Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqandda jamoatchilikni larzaga solgan dahshatli qotillik yuzasidan sud jarayoni boshlandi

Samarqandda jamoatchilikni larzaga solgan dahshatli qotillik yuzasidan sud jarayoni boshlandi

Shu yilning 14-mayidan 15-mayga o‘tar kechasi Samarqand viloyati Ishtixon tumani Chimqo‘rg‘on qishlog‘ida bir oilaning besh nafar a’zosi o‘ldirib ketilgani haqidagi xabar jamoatchilikni larzaga solgan edi. Ko‘p o‘tmay qotillikda gumon qilinayotgan shaxslar qo‘lga olingani haqida ma’lum qilingandi.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari yakunlanib, ish jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudida mazmunan ko‘rib chiqilishi boshlandi.

Bu haqda «Xabar.uz»ga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati rahbari vazifasini bajaruvchi Aziz Obidov ma’lum qildi.

Mazkur jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi Ikrom Muslimov raisligida hamda sudyalar O.Arabov va E.Ergashevdan iborat sud tarkibida ko‘rilmoqda.

Sudlanuvchilar:

  1. G‘olib Tashanov (1981-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, millati — o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti — o‘rta, oilali, uch nafar voyaga yetmagan farzandi bor, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz);
  2. Jahongir Usmonov (1993-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, millati — o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti — o‘rta-maxsus, oilali, ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bor, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz);
  3. Shamshiddin Esonboyev (1995-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, millati — o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti — o‘rta, uylanmagan, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz);
  4. Xabibullo Nurmanov (1996-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, millati — o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti — o‘rta-maxsus, uylanmagan, muqaddam sudlangan, vaqtincha ishsiz).

Tergov yakuniga ko‘ra, sudlanuvchilar 2019-yil 14-maydan 15-may kuniga o‘tar kechasi Samarqand viloyati Ishtixon tumani «Chimqo‘rg‘on» MFY «Chimqo‘rg‘on» qishlog‘ida yashab kelgan A. Xalbayevning uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirishib, xonadon sohibi va uning turmush o‘rtog‘i Z. Xalbayevaga hujum qilib, ulardan tashqari farzandlari J. Islomov, voyaga yetmagan A. Islomov va O. Islomovlarni qasddan o‘ldirishgan hamda 22 mln. so‘m, 100 AQSh dollari va 600 ming so‘mlik «Samsung» rusumli uyali aloqa telefonini bosqinchilik yo‘li bilan talon-toroj qilishgan.

Shundan so‘ng, sudlanuvchilar sodir etgan jinoyatlarini yashirish maqsadida A. Xalbayev va uning oila a’zolarining murdalarini ko‘rpalarga o‘ragan holda uy hovlisida turgan «Damas» rusumli avtomashinaga joylab, Qo‘shrabot tumanidagi «Oltin maydon» fermer xo‘jaligi hududidagi adirga tashlab ketishgan.

Bundan tashqari, G‘. Tashanov 2018-yilning bahorida o‘zi istiqomat qilib kelgan uyning tomorqasida o‘sib chiqqan taqiqlangan «ko‘knor» o‘simligini qonunga xilof ravishda yetishtirib, 2018 yil noyabr oyida quruq holdagi umumiy sof vazni 49,94 gramm bo‘lgan «ko‘knor» giyohvandlik vositasini J. Usmonovga qonunga xilof ravishda o‘tkazgan bo‘lsa, J. Usmonov ushbu giyohvandlik vositasini o‘z uyida o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda saqlab kelgan.

Shu bois sudlanuvchilar qotillik, bosqinchilik, transport vositasini olib qochish kabi jinoyatlaridan tashqari giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda saqlashda ham ayblanmoqda.

Sud jarayoni davom etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring