Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Raqobatda Xitoyni yengganlar. Rivoyatga aylangan tekstil korxonasi haqida

Raqobatda Xitoyni yengganlar. Rivoyatga aylangan tekstil korxonasi haqida

Foto: Sherzod Ikramutdinov

«Rossiyaga borib, o‘zimga ko‘ylak olay dedim. Do‘konda bitta ko‘ylak juda ma’qul keldi, kiyib ko‘rsam, xuddi o‘zimga o‘lchab tikilgandek. Qayerda tikilgan ekan, deb, yorlig‘iga qarasam, o‘zimizning «Samo» ekan...»

Bu gaplarni Andijonda yurganimizda eshitdik. O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan tashkil etilgan press-tur doirasida matbuot vakillari Xo‘jaobod tumanidagi «Nil Granit» MChJda bo‘lishdi. Bu korxona haqida eshitmaganlar nafaqat Andijon, butun vodiyda juda kam. Eshitilganlar esa bora-bora rivoyatga aylangan.

Aytishlaricha korxonaning tarixi uzoq 1992 yilga borib taqaladi. O‘shanda «Samo» brendi asoschilari ilk bor tekstil sohasida ish boshlaydi va yoz faslining oxirlarida o‘z mahsulotini bozorga chiqaradi. Ammo baxtga qarshi bozor Xitoyda ishlab chiqarilgan kiyim-kechak bilan to‘lib ketgan edi. To‘qsoninchi yillarni eslaydiganlar tasdiqlaydi, bozordagi 90 foiz mahsulot Xitoydan kelardi.

Ular bilan narx borasida raqobatlashish juda qiyin edi. Xo‘jaobodlik tadbirkorlar toza paxtadan tayyorlangan mollarini amallab sotadi va minba’d bu ishga qaytib qo‘l urmaslik niyati bilan uyga qaytadi. Boshqa ishning boshini tutgan ma’qul.

Ammo oradan bir oy o‘tar-o‘tmas, «samo»chilarni» qidirib bozordan savdogarlar keladi. Xitoyda tikilgan kiyim-kechak balki biroz arzonroqdir, ammo sifat tomonlama uzoqqa bora olmaganini yaxshi bilamiz. «Samo» ishlab chiqargan mahsulotni esa yillab kiysa bo‘lardi. Uning moliga talab birdan oshib ketadi.

Shundan buyon oradan ko‘p yillar o‘tdi. Bugun «Samo» brendini ishlab chiqaradigan «Nil Granit» MChJda ikki mingdan ziyod odam ishlaydi. U chiqargan mahsulot esa Polsha, Ukraina, Moldova, Rossiya, Ruminiya va hatto Italiyaga yetib borgan. Amerikaning Texasi shtatida «Samo» do‘koni ish boshlash arafasida. Korxonada 5 mingdan ziyod turdagi kiyim-kechak mahsulotlari ishlab chiqariladi. Endi xaridor qidirib, uzoqqa borish shart emas. O‘zlari uzoq-uzoqlardan qidirib kelmoqda. Korxona esa faqat buyurtma asosida ishlayapti.

«Milliy bank» bilan hamkorlikda faoliyat olib borayotgan «Nil Granit» MChJga jurnalistlarning tashrifi hali davom etyapti. Yangi tafsilotlar yana bo‘ladi...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring