Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Rejissyor Muxlisa Azizovaga: «Shunday kino olingki...»

Rejissyor Muxlisa Azizovaga: «Shunday kino olingki...»

Rejissyor Muxlisa Azizovaga

Sizga «Scorpion» filmining yutuq-kamchiliklari haqida gapirmoqchi emasman. Bu haqda keragicha aytib bo‘lindi, ehtimol yana aytilar... Mehnatsevarligingiz, izlanuvchanligingiz, g‘ayratingiz tahsinga loyiq. Biroq kino tafakkur bilan emas, tasavvur bilan olingandek. Natijada g‘oyaviy tomondan maqsadga erishilmagan. Siz o‘zingiz yashamagan, bilmagan, ko‘rmagan olam haqida kino olgandeksiz...

San’atshunos sifatida, inson sifatida qalbingiz chiroyli ekanligiga shubha yo‘q. Lekin hamma gap uni yanada boyitishda. Bunday kinolarni, uzr-ku, odamlar luqmani chaynamay yutganday ko‘rishi mumkin. Chaynamay yutilgan luqmaning mazasi tatimaydi yoki o‘sha zahoti esdan chiqib ketadi. Ammo siz iqtidoringizga, shijoatingizga suyanib boshqacha — hayot mohiyatini ochib beroladigan kinolar olishingizni chin dildan istar edim. Toki, kinoni shunchaki ko‘ngil ochar narsa deb emas, san’at asari, deb tomosha qiladigan odamlar safi ko‘paysin. Siz ishlagan kino mavzusi bundan 50-60 yillar ilgari, hali texnika hozirgidek rivojlanmagan paytda chet el kinoijodkorlari tomonidan olib bo‘lingan, ularniki  siznikidan  ancha yaxshiroq ekaniga isbot shart bo‘lmasa kerak. Birgina «Rembo» ni eslang... Shunday ekan, sho‘rvasining sho‘rvasini tayyorlashga hojat yo‘q edi. Bir maqolamda kino yaratuvchilar odamlar orasida yurmaydi, degan edim. Biz, avvalo, inson, o‘zbek mentaliteti haqida kino olishimiz, ko‘paytirishimiz, axborot asrida so‘qirga aylanib borayotgan  qalb ko‘zlarini ochishimiz kerak. Xalq saviyasini bunday kinolarga moslashtirish emas, balki yuksaltirish lozim. To‘g‘ri, kinoga tushayotgan odamlar  oz emas. Lekin  xursand bo‘lish emas, aksincha,  odamlarni shunday kinolarga moslashtirib qo‘yayotganimizdan xafa bo‘lish lozim.

Tog‘ay Murodning «Otamdan qolgan dalalar» va «Oydinda yurgan odamlar» asarlarining muvaffaqiyati nimada? Yozuvchi bu asarlarni yozish uchun dehqonlar hayotini, ularning o‘y-fikrlarini, orzu-iztiroblarini o‘rganish uchun yilllab ular orasida yurgan.

Yaqinda ikki kun «Gematologiya va qon quyish» ilmiy-tadqiqot markazida bo‘ldim. U yerdagi  og‘ir xastalikka chalingan insonlarning, ayniqsa bolalarning holatini his qilishim uchun shu ikki kun yetarli bo‘ldi. Masalan, men u yerda tibbiyot bepul degani bilan bir marta bepul tibbiy xizmat ko‘rsatilishini, bitta ampula-dori narxi bir million so‘mdan ortiq ekanligini, uni uch kishi bo‘lib olishini va bu yillar davomida bemor tuzalib ketgunicha yoki..... davom etadigan jarayon ekanligini bilib oldim. Qayerdandir izlab topilgan yoki o‘zlari izlab kelgan homiylar bolalarning umrini bir kungina cho‘zish uchun doriga pul tashlab ketayotgan bir paytda, o‘sha atrofda yillab bolasini qaratish uchun qatnaydigan odamlardan badnafs hamyurtlarimiz oyiga ikki yuz dollardan ijara haqi olayotganining guvohi bo‘ldim. Buni maqola qilib yozdim. Lekin bizning auditoriyamiz televideniye va kino oldida juda tor. Bu bizning jamiyatimizdagi ijtimoiy muammolarimiz. Endi bunday insonlarning, yaqinlarining iztirob va umidlariga e’tiboringizni qaratmoqchiman. O‘sha yerda bir detal meni juda azobga soldi. Kimyoviy muolajadan keyin sochi olingan qizaloq parik kiyib olgan ekan. Bolasi xuddi shunday kasal bilan og‘rigan ona qizchaning ko‘nglini ko‘tarish uchun «sochlaring biram chiroyli», dedi, qizaloqning rangpar yuzlariga tabassum yugurdi va: «Albatta, chunki bu o‘zimning sochlarim-da», dedi.

Bu voqealarning kino sanoatiga nima aloqasi bor deyishingiz mumkin. Demoqchimanki, biz yashayotgan olam aslida mana shu. Amerika rejissyori Josh Bunning Jon Grin asari asosida olingan «Yulduzlar aybdormi?» degan kinosini albatta ko‘rgansiz. Xuddi mana shunday saratonga chalingan o‘smir, yoshlar — Xeyzel va Ogastusning azobli hayoti, iztiroblari va yana orzu-umidlari haqidagi hikoya orqali inson va uning hayoti qanchalar aziz ekanligini anglab yetasiz.

«Yulduzlar aybdormi?» filmidan kadr.

Yana bir Amerika rejissyori Pol Xaggisning «Qochish uchun uch kun» filmini olib ko‘raylikda. Professor Brennanning xotini boshlig‘ini o‘ldirganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. Professor xotinini qutqartish uchun barcha rejalarni puxta ishlab chiqadi va qutqaradi ham. Kinoni ko‘rgan odam haqiqat tantana qildi, deb o‘ylashi mumkin. Ammo unda  muhabbat, oilaning muqaddas ekani tarannum qilinadi. Nima uchun bizda xotini nohaq qamalgan er uni qutqarish haqida o‘ylab yo‘l qidirmaydi, osongina voz kechadi, boshqa oila qurib ketadi. Chunki xotinning qadrini ko‘rsatadigan, muhabbatning kuchini anglatadigan ana shunday kinolarimiz yo‘q. Ana shunday inson qalbiga kirib boradigan milliy kinolarni sog‘indik.

«Qochish uchun uch kun» filmidan kadr.

Amerikaning yana bir «Ko‘rinmas tomon» degan kinosi bor. «Oskar» mukofotiga ega bo‘lgan bu film real  voqea asosida olingan. Esladingizmi, qora tanli o‘smir bolani bir oila boqib oladi. Sandra Ballok ijro etgan bosh qahramon — ayol bolaga shunchalik mehr beradiki, haqiqiy oilasini topgan Maykl Ore yaxshi sportchi bo‘lib yetishadi.

«Ko‘rinmas tomon» filmidan kadr.

Nimaga, mehribonlik uyiga tashlab ketilgan bolalar hayoti haqida kino olish mumkin emas?  U yerda hal xil sabablar bilan borib qolgan bolalar bor. Xizmat yuzasidan shunday muassasaga borganimda  bolakaylardan biri menga: «Mana, bu mening onam» deb suv parisining suratini ko‘rsatgan edi. Bolakay tasavvurida onasi suv parisiga aylanib qolgan, u yurolmaydi, shuning uchun farzandini ko‘rishga kelolmas ekan... Bolakay onasidan xafa bo‘lmadi, balki oqladi. Bu men sizga aytib berayotgan birgina detal. Kinoni mana shunday detallar boyitadi, inson qalbining qulfini ochadi. Agar odamlar orasida yurilsa, bunday voqealar har qadamda uchraydi. U yerda ham turfa taqdir egalari bor. Ularning ota-onalarining ham iztiroblari, pushaymonlari bor. Siz olgan

kino o‘zining dolzarbligi bilan jamiyatni oyoqqa turg‘azsin. Yetishmovchilik yoki turli sabablar tufayli kamqon bo‘lib qolayotgan bolalarning hayotiga mazmun olib kirsin. Bolasini tashlab ketmoqchi bo‘lgan ota-onalar ahdidan qaytsin. Xasta bolasiga qaysi savobtalab bir kunlik dorisiga bugun pul berarkan, deya eshikka termulib o‘tirgan musofirdan otning kallasidek ijara puli olayotgan kimsa uyalsin...

Shunday kino olingki, o‘z nomini hech kimga aytgisi kelmay orqavoratdan yaxshilik qiladigan insonlar safi ko‘paysin. Ana shunda siz o‘z maqsadingizga erishgan bo‘lasiz. O‘zingiz yashayotgan olam haqida kino oling, Muxlisa! O‘sha kinongiz qahramonlari bilan kerak bo‘lsa kunlab, oylab yashang, birga nafas oling, iztiroblariga, quvonchlariga sherik bo‘ling. Ana o‘shanda «Scorpion» degan kinoning ular hayoti oldida hech narsaga arzimas ekanligini bilib olasiz. Kino sohasiga kirib kelayotgan yosh ijodkor sifatida Sizdan umidlarimiz katta.

                                                         Hurmat bilan Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring