Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sirdaryoda bir kun: Korxona ichidagi kichik shaharcha (foto)

Sirdaryoda bir kun: Korxona ichidagi kichik shaharcha (foto)

O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi tomonidan Sirdaryo viloyatiga mediatur tashkil etildi. Unga 40dan ortiq ommaviy axborot vositalari xodimlari etildi.

Mediatur doirasida jurnalistlarning ilk manzili Sirdaryo tumanidagi «Sirdaryo Universal Oyna» MChJ  bo‘ldi. 2018 yil 1 iyunda faoliyatini boshlagan ushbu korxonada farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati uchun shisha idishlar ishlab chiqariladi. Gurillab yonib turgan olov taftida turfa xil shaklda shisha idish tayyorlash texnikasini o‘zlashtirgan, asosan yoshlar mehnat qilayotgan korxona qisqa muddatda viloyatdagi yirik eksportyorlardan biriga aylandi. Ishlab chiqarishda yuz foiz o‘zimizning xom ashyodan foydalanilmoqda.

60dan ziyod mahsulot turlari ishlab chiqariladigan «Peng-sheng» O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi viloyatda ishlab chiqarish hajmi kattaligi bilan alohida o‘ringan ega. Korxona hududida so‘lim bog‘, o‘zbek va xitoy bolalari ahil-inoqlikda tarbiyalanayotgan 30 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi bor.

Ushbu maskanda ta’lim-tarbiya jarayonlari o‘zbek, rus, ingliz va xitoy tillarida olib boriladi.

Kafel ishlab chiqarishga mo‘ljallangan sex, issiqxonalar tashkil etilgan.

Korxonaga tegishli paxta dalalaridagi bir tup g‘o‘zada 50-55 dona hosil nishonalari bor. Dehqonlarning hali nishonalar soni yana 14-15 donaga ortishiga ishonchi komil. Tomchilatib sug‘orishda respublikamiz bo‘yicha eng yaxshi tajribaga ega dehqonlar hosil cho‘g‘i barakali ekanligidan xursand.

Peshtoqiga «Peng-sheng» ko‘rgazma savdo uyi deb yozilgan binoda qo‘shma korxonada ishlab chiqiladigan deyarli barcha mahsulot turlarida namunalar namoyish etilgan. Savdo markazi, bank singari bir qator xizmat ko‘rsatish shoxobchalaridan iborat ushbu keng va bahavo manzilni kichik shaharcha desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Mirzaobod tumani markazida tashkil etilgan Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi har doim zamonaviy kompyuter texnologiyalari borasida bilimlarini boyitaman degan yosh o‘g‘il-qizlar, o‘smirlar, ayollar, turli soha vakillari bilan gavjum. Gulchehra Umrzoqova ham shunday izlanuvchan muallimlardan biri ekan. U biz bilan suhbatda 20 yildan buyon tumandagi 22-maktabda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga dars berishini, o‘quv markaziga ham bir guruh o‘quvchilari bilan kelib, kompyuter saboqlarini o‘rganayotganligini aytdi.

«Sayxun planet» yoshlar va savdo markazida yaratilgan shart-sharoitlar poytaxtimizdagi ko‘ngilochar majmualardan aslo qolishmaydi. Salqin va shinam bino, zamonaviy attraksionlar bolalarga zavq bag‘ishlayapti. Ushbu majmua «Tashabbus-2019» ko‘rik-tanlovining viloyat g‘olibi, respublika bosqichida «Eng yaxshi tadbirkor» nominanti Xurshid Sharipov tomonidan bankdan olingan  21,3 mlrd. so‘m kredit hamda tadbirkorning 14,5 mlrd. so‘m shaxsiy mablag‘i hisobiga bunyod etilgan. 28 ta yangi ishchi o‘rniga ega majmua dam olish kunlarisiz el xizmatida.

Viloyat hokimligining shundoq yonginasida bunyod etilgan «Qabullar uyi». Sirdaryo viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev mediatur ishtirokchilari bilan ushbu «Qabullar uyi»da uchrashdi.

«Xovos siti» Xovos tumanidagi 42 gektarlik yerda bunyodkorlik ishlari qizg‘in olib borilayotgan manzil.  Ushbu loyihaga asosan mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari, Davlat xizmatlari agetligi, tijorat banklari, turar-joylar, maktablar, istirohat bog‘i, Xotira maydoni, kutubxona, kitob do‘koni, kinoteatr, dehqon bozori, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, viloyatda tashkil etiladaigan 32 ta tikuvchilik va to‘qimachilik korxonalarining ikkitasi aynan shu shaharcha hududida yo‘lga qo‘yiladi. Ayni kunlarda yangi markazda 30 ta ko‘pqavatli uylar qurilyapti. Shundan 20tasi Xovosda ilk bor qad rostlayotgan 5 qavatli uylarni tashkil etadi. Ularda ikki va uch xonali 760 ta xonadon bo‘lib, shundan 600 tasi arzon uylardir.

Bugungacha eski Xovos shaharchasida 78 ta ko‘pqavatli uylar ta’mirlanib, chor atrofda obodonlashtirish ishlari olib borildi. 100ta ob’yektning arxitekturaviy qiyofasini o‘zgartirish, yangilash ishlari boshlab yuborilgan. 46 kilometrli tuman markaziy ko‘chalari, yangi qurilayotgan ko‘pqavatli uylarga kirish va ichki yo‘laklar va ichki yo‘llarni ta’mirlash, asfaltlash ishlari davom etmoqda. 

Suv quvurlari tortish, trasformatorlar o‘rnatish, ko‘chalarga zamonaviy yoritgich chiroqlar o‘rnatish ishlari ham o‘z navbati bilan amalga oshirilyapti. Xovosliklar hademay obod, barcha qulayliklar yaratilgan zamonaviy shaharchaga ega bo‘ladilar.

Tadbir doirasida jurnalistlar nigohidagi so‘nggi manzil Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi bo‘ldi. 150 o‘ringa mo‘ljallangan ushbu maktabga qabul jarayonlari boshlab yuborilgan. Respublikamizda yagona ijod maktabi sifatida bunyod etilayotgan ushbu majmua yoshlarimizning adabiyot borasida bilimlarini oshirish, ilm ufqi keng yoshlar sifatida ulg‘ayishiga xizmat qiladi.

Mediatur ishtirokchilari Sirdaryo misolida yurtimizda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarining bir namunasi guvohi bo‘lishdi. Yangilanib yasharib, kundan-kun chiroy ochib borayotgan yurtimizning uzoq manzillari, shahru qishloqlari, yurtdoshlarimizning hayot tarzi bilan tanishdi, muloqotda bo‘ldi. Bu qaynoq lavhalar va taasurotlar, albattta, o‘z navbati bilan  ko‘zimizdan so‘zimizga ko‘chadi. 

Gulnoza Turg‘unboyeva, «Xabar» muxbiri

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring