev bosim ostida egiladigan siyosatchi emas» (video)

Sodiq Safoyev: «O‘zbekiston — birov bosim o‘tkazadigan davlat emas, Shavkat Mirziyoyev bosim ostida egiladigan siyosatchi emas» (video)

Foto: Xabar.uz

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev O‘zbekistonning YevroOsiyo Iqtisodiy Ittifoqiga qo‘shilish borasida savollarga javob berib o‘tdi. Avvalo, savol Rossiyaning «RIA Novosti» axborot agentligi tomonidan berildi.

— Valentina Matviyenko tomonidan O‘zbekiston YevroOsiyo Iqtisodiy Ittifoqiga kirishi haqida berilgan bayonot tanqidlarga sabab bo‘ldi. Nima uchun bu masala O‘zbekiston emas, Rossiya tomonidan ko‘tarildi?

— Albatta, tanqidlarni to‘g‘ri qabul qilamiz. Ammo, shu o‘rinda, sizni ham tanqid qilib o‘tsam. Kim aytdi sizga bu masala, avvalo, Rossiya tomonidan ko‘tarildi, deb?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senatida qilgan chiqishi davomida ushbu masalani o‘rganish kerakligi, a’zo bo‘lishning ijobiy va salbiy tomonlarni ko‘rib chiqish kerakligi haqida aytgan edi. Bundan ortiq rasmiy ma’lumot bo‘ladimi? Boz ustiga Davlatimiz rahbarining avgustda Belarusga qilgan tashrifi davomida o‘zaro hamkorlik haqida shartnoma imzolandi va uning 7-moddasida O‘zbekiston YevroOsiyo Iqtisodiy Ittifoqi bilan hamkorlik masalasini Belarus tajribasidan kelib chiqib o‘rganishi haqida kelishib olingan edi.

Bu masala tezlashtirilayotgani va O‘zbekistonga bosim o‘tkazilayotgani haqidagi mulohazalarga kelsak, bunday holat mutlaqo bo‘lgani yo‘q. Chunki O‘zbekiston — bosim o‘tkaziladigan davlat emas. Prezident Shavkat Mirziyoyev boshqalar bosimi ostida bukiladigan siyosatchi emas. Va buni hamma juda yaxshi biladi. Shunday ekan, hech qanday bosim haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas.

O‘zbekiston har qanday tashkilotga a’zo bo‘lishda faqat o‘z manfaatlaridan kelib chiqib qaror qabul qiladi. Uch yil oldin O‘zbekiston Respublikasining siyosatida tub burilish boshlandi. Ilgari Turkiy tilli davlatlar hamkorligi kengashiga qo‘shilish haqida eshitishni ham istamas edik. Endi esa biz bu tashkilot a’zosimiz. Yaqinda bu kelishuvni tasdiqladik. O‘zbekiston Prezidenti Boku shahrida bo‘ladigan anjumanda to‘laqonli a’zo sifatida ishtirok etadi va O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tariladi, — deydi Sodiq Safoyev.

Tadbirdan to‘liq video va Sodiq Safoyevning qisqacha intervyusi quyidagi videoda:

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring