Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev: «Men sizlarga eng katta boyligimni ishonib topshiryapman» (foto)

Shavkat Mirziyoyev: «Men sizlarga eng katta boyligimni ishonib topshiryapman» (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-sentyabr kuni Toshkent shahridagi Prezident maktabiga tashrif buyurdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Prezident maktablarining birinchisi poytaxtimizda foydalanishga topshirildi. 168 o‘ringa mo‘ljallangan maktab binosi va yotoqxona, 15 o‘rinli o‘qituvchilar mehmonxonasi yuksak darajada bunyod etildi.

Joriy yilda maktabning 5-10-sinflari uchun hujjat topshirgan 7 mingga yaqin o‘quvchidan 144 nafari o‘qishga qabul qilindi. Kanadaning «Teachaway» va Buyuk Britaniyaning «TIC Recruitment» rekruting kompaniyalari bilan hamkorlikda maktabga 30 nafar chet ellik mutaxassis tanlab olindi. Shuningdek, 72 nafar tajribali va malakali mahalliy o‘qituvchi ham jalb qilindi. Ta’limda STEAM yondashuviga oid darslik va o‘quv qo‘llanmalari olib kelindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev maktabda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, o‘quvchilar bilan suhbatlashdi.

— Bu hayotingizdagi birinchi sinov bo‘ldi. Mehnat, bilim, adolat nima ekanini ko‘rdingiz. Sizlarni shunday nufuzli maktabga munosib bo‘lganingiz bilan chin yuragimdan tabriklayman. Siz endi O‘zbekistonning «oltin fondi»sizlar, — dedi Prezident. — Xalqning, mamlakatning buyukligini tarannum etadigan narsalar ko‘p. Lekin eng afzali bilim bilan namoyon etish. Yoshlarimiz orasidan Xorazmiylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar chiqishiga barcha asoslarimiz bor. Bugun tarixiy kun. Ilgari yurtimizda bunday sharoit bo‘lmagan. Endi chet eldan nufuzli mehmonlar kelsa, katta-katta zavodlarni emas, Prezident maktablarini ko‘rsatamiz. Sizlar bilimingiz, yurish-turishingiz, vatanparvarligingiz bilan hamma yoshlarga namuna bo‘lishingiz kerak. Kelgusida O‘zbekiston taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatadigan kuch bo‘lasizlar.

Maktab o‘quvchilari zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish bilan birga milliy o‘zligimizni chuqur anglashi, tariximiz va ona tilimizni mukammal bilishi shartligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari pedagoglar bilan ham muloqotda bo‘ldi.

— Yuragimdagi gapimni bilishlaringizni xohlayman: men sizlarga eng katta boyligimni ishonib topshiryapman. Bolalarimizning ko‘zini, bilimini, g‘urur-iftixorini ko‘rib, yo‘limiz to‘g‘ri ekaniga ishonch hosil qildim. Islohotlarimizga, farzandlarimiz tarbiyasiga yelkadosh bo‘lganingiz uchun sizlarga minnatdorlik bildiraman, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘quvchilarning ota-onalari va ilm-fan namoyandalari bilan uchrashuvda O‘zbekistonda uchinchi renessans davri boshlanayotgani ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev Prezident maktabining faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdi, maktabning ilk o‘quvchi va o‘qituvchilari bilan suratga tushdi.

Prezident maktablari joriy yilda Nukus, Xiva va Namangan shaharlarida ham ochiladi. 2020-ilda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida, 2021-yilda Andijon, Navoiy, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida qurilishi rejalashtirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring