Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Siyosiy plyuralizm talabi – Qozog‘iston elchisi parlament saylovining ahamiyatini sharhladi

Siyosiy plyuralizm talabi – Qozog‘iston elchisi parlament saylovining ahamiyatini sharhladi

Ertaga, 19 mart kuni Qozog‘istonda parlamentning quyi palatasi (Majlis) hamda mahalliy kengashlarga (maslahat) saylov bo‘lib o‘tadi. Bu galgi saylov Qozog‘iston davlatchiligi uchun bir qator jihatlarga ko‘ra dolzarb ahamiyat kasb etadi. Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov «Xabar.uz» muxbiri bilan suhbatda saylov jarayonidagi yangiliklarni sharhladi.

«Ovoz berishda yaqinda tashkil etilgan ikki yangi siyosiy partiya ham ishtirok etadi. Gap shundaki, 2022 yil oxirida Qozog‘istonda ekologik muammolarga asosiy e’tibor qaratishi ko‘zda tutilgan Yashillar partiyasi tuzildi. 2023 yil boshida esa qozog‘istonlik tadbirkorlar tashkil etgan «Respublica»  partiyasi ro‘yxatga olindi. Umuman, bugun mamlakatda elektoratga saylov huquqini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish imkonini taklif etayotgan yetti partiya ro‘yxatga olingan», – deydi elchi Beybut Atamqulov.

Avval xabar berganimizdek, parlament quyi palatasi uchun saylovda yetti partiyadan 281 nafar nomzod qo‘yilgan, 525 nafar nomzod esa biror partiyaga mansub bo‘lmagan mustaqil talabgorlardir.

Jumladan, Qozog‘iston xalq partiyasi 52 nafar,  «Akjol» partiyasi 54 nafar, Umummilliy sotsial-demokratik partiya 19 nafar, «Baytaq» yashillar partiyasi 18 nafar, «Amanat» partiyasi 90 nafar, «Respublica» partiyasi 23 nafar, «Auil» partiyasi 25 nafar nomzod ilgari surgan. Ularning o‘rtacha yoshi 45 ni tashkil etadi. Deputatlikka 19 nafar talabgor 29 yoshgacha bo‘lgan siyosatchilardir. Nomzodlar 12 millatni tamsil etmoqda.

Diplomatga ko‘ra, partiyalarning saylovdagi raqobati ko‘ppartiyaviy tizimni mustahkamlab, siyosiy plyuralizm va muxolif siyosat salohiyatini oshiradi.

«Diqqatga molik jihati, partiyalarning Majlisga o‘tish mezoni 7 foizdan 5 foizga tushirildi. Bu esa yangi partiyalarning parlamentga o‘tishini osonlashtiradi va hukumatning hisobdorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi», – deydi suhbatdoshimiz.

Ta’kidlanishicha, 2004 yildan buyon Majlis saylovida proporsional va majoritar modeldan uyg‘un  holda foydalanilmoqda. Ya’ni 70 foiz deputatlar proporsional tarzda partiya ro‘yxati bo‘yicha, 30 foizi majoritar tamoyil asosida bir mandatli okrugdan saylanmoqda. Bu esa parlament quyi palatasi 98 a’zosidan 29 nafari bir mandatli okrug bo‘yicha, qolgan 69 nafari partiya ro‘yxati bo‘yicha saylanishini anglatadi. Viloyat va respublika ahamiyatiga molik shahar kengashlari saylovi aralash holda, 50/50 nisbatda tashkil etiladi. Quyi darajadagi deputatlar esa to‘liq majoritar modelda saralanadi.

«Endilikda saylov byulleteniga «hammaga qarshiman» bandi ham kiritilgan, demak, saylovchilar o‘z xohish-irodasiga ko‘ra hech bir nomzodni ma’qullamaslik huquqiga ega. Boz ustiga, parlament a’zolari mandati taqsimotida qonunchilikka muvofiq partiyalar ro‘yxatida ayollar, yoshlar va alohida ehtiyojli shaxslar uchun 30 foizlik kvota belgilanganki, bu chora-tadbir parlamentda barcha aholi guruhlarining keng ko‘lamli ishtirokini kafolatlaydi», – deya mulohazalarini davom ettirdi diplomat.

Saylovning shaffof, haqqoniy va adolatli o‘tishida kuzatuvchilar muhim rol o‘ynaydi. Elchiga ko‘ra, 2022 yil noyabr oyidagi prezidentlik saylovida bo‘lgani kabi ertangi tadbir uchun ham 10 ta xalqaro tashkilot va qator xorijiy davlatlardan kuzatuvchilar taklif etilgan. Shuningdek, ovoz berish jarayonini YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi hamda MDH kuzatuvchilar missiyasi baholashi kutilmoqda.

«Saylov mamlakatimizni bir lahzada o‘zgartirib qo‘ymasligi tabiiy, ammo u adolatli Qozog‘iston – yorqin, harakatchan va raqobatbardosh siyosiy tizimga ega porloq jamiyat barpo etishga ulkan hissa bo‘lib qo‘shiladi. Bunday mamlakat xalqaro hamjamiyat, jumladan, O‘zbekiston uchun ham yanada kuchli va sadoqatli hamkorga aylanadi. Dunyo geosiyosiy va geoiqtisodiy tahdidlarni yengib o‘tishga urinayotgan bir pallada barqaror va farovon Qozog‘iston nafaqat o‘z fuqarolari, balki mintaqadan tashqaridagilar manfaatlariga ham xizmat qiladi», – deydi B.Atamqulov.

Xabaringiz bor, joriy yil 30 aprel kuni yurtimizda «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha referendum o‘tkaziladi. Qozog‘iston elchisi mamlakatimizda kechayotgan ushbu muhim siyosiy jarayonga ham munosabat bildirdi.

«Ayni paytda O‘zbekistonda izchil konstitutsiyaviy o‘zgarishlar kechmoqda. Bu o‘zgarishlar inson huquqlarini yanada kuchaytirish, ijtimoiy kafolatlarni mustahkamlash, hokimiyat bo‘g‘inlari vakolatlarini chegaralashni ko‘zda tutadi. Mamlakatingiz Asosiy qonuniga kiritilishi taklif etilayotgan o‘zgarishlar jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi va aprel oyi oxirida o‘tadigan umumxalq referendumi bu xohish-irodaning tasdig‘i bo‘lishiga ishonaman», –  deya xulosa yasadi Qozog‘iston elchisi Beybut Atamqulov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring