Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shaharlarda tezlik 60 km/s gacha pasaytirilishi mumkin

Shaharlarda tezlik 60 km/s gacha pasaytirilishi mumkin

Foto: «Gazeta.uz»

Yo‘l harakati xavfsizligi konsepsiyasi loyihasida yil oxiriga qadar shahar va aholi punktlarida transport harakati tezligini 60 km/s gacha cheklash taklif qilinmoqda. Bu haqda «Gazeta.uz» yozdi.

O‘zbekiston shaharlari va aholi punktlarida shu yilning so‘ngiga qadar transport harakatining ruxsat berilgan eng yuqori tezligi 70 dan 60 km/s gacha pasaytirilishi mumkin. Bu mamlakatda 2018−2022-yillarda Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash konsepsiyasining jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan loyihasida ko‘zda tutilgan.

«Gazeta.uz»ning qayd etishicha, Yevropa mamlakatlarida u 50 km/s, yashash joylari, maktablar, bolalar bog‘chalari va shunga o‘xshash ob’yektlar yaqinida esa 30 km/s ni tashkil etadi.

O‘zbekiston Yo‘l harakati qoidalarining amaldagi talqinida yashash joylari va unga chegaradosh hududlarda ruxsat berilgan yuqori tezlik 30 km/s ni tashkil etadi, biroq belgilar, sekinlashtiruvchi vositalarning yo‘qligi va ushbu talablar nazorat qilinmasligi sababli bu qoida tez-tez buziladi. O‘zbekistonda maktablar va bolalar bog‘chalari yaqinida tezlikni cheklash bo‘yicha talablar mavjud emas, hududlarda mahalliy hokimiyat mazkur masalani mustaqil ravishda nazorat qiladi.

E’lon qilingan hukumat qarori loyihasida qayd etilishicha, O‘zbekiston yo‘llarida o‘lim bilan yakunlangan huquqbuzarliklar soni 100 ming kishiga 8,3 ni tashkil etib, bu «juda yuqori ko‘rsatkich» hisoblanadi.

Prokuratura organlarining vazirlik va mahkamalar bilan hamkorlikda o‘tkazgan o‘rganishlari shahar va tumanlarning amaldagi infratuzilmalari yo‘l harakati xavfsizligini ishonchli ravishda ta’minlash talablariga to‘laqonli javob bermadi, ayniqsa viloyatlarda piyodalar uchun zarur sharoitlar yaratilmagan», deyiladi hujjatda.

Loyihada boshqarilmaydigan piyodalar o‘tish yo‘laklarini modernizatsiya qilish, jumladan maktabgacha ta’lim va umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga bevosita tutash hududlarda yoritish vositalari va sun’iy yo‘l notekisliklarini o‘rnatish taklif qilinmoqda.

Harakat jadal bo‘lgan chorrahalar hamda uch va undan ortiq harakat chiziqlariga ega yo‘llarda chet o‘ng harakat yo‘lidan moneliksiz o‘ngga burilishni ko‘zda tutuvchi belgilarni o‘rnatish va yo‘l chiziqlarini yotqizish rejalashtirilmoqda.

Umumiy foydalanishdagi ob’yektlarga yaqin joylardagi avtomobil yo‘llari va shahar yo‘l-transport tarmoqlarida vaqtinchalik va uzoq muddatli turargohlar bo‘lishi lozim.

Yo‘l harakati qoidalariga qonuniy asosda avtotransport vositalariga bolalarni tutib turuvchi uskunalardan foydalanish bo‘yicha talabni kiritish rejalashtirilmoqda. Hozirda bunday talab mavjud emas.

Joriy yildan yo‘l-patrul xizmati inspektorlarini bodikameralar va elektron planshetlar bilan ta’minlashni boshlash rejalashtirilgan bo‘lib, ular yordamida shu jumladan piyodalar tomonidan sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni markazlashtirilgan elektron tizim orqali ro‘yxatdan o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga «mayda yo‘l bezoriligi» tushunchasini kiritish rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, transport vositasini boshqarish madaniyatini qasddan buzish, avtotransport vositalarini tajovuzkor haydash, egallangan harakat chizig‘ini oldindan ogohlantirish chirog‘ini yoqmasdan keskin o‘zgartirish, xavf haqidagi ogohlantirish zarurati bo‘lmasa ham ovoz signalidan foydalanish uchun eng kam oylik ish haqining 1−3 barobari miqdorida jarimaga tortilishga sabab bo‘lishi mumkin.

Tezlik rejimi buzilishlarini masofadan ro‘yxatga olishning avtomatlashtirilgan vositalarini joriy etishni hisobga olgan holda avtomobil yo‘llari va shaharlar ko‘cha-yo‘l tarmoqlarida YHQ buzilishlarini aniqlash va avtomat nazorat qilish tizimlari bilan qo‘shimcha ta’minlash dasturi qabul qilinadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring