Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qotil qizning qonli qasosi. Qashqadaryoda 9-sinfda o‘qiydigan qiz o‘ziga uylanmagan sevgilisini urib o‘ldirdi

Qotil qizning qonli qasosi. Qashqadaryoda 9-sinfda o‘qiydigan qiz o‘ziga uylanmagan sevgilisini urib o‘ldirdi

Qadimdan ajdodlarimiz bola tarbiyasiga juda katta e’tibor berganlar, ayniqsa, qiz bola tarbiyasi va kamoloti haqida ko‘proq qayg‘urganlar. Zero, nozik xilqatning nozik tarbiyasida xatoga yo‘l qo‘yilsa, oqibati xunuk bo‘lishi mumkin. Mana shu oqibat haqida Dehqonobod tumani prokurori Laziz Hamroyev ma’lum qilib o‘tdi.

– Qayerda yurgan bo‘lsa Anvaring? – Omonulla aka (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) kechqurun dasturxon boshida xotiniga zarda qildi. – Surishtirmagan joyimiz qolmadi.

– O‘zi kelib qolar, – dedi xotini Shodmonoy opa. So‘ng keliniga buyurdi:

– Kelin, garajdan bitta stul olib keling…

– Anvarjonning mashinasi shu yerda-ku?.. – garaj tomondan Zubayda kelinning baland ovozi eshitildi. Omonulla aka garaj tomon yugurdi. Qolganlar ham unga ergashdi. Garaj hovli tomonidan oynali eshik va deraza bilan to‘silgan edi. Oynadan ichkaridagi «Nexia» ko‘rindi. Omonulla aka eshikni tortdi. Biroq u ichkaridan qulflangan edi. Hovliqqancha garaj darvozasiga aylanib bordi. Darvoza ham ichkaridan tambalangan ekan. Omonulla aka avval rosa taqillatdi, javob bo‘lmagach, darvoza ostidan barmoqlarini tiqib ilgakni ko‘tardi. Ichkariga kirishganida… mashinaning to‘rt eshigi ham lang ochiq, Anvarning gavdasi boshi pastga osilgancha orqa o‘rindiqda turar, yerda qon halqob bo‘lib qotgandi. Uning yonida esa qandaydir qiz ustiboshi qonga belanib, hushsiz yotardi. Omonulla aka dahshatdan qotib qolgan bo‘lsa-da, qizning ko‘zlari bir zum ochilib yumilganini sezdi.

Shodmonoy opa sarosima ichida qichqirib yubordi. So‘ng qizni ko‘rib «Voy o‘lmasam, Muborak-ku…», deb chinqirdi.

Bir zumda garajda xonadon sohiblarining yaqinlari va shovqin-surondan xavotirga tushgan qo‘shnilar to‘planishdi. Shodmonoy opaning faryodi barchani zir titratdi…

* * *

Anvar Muborak bilan tanishganida u maktabning 8-sinfida o‘qir edi. Romantikaga o‘ch bo‘ladigan yoshdagi qizning ko‘nglini olish undan ancha katta, kelishgan yigitga uncha qiyinchilik tug‘dirmadi. Yigit sevishini aytganida Muborakning ko‘zlari ham quvonchdan chaqnab ketdi va inon-ixtiyorini unga topshirganini bilmay qoldi…

Munosabatlar chuqurlashdi. Hali maktab partasida o‘tirgan Muborakka o‘z xotiniday muomala qiladigan Anvar uni tergagani-tergagan edi. Muborak ham uni hammadan qizg‘anardi.

Qiz to‘qqizinchi sinfni bitirganidan so‘ng Anvar unga uylanmoqchi ekanini onasiga aytdi. Shifoxonada davolanayotgan Muborakni ko‘rib qaytgan Shodmonoy opaga bu taklif yoqmadi. «Hali yosh bola-ku…» deb qo‘ya qoldi.

Anvar avval ikkilandi. So‘ng uyidagilarning yangi taklifiga –Toshkentdagi qarindoshlarining qizi Faridaga uylanishga rozi bo‘ldi. Bundan xabar topgan Muborak rosa to‘polon ko‘tardi. Anvar munosabatlaridan xabardor bo‘lgan qizning onasiga qo‘ng‘iroq qilib, «Qizingizdan ehtiyot bo‘lib turing, o‘zini bir narsa qilib qo‘ymasin», deb tayinladi. Muborak esa jazava ichida yigitga «hamma narsani buzvoraman, ishoning, menga ham, boshqaga ham uylanmaysiz, gapimga javob beraman», «…men sizga yana aytaman, hech narsa bo‘lmaydi, ishoning, bo‘lgan kuni siz yo‘q bo‘lasiz, qo‘limdan keladi, javob!» degan sms-xabarlar yuborib, o‘z shartlariga ko‘nmagan taqdirda uni o‘ldirishini ochiqdan-ochiq bayon qildi.

Anvar bir og‘aynisidan maslahat so‘rab Muborakni uchrashuvga chaqirtirdi. Muborak telefon raqamini almashtirgan Anvarning yangi raqamini olish bahonasida u bilan uchrashdi. Ammo u Anvarning raqamini bermadi. Anvar esa shu bahonada Muborakni bosh­qalar bilan uchrashib yurganlikda ayb­lab, janjallashdi.

Avgust oyi edi o‘shanda. Soat o‘nlarda Anvarning mashinasida u yashaydigan uyga kelishdi. Garajdagi mashina ichida dastlab odatga aylangan «visol onlari», so‘ng dahanaki jang davom etdi.

– Men Faridaga uylanaman, sen ham birortasiga tegarsan, – dedi Anvar.

– Shu ahvolda-ya? – Muborakning tepa sochi tikka bo‘ldi.

– Nima qipti? – iljaydi Anvar. – Do‘xtirga borasan, pulini bersang, bir zumda operatsiya qilib, bokira qilib qo‘yadi…

– Bormayman hech qanday do‘xtirga, – dedi Muborak jahl bilan.

Janjal yana davom etdi. Anvar qizga tarsaki tushirdi. Qiz esa uni tepib, tirnab tashladi. So‘ng orqa o‘rindiqda o‘ziga teskari qarab, cho‘kkalab o‘tirgan yigitni yelkasidan kuchining boricha itarib yubordi. Anvar mashina eshigiga yuzi bilan urilib, hushini yo‘qotdi. Jazavaga tushgan Muborak uning sochidan tortib, boshini mashina eshigi ostidagi kuzovga tinimsiz ura boshladi. Yuzi momataloq bo‘lib ketgan Anvarning burnidan tirqirab qon oqsa ham qiz to‘xtay demasdi.

Oxiri Anvar tinchib qoldi. Muborak uning tinimsiz jiringlayotgan telefoniga javob berishni xayoliga ham keltirmadi. Aksincha, yigitning o‘limini kutib o‘tirdi.

Anvarning tanasini ushlab ko‘rib, o‘lganiga ishonch hosil qilgach, o‘zicha qotillik ssenariysini sahnalashtira boshladi. O‘zini Anvarning harakatlaridan jabrlangan qiz sifatida hamda uni kimdir qasddan o‘ldirib ketgandek ko‘rsatish uchun yigitning burnidan oqqan qonni egnidagi ko‘ylagining oldiga surtdi. Jasadning boshi osilib turgan mashina eshigi ostiga go‘yo hushidan ketgan kabi yotib oldi…

* * *

Jinoyat ishlari bo‘yicha Dehqonobod tumani sudining G‘uzor tumanida bo‘lib o‘tgan sud majlisida mazkur qotillik tafsilotlariga oydinlik kiritildi. Majlisda hozir bo‘lganlar hali o‘n oltiga ham kirmagan mushtdekkina qizning qotil ekaniga ishongilari kelmagan bo‘lsa ajab emas…

Ma’lum bo‘lishicha, 2003 yilda tug‘ilgan Muborak Anorboyeva maktabning 9-sinfini tamomlagan. G‘uzor tumanida yashagan.

Sud majlisida Muborak aybiga iqror bo‘lmasdan, Anvar uni zo‘rlaganini, behayo suratlarini ijtimoiy tarmoqda tarqatib yuborish bilan tahdid qilganini, shu sababli urishib ketishganini, yigit uning boshini mashina eshigiga urganidan keyin hushini yo‘qotganini, qotil kim ekanini bilmasligini ma’lum qildi.

Biroq sudda tinglangan guvohlar, ekspertiza xulosalari hamda to‘plangan boshqa bir qator dalillar orqali o‘zini ma’suma qilib ko‘rsatayotgan qiz Anvarning qotili ekani o‘z isbotini topdi.

Sud hukmiga ko‘ra Muborak Anorboyevaga 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Bu jinoyatning tub ildizi nimada deb o‘ylaysiz? Bizningcha, eng avvalo loqaydlikda. Oiladagi tarbiyaning izdan chiqishi mana shunday dahshatli oqibatga olib keldi. Anvar ayni nav­qiron yoshida juvonmarg bo‘lmasligi ham mumkin edi… O‘n besh yoshida qotil degan nom olgan Muborak ham kelinlik libosini kiyib, baxtli bo‘lishi mumkin edi… Ularning ota-onalari ham boshlari egilmasdan, orzu-havaslari ro‘yobini ko‘rishlari mumkin edi…

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring