Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan telefon muloqoti o‘tkazdi

Shavkat Mirziyoyev Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan telefon muloqoti o‘tkazdi

Foto:«Uza.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-iyun kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti  Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi. 

Suhbat avvalida Prezidentlar qutlug‘ Ramazon hayiti munosabati bilan bir-birlarini va qardosh xalqlarimizni qizg‘in muborakbod etib, ezgu tilaklarini izhor qildilar.

Davlat rahbarlari mamlakatlarimiz o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro ishonch va strategik sheriklik ruhidagi aloqalar barcha sohalarda, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik yo‘nalishlarida jadal rivojlanib borayotganini alohida e’tirof etdilar.

Joriy yilning dastlabki to‘rt oyida o‘zaro savdo aylanmasi hajmi 30 foizga o‘sgani, qo‘shma korxonalar soni oxirgi bir yarim yil davomida 2 barobarga ko‘paygani mamnuniyat bilan ta’kidlandi.

Bundan tashqari, yetakchi turk kompaniyalari bilan bir qator yirik sanoat va infratuzilma loyihalari bo‘yicha birgalikda faol ishlar olib borilmoqda. Madaniy-gumanitar almashinuv kengaymoqda, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasida qo‘shma dasturlar amalga oshirilmoqda.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari raisligida Oliy darajadagi o‘zbek-turk strategik hamkorlik kengashi ilk yig‘ilishiga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligi qayd etildi.

Shu maqsadda tomonlar yaqin istiqbolda tashqi ishlar vazirlari boshchiligidagi guruhlar uchrashuvi hamda Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib oldilar.

Do‘stona va samimiy tarzda kechgan suhbat davomida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik boshqa dolzarb masalalar ham muhokama qilindi, deyiladi xabar yakunida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring