Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev — «Instagram»da eng mashhur siyosatchilar qatorida

Shavkat Mirziyoyev — «Instagram»da eng mashhur siyosatchilar qatorida

Foto: Prezidentning Matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Instagram» sahifasiga a’zo bo‘lganlar soni bo‘yicha sobiq ittifoq hududidagi siyosatchilar ichida yetakchilardan biri ekani ma’lum bo‘ldi.

BCW (Burson Cohn & Wolfe) xalqaro piar-agentligi «Dunyo yetakchilari «Instagram»da» nomli tadqiqotini e’lon qildi va unda 426 ta rasmiy davlat akkauntlarini taqqoslab ko‘rdi. O‘zbekistondan mazkur tadqiqotda Prezidentning rasmiy sahifasi o‘rin olgan.

Shavkat Mirziyoyev akkaunti sobiq ittifoq hududida 2-o‘rinda ekani oydinlashdi — uning obunachilari soni izlanish o‘tkazilgan vaqtda 831,7 mingni tashkil qilgan, hozir esa 1 milliondan oshib ketgan. O‘zbekiston rahbari akkauntiga a’zo bo‘lganlar soni Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey (103 ming), Germaniya kansleri Angela Merkel (772 ming), Singapur bosh vaziri Li Syanlun (358 ming)dan o‘zib ketgan.

Hamdo‘stlik hududida Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev 2,91 million a’zo bilan yetakchilik qiladi.  Birinchi beshlikka Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev (236,7 ming obunachi), Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko (123,6 ming obunachi) va Qozog‘iston bosh vaziri Baqitjon Sagintayev (77,9 ming obunachi) akkauntlari ham kirgan.

Dunyo miqyosida esa Hindiston hukumati rahbari Narendra Modi 15 million, Indoneziya prezidenti Joko Vidodo 12 milliondan ortiq, AQSh prezidenti Donald Tramp 10 milliondan ortiq a’zo bilan yetakchilik qilmoqda.

Shuni eslatib o‘tish kerakki, davlat rahbarining «Facebook», «Twitter», «Instagram», «Youtube» ijtimoiy tarmoqlari va «Telegram» messenjeridagi rasmiy sahifalari Komil Allamjonovning matbuot kotibligi davrida rasmiy maqom (verified)ga ega bo‘lgan edi.

Tadqiqotga ko‘ra, so‘nggi yilda rus tilidagi rasmiy sahifada 793 ta post qo‘yilgan, shulardan 747 tasi suratli, 46 tasi videolidir. Barcha postlarga jami 8,42 million marta «layk» bosilgan, 10,7 mingta izoh qoldirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring