Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Senat raisi Tanzila Norboyevaga maktub — 2

Senat raisi Tanzila Norboyevaga maktub — 2

Foto: Senat matbuot xizmati

Ha, o‘tgan yili shu paytlari 20 yildan beri uysiz yashayotgan xorazmlik ayolning murojaatiga na xotin-qizlar qo‘mitasi na mahalla quloq solmagach, sizga maktub yozib, siz tufayli o‘sha ayol uyli bo‘lgandi.

U ayol, mana bir yilga yaqinlashib qoldiki, hali hamon sizni duo qiladi. Hazilakam gapmi, 20 yil deganda uyli-joyli bo‘lish va azaliy orzuning ushalishi... Ikki nafar farzandining xursandliginiku cheki chegarasi yo‘q.

Men sizga yana maktub yozishga majbur bo‘ldim. Zero, boshqa yo‘l ko‘rmayapman. Toshkent viloyati, Yangiyo‘l shahar, Ramadon mahallasi, Lazzat ko‘chasi 6-uyda istiqomat qiladigan Saodat Azizova haqida bundan roppa rosa bir yil oldin «O‘zimni ayol emas, zararkunandaday his qildim» sarlavhali maqola yozgandim.

Saodatning hayotida qanday o‘zgarish bo‘ldi? Hech qanday!  O‘sha-o‘sha tekstilga ishga borsa, yoshing katta (40) deb ishga olishmagan. Bir nafar o‘g‘li bor. 14 yil deganda hokimiyat tomonidan eskigina ta’mirtalab uy berilgan imtiyozli ravishda, lekin bu uyni Saodat «meniki» deyolmaydi. Sababi hali ham hujjatlashtirish ishlari ortga surib kelinmoqda. Uy hokimiyat balansida.

Saodat hozir yana bir o‘ziga o‘xshagan yolg‘iz ayolning bolasiga qaraydi va kunlik 25 ming so‘m oladi. Ya’ni, o‘ziga o‘xshagan yolg‘iz ayol Saodatni qiyin ahvoldan saqlab turibdi. U ayol ham qayerdadir ishlaydi. Saodat «Yaxshiyam shu go‘dak bor, bizni boqib turibdi», deydi. Ko‘ryapsizmi? Ikki yolg‘iz ayol bir-birini qo‘llayapti. Endi mana shu kunlik tushumga Saodat o‘z farzandi bilan yashashi kerak. Yaqinda uning o‘g‘li kasalxonada yotib chiqdi, qora talog‘i shishgan, ko‘zlari sarg‘aygan, nimaga qora taloq shishganligini va ko‘zlarning sariqligini bilishning imkoni bo‘lmayapti, sababi to‘xtovsiz analizlar olish va aniq tashxis qo‘yish uchun yana o‘sha pul kerak. Ayni paytda Xudobergan oilaviy sharoit tufayli maktabga ham borolmayapti. Ammo uning o‘g‘li juda iste’dodli va juda yaxshi bola. Qo‘lidagi oxirgi nonini bozor oldidagi oyog‘i yo‘q inson bilan bo‘lishib yeydigan va yaxshi rasmlar chizadigan bola. Uning hayotdan umidlari katta.

Endi o‘zingiz o‘ylang, muammolarga qorishib yotgan onasini, yetishmovchilikni, o‘g‘li uchun namunali ayol bo‘lishga harakat qilayotgan onaning nochor ahvolini ko‘rgan bu o‘smirning hayotdan ko‘ngli qolmaydimi, qalbida Vataniga, yurtiga, odamlarga ishonchsizlik uyg‘onmaydimi?

Saodat yana bir gapni aytdi: «Ayolga jinoyatga qo‘l urmasidan oldin, ya’ni o‘g‘irlik qilmasdan, fohishaga aylanmasdan oldin yordam qo‘lini cho‘zish kerak emasmi?» U yaqinda mahallaga yordam puli so‘rab chiqibdi. Unga esa mahalla faollari shunday javob berishibdi: «Sen yordam puli olishing uchun ishlashing va oyliging yetmayotganini ko‘rsatadigan hujjating bo‘lishi kerak». Kam ta’minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam uchun ishlab chiqilgan naqadar xom-xatala nizom bu. Saodat agar ishlayotgan bo‘lganida yordam puli so‘rarmidi? Umuman, kam ta’minlangan oila qanday bo‘ladi? Saodat 800 ming so‘m bilan oilasini, bolasini boqayapti, u kam ta’minlangan oilaga kirmaydimi? Yoki u davlat ishida ishlamayapti, demak yaxshi pul topayapti degan ishonch bormi? Ishlashi uchun qator qator zavodlarda vakant o‘rinlarning o‘zi bormi? Mahalladan birorta odam kelib uning yashash sharoitini, bir kunlik ishini kuzatib, unga yordam puli yozishning imkoni yo‘qmi? Aslida beriladigan yordam puli bir oylik ro‘zg‘orini tebratishga yetsa ham katta gap. Keyinchi?

Saodat qora qozoni uchun emas, farzandining sog‘lig‘i uchun 14 yil deganda mahallaga ilk marta pul so‘rab chiqqan edi. (Ha aytgancha, bir paytlar ko‘cha supuruvchi bo‘lib ishlaganida uch oylik oyligini necha bor hokimiyatga arz qilib olgandi.) Bu faqat Saodatning dardi emas. Bu halol yashamoqchi bo‘lgan, xorijda ishlash uchun farzandini tashlab ketgisi kelmayotgan, fohishalik qilishni xohlamayotgan va halolligi bilan farzandiga o‘rnak bo‘lishni istayotgan barcha yolg‘iz ayollarning yurtimizdagi qismati shunday. Agar oliy ma’lumot olgan bo‘lsa, ozgina maosh bilan kun ko‘rayotganlari haqida gapirmadim. Men arzimagan maoshga — bir mln. so‘mga ham yetmayotgan oylikka ishlayotgan yolg‘iz onalarning chorasizligi haqida aytayapman.

Aytingchi, kam ta’minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordamning nizomini qayta ko‘rib chiqish tashabbusi bilan chiqmaydigan mahalla tizimi bizga kerakmi? Ayollarning, yolg‘iz onalarga to‘lanadigan kompensatsiyalarning yo‘qligini yoki kamligini katta masala qilib senat va deputatlar oldiga ko‘ndalang qo‘ya olmaydigan xotin-qizlar bilan ishlaydigan tashkilotlar bizga kerakmi?

Bir ayolning hayoti uchun sizni bezovta qilib jurnalistni maktub yozishga majbur qiladigan mahalla, xotin-qizlar kabi tashkilotlarni yopib ularga ajratiladigan, xodimlariga to‘lanadigan millardlab pullar evaziga mana shunday ayollar qo‘llab-quvvatlab borilsa, shu pullarga ayollar uchun normal oyliklar to‘lanadigan zavod, fabrikalar ochilsa, kambag‘allikka barham berilarmidi?

Saodat «oxirgi umidim sizdan» deb menga yozib yuboribdi. Mening esa oxirgi umidim sizdan Tanzila opa!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring