Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qo‘rqinch, nafrat, g‘alayon... Spin doktorlar kimni yoki nimani davolaydi? (video)

Bugun biz tezkor axborotlar olamida yashayapmiz. Odamlar har kuni biror yangilik bilish uchun turli saytlar, televideniye, radio yoki matbuotga murojaat qilishadi. Insonlarning berilayotgan ma’lumotlardan qanchalik ta’sirlanishi esa jurnalist mahoratiga va voqea-hodisaning yetkazilish uslubiga bog‘liq. Buni qarangki, taraqqiyot hatto shu yo‘nalishda ham davolovchi doktorlarga zarurat tug‘ilayotganini ko‘rsatmoqda. «Xabar.uz» axborot-tahliliy portali bugun biz hali uchun mutlaqo yangi tushuncha bo‘lib turgan mavzuda psixolog-psixoterapevt Zebiniso Ahmedova bilan video muloqot uyushtirdi.

Zamon talabidan kelib chiqib har kuni yangi kasb va mutaxassisliklar paydo bo‘lyapti. Ulardan biri SPIN DOKTORlikdir. Bu yo‘nalish politexnologiya va PR texnologiyalar asosida yaratildi va u G‘arb mamlakatlaridagi oliy o‘quv dargohlarida juda kam o‘quvchilargagina o‘rgatiladi.

Barchamiz bilamizki, doktor atamasi davolash degan ma’noni beradi. Xo‘sh, unda Spin doktor kimlarni yoki nimani davolaydi?

Spin doktor voqeani va uning yoritilishida yuzaga kelgan xavfli vaziyatni davolashga doir bilimga ega mutaxassisdir. Xorijda spin doktorlarning aksariyati psixologlar, jurnalistlar, harbiylar orasidan saralab olinadi. Ammo bugun biz bu bilimlar asosini jurnalistlar, teleboshlovchilar, axborot yetkazuvchilar, bloggerlar, davlat va xususiy sayt rahbarlari bilishi kerak bo‘lgan zamonda yashayapmiz.

Ko‘p hollarda spin doktorlar (spin doctor) media axborotdagi xatolar sabab kelib chiqqan xavfni to‘g‘rilash ustida ishlaydilar. «Spin» so‘zi «aylanish, buralish» degan ma’noni anglatadi. Axborotning xavfli talofati odamlarda g‘ulg‘ula, xavotir, qo‘rqinch, tushunib bo‘lmas vaziyatni uyg‘otganda spin doktor aholiga ma’lumotni yaxshilikka burib, aylantirib boshqa fokusda taqdim etadi. Axborot menejmenti deb ataladigan bu soha bilimlaridan ta’sir doirasi katta va keng bo‘lgan media magnatlar yaxshi foydalana biladilar.

Media audit qilib ma’lumotlar oqimi auditoriyani qanchalik boshqara olganligini tahlil qilish ham spin doktorlarning ishi.

«Ozodalik tozalanayotgan joyda emas, iflos qilmaydiganlar yashaydigan yerda bo‘ladi!» deyishadi spin doktorlar. Bu shior «SINIQ OYNALAR EFFEKTI» nomli psixologik eksperiment bilan bog‘liq. U amerikalik olimlar Jeyms Uilson va Jorj Kelling tomonidan 1982 yilda kashf qilingan. Ular muqaddas kitobdagi «Yomon jamiyat ezgu g‘oyalarni buzadi» degan fikrga asoslanib eksperiment boshlaganlar. Bunda qayerda axlat uyumi bo‘lsa, o‘sha yerga odamlarning 95 foizi axlat tashlashi aniqlangan. Qayerda ozodalik bo‘lsa, o‘sha yerdagilarning 95 foizi ozodalikka rioya etishi ham o‘rganilgan.

Bu eksperiment faqat ozodalikka bog‘liq emas, deydi spin doktorlar, ular qayerda qo‘rqinch, nafrat, g‘alayon, norozilik kayfiyatini qo‘zg‘ovchi media ma’lumotlar yoyilsa, o‘sha to‘lqin 95 foiz hollarda boshqalarga ham tarqaladi degan qonuniyat borligini aytishadi. Sizning media axborot tizimingiz qaysi yo‘nalishda ishlayotganini media audit qilish uchun spin doktorlar bir yil davomida berib borgan ma’lumotlaringiz ichidan tanlanmasdan 1 – 10 foizining xulosasi qanday hissiyot uyg‘otishini aniqlashadi. Agar bu ommaning qo‘zg‘alishiga, g‘azabnok holatga kelishiga olib keluvchi axborot bo‘lsa, demak, xavf darajasi yuqori deyiladi.

Psixologlar omma psixologiyasini hisobga olib, bitta noxush xabardan so‘ng ikkita yashashga kuch bag‘ishlovchi axborot berishni qat’iy qonun sifatida taklif etishadi. Qanday ma’lumot berilishiga qarab nafrat, g‘azab, jahl tuyg‘usi paydo qilsa, xuddi shunday holatda yurgan odamlar auditoriya sifatida bu mediadan foydalanar ekan. Agar tinchlantiruvchi, rivojlanishga hissa qo‘shuvchi, jahldan tushishni taklif qiluvchi ma’lumotlar taqdim etilsa va noxush ma’lumotlar tanqidiy fikr va takliflar bilan birga kelsa, bunday media o‘ziga kuchli, rivojlanuvchi auditoriyani yig‘ishga muvaffaq bo‘larkan.

Uotte media komandani quyidagi beshta «spin» bilan belgilaydi:

  1. Do-spin (spingacha) — voqeadan oldin tayyorlanish,
  2. Posle-spin (spindan keyingi) — voqeaga kerakli tus berish,
  3. Tornado-spin — fokusni burish, aylantirish, yaxshilik bilan tugallash uchun boshqaruvni qo‘lga olish,
  4. Krizis nazorati — nazoratdan chiqqan media ma’lumotning tizimli, rejali olib borilishi,
  5. Xavfni kamaytirish — yangiliklar menedjmenti uni rejali, tizimli, davomli albatta rivojlanishga undaydigan xabarlarga aylantiradi.

D.Uotte bir xaq gapni aytgan: «Hayotni o‘zgartirishga qurbi yetadigan liderlar kam narsaga qiziqishadi, mass-media esa ko‘pchilikning qiziqishini boshqara olishi lozim. Spin doktorlar katta voqealarni har bir insonning qiziqishlariga moslay oladi.

Media tizim qanday bazali his tarqatayotgani o‘sha sohaning boshqaruv tizimi va istiqboli uchun jonkuyar kimsalargagina qiziq deb o‘ylayman».

... Psixolog-psixoterapevt Zebiniso Ahmedovaning ushbu mavzudagi qiziqarli fikrlari bilan yuqoridagi videoda to‘liq tanishishingiz mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring