Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shohjahon Ergashev bilan suhbat. Rossiyada muhojir bo‘lib ishlaganiyu, professional futboldagi faoliyati va chavandozligi haqida

Shohjahon Ergashev bilan suhbat. Rossiyada muhojir bo‘lib ishlaganiyu, professional futboldagi faoliyati va chavandozligi haqida

Foto: Shohjahon Ergashev

Professional boksda yuqori natijalarni qayd etib kelayotgan Shohjahon Ergashev nafaqat O‘zbekiston, balki xorijlik muxlislar qatori yetuk mutaxassislar nazariga ham tushgan. «Daryo» muxbiri Mirolim Isajonov Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) reytingida 4-o‘rinni egallab turgan, -63,5 kg vazn toifasida jang o‘tkazib kelayotgan farg‘onalik charm qo‘lqop ustasi bilan qiziqarli suhbat uyushtiribdi. Ushbu suhbatning qiziqarli qismlarini havola etamiz.

— Sport olamini tanlashangizning boisi nima?

— Padarimning o‘zi bokschi bo‘lganligi bois meni ham kasbiga kichkinaligimdan qiziqtirgan. 6 yoshimda mashina urib yuborganidan so‘ng shifokorlar boks bilan shug‘ullanishimni qat’iy taqiqlashgan. Jarohat og‘irligi va qulog‘imning orqasini tikishgani tufayli hatto meni o‘lib qoladi, deya xavotirga ham tushishgan. Bir necha yil maktabga ham bormay, uy sinfida tahsil oldim. Mening ahvolimni ko‘rgan dadam «Taniqli bokschi bo‘lmasa-da, sport orqali salomatligini mustahkamlasin», degan fikrda men bilan shug‘ullanishni davom ettirgan. Har kuni oz-ozdan mashg‘ulotlar o‘tkazib, boshimga tushadigan mushtga chap berishni o‘rgatgan. 6-sinfdan esa boks tushishni boshladim.

Foto: Shohjahon Ergashev

— Ma’lum vaqt futbol bilan ham shug‘ullanganligingiz rostmi?

— Yuqorida aytganimdek, qishlog‘imizda yuz bergan kuchli avtofalokatdan keyin otam sog‘lom hayot kechirishimni istab, meni turli sport turlariga qiziqtirgan. O‘sha kezlarda boks bilan shug‘ullanish barobarida yuqori darajada futbol ham o‘ynaganman. To‘rt yil davomida Farg‘ona viloyatining turli jamoalarida to‘p surib, O‘zbekiston chempionatining oliy ligasida «Neftchi» jamoasi sharafini himoya qilganman. Hujum chizig‘ida o‘ynaganim uchun oliy liga uchrashuvlarida gol urishga muvaffaq bo‘lganman.

— Millionlar o‘yinini nima sababdan tark etgansiz?

— O‘sha paytlarda fursati kelib, futbol yoki boksni tanlashim shartligini doimo his qilardim. Chunki eng ommaviy hisoblangan bu ikki sport turining talablari bir-biriga umuman zid. Qolaversa, boks borasida ko‘proq tushuncha va sir-asrorlarga egaligim hamda qiziqishim ustunligi sabab shu sport turini tanlashga qaror qilganman. Agar futbolni tanlaganimda ham mendan yaxshigina futbolchi chiqardi.

— Birinchi professional jangda qozongan g‘alabangiz evaziga qancha gonorar olgansiz?

— Boshidagi uchta jangimdan umuman haq olmaganman. U vaqtda bosh maqsadim menga murabbiylik qilgan rossiyalik Sayfullo Po‘latovdan ko‘proq bilmaganlarimni o‘rganish va o‘z nomimni tanitish bo‘lgan. Gonorarni esa to‘rtinchi jangimda olganman.

— Havaskor boksda bir qator yutuqlarga erishib, el nazariga tushgan bokschilarimizning bir necha nafaridan intervyu olishga qiynaldik. Siz esa taklifimizga bajonidil rozilik bildirdingiz. Hozir amin bo‘lyapmanki, hamon samimiy va odamohunsiz. O‘zingizni yulduz bokschi, deb hisoblamaysiz, nazarimda.

— Men kechagi kunini unutadigan inson emasman. Professional boksdagi faoliyatimni boshlashdan oldin uch yarim yil Rossiyaning turli hududlarida migrant sifatida ishlab, o‘ziga xos qiyinchiliklarni ko‘rganman. Men ham barcha qatori oddiy odamman. Birovdan ustunlik jihatim yo‘q, deb o‘ylayman. Ko‘cha-ko‘yda ham boks muxlislari tanib qolib, rasmga tushishni taklif qilishsa, yo‘q demayman va bundan benihoya xursand bo‘laman. Negaki, sport muxlislar bilan qiziq. Muxlisi bo‘lmagan bokschi o‘zini sportchi sanamasa kerak. Menimcha, sportda yulduzlik kasaliga uchragan odam rivojlanishdan to‘xtaydi.

— Boksdan tashqari yana qaysi sport turlariga qiziqib, kuzatib borasiz?

— Hanuz futbolning ashaddiy muxlisiman. Vaqt topib, to‘p surib turishga harakat qilaman. Bir paytlar ot sporti bilan ham shug‘ullanib, bir necha karra musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritganim uchun hozir ba’zan bo‘lsa-da ot minaman. It boqishga ham qiziqaman. Ot hamda itning insonga vafodor do‘st bo‘lishiga qattiq ishonaman va ularga mehrim kuchli.

— Kitob mutolaasiga ishtiyoqingiz qanday? Badiiy adabiyotlar o‘qib turasizmi?

— Ko‘proq diniy adabiyotlar o‘qishni yoqtiraman. Hozir Shayh hazratlarining «Baxtiyor oila» asarini mutolaa qilayapman.

Foto: Shohjahon Ergashev

— Shahram G‘iyosov ikkingiz o‘rtangizda jang o‘tkazilishi haqida ancha gap-so‘zlar tarqaldi. Ammo bu spektaklga ham o‘xshadi. Jang bo‘lishi aniqmi?

— Jangga tayyorgarlik boshlangan. Lekin uning qachon o‘tkazilishi ma’lum emas. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.

— Qaysi jang siz uchun og‘ir kechgan?

— Har bitta jangda osonlikcha kurashib bo‘lmaydi. O‘tgan yili xitoylik 32 yoshli Jimin Vang bilan o‘tkazgan 10 raundlik jangni 7-raundida yelkam sinib ketgan. Bir qo‘lim bilan 3 raundni bir amallab tugatib, g‘olib bo‘lishga erishganman. Shu jang boshqalariga nisbatan og‘ir o‘tgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring