Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Sharq taronalari» – yorqin tasvirlarda (foto)

«Sharq taronalari» – yorqin tasvirlarda (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-avgust kuni «Sharq taronalari» o‘n ikkinchi xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Davlatimiz rahbari mehmonlarni mamlakatimizda ko‘rishdan mamnunligini bildirib, yig‘ilganlarni mazkur ayyom bilan muborakbod etdi.

Ushbu anjuman turli sivilizatsiyalar, xalqlar va millatlar o‘rtasida o‘ziga xos madaniy hamkorlik hamda muloqot maydoniga aylanganini, Registon maydoniga qadam qo‘ygan har bir san’atkor, millati, tili va dinidan qat’i nazar, bashariyat farzandi sifatida dillarni dillarga, ellarni ellarga bog‘lashini ta’kidladi.

– Musiqa san’ati madaniy fenomen sifatida yangi avlodni tarbiyalash va kamolga yetkazish borasida cheksiz imkoniyatlarga egadir. San’at bilan oshno bo‘lgan yoshlarning hayotga munosabati, milliy urf-odat va umumbashariy qadriyatlarga hurmati baland bo‘ladi, – dedi Prezident.

YuNESKO Bosh direktori Odri Azule o‘z chiqishida festival o‘tayotgan Samarqand Amir Temurning buyuk davlati, Registon maydoni esa Mirzo Ulug‘bek merosidan dalolat berishini, bu meros asrlar davomida olimlar, hunarmandlar, san’atkorlarni bu yerga yetaklaganini qayd etdi. Umumbashariy tarixni asrash, universal til bo‘lgan musiqani rivojlantirish YuNESKOning mas’uliyat doirasiga kirishini, tashkilot O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirish niyatida ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, marosimda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Bangladesh, Polsha, Belarus, Yaponiya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlardan rasmiy shaxslar, faxriy mehmonlar ishtirok etdi.

Bu yilgi festivalda 75 ta davlatdan 340 nafar vakil qatnashmoqda. Davlatimiz rahbari ularni san’atning chinakam fidoyilari, tinchlik va ezgulik elchilari deb atadi.

Festival doirasida «Sharq xalqlari an’anaviy musiqa san’atini rivojlantirish istiqbollari» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ham bo‘lib o‘tdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring