Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qonundagi bo‘shliqmi bu yoki «Ostrogorskiy-mostrogorskiy»lardan qolgan meros?

Qonundagi bo‘shliqmi bu yoki «Ostrogorskiy-mostrogorskiy»lardan qolgan meros?

Illyustrativ foto

Kuni kecha «Xabar.uz» saytida «Dam yeb» yotgan ijro hujjati: hokimlikka nisbatan qonunning quvvati yo‘qmi?» sarlavhali maqola e’lon qilingandi. Unda Jizzax shahar hokimligi tomonidan mahalliy tadbirkor Farrux Mansurov foydasiga 26 million so‘m miqdorida yetkazilgan zararni undirish haqidagi sud qarori yillar davomida ijro etilmay kelinayotgani ta’kidlanib, bu jarayonda Majburiy  ijro byurosi xodimlarining harakatsizligiga ishora qilib o‘tilgandi.

Maqolaga nisbatan sanoqli soatlardayoq Majburiy ijro byurosining Jizzax viloyati boshqarmasi mas’uli munosabat bildirdi. Bunday tezkor munosabat diqqatga molik, albatta. U e’tirof shaklida bo‘ladimi yoki e’tiroz – unisi o‘z yo‘liga, muhimi – e’tibor! Demakki, ommaviy axborot vositalarida, jumladan, saytimizda berilayotgan katta-kichik maqolalar katta doiralarda ham o‘qilyapti...

MIB qanday munosabat bildirdi? Beozor ohangda bitilgan matnda ta’kidlanishicha, saytning Majburiy ijro byurosi xodimlari manziliga aytgan gaplari asossiz, negaki, Budjet kodeksining (BK) 128-moddasiga muvofiq: «Undiruvni Davlat budjeti mablag‘lariga qaratishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlarini ijro etish moliya organlari tomonidan tegishli budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi». Ya’ni, aytilmoqdaki, maqolada bayon etilgan holat –  fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax tumanlararo sudi qarorining ijro etilmay «dam yeb» yotishiga MIBning aloqasi yo‘q. Hammasi shahar moliya bo‘limiga bog‘liq. Chunki, o‘sha sud qarorida tadbirkorga yetkazilgan zarar budjet mablag‘lari hisobidan qoplanishi belgilangan. Mana, BKni o‘qidingiz, budjet mablag‘lariga qaratilgan ijro hujjatlari MIB emas, moliya organlari tomonidan amalga oshiriladi.

MIB bilan bahslashishdan yiroqmiz, albatta. E’tirozda asos yo‘q emas. Shunga qaramay, ayni holat savol ustiga savol tug‘diraveradi deng. Bosh prokuratura huzuridagi ushbu organning asosiy vazifasi nimalardan iborat? Birinchi navbatda, sud qarorlari va boshqa organlar hujjatlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlash! Baski, budjet mablag‘iga qaratilgan  hujjat ijrosiga kelganda MIBning «qo‘lsiz-oyoqsiz» qoldirilishi qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi?

Oddiy misol: biror tadbirkor soliq yoki boshqa majburiy to‘lovlardan qarzi bo‘lsa, MIBchilar otini qamchilab keladi. Qarzdorlik vaqtida qoplanmasa, jarima soladi. Sud qarori ijrosiga to‘sqinlik qilgudek bo‘lsa-ku, ko‘rdi kunini: ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi mumkin. Xullas, qo‘lga ilgulik mulkini tortib olib bo‘lsayam, qarzdorlikni bartaraf etadi. Tadbirkorni qo‘ying, oddiy fuqaroni olaylik: gaz yoki svetdan ozgina qarzdorligi bo‘lsa, kunning issiq-sovuqligiga qaramay, shartta quvur kesiladi yoki elektr simi uziladi. MIBda shunga yarasha huquq bor, vakolat bor. Biroq davlat fuqarodan qarz bo‘lsa-chi?

Mana, ko‘rdik: sud qarori mavjudligiga qaramay ijro tuya go‘shti yeb yotaveradi. Chunki, moliya organiga kelganda MIBning «tishi o‘tmaydigan» qilib qo‘yilgan?! Shu bois moliya organi uchun sud qarorini bajarish – o‘ninchi darajali masala. Buning uchun jarimaga yoki boshqa huquqiy chora qo‘llashga vakolatli MIB bu tizim yaqiniga yo‘lolmaydigan qilib qo‘yilgan (har holda MIBning e’tirozidan shunday xulosa kelib chiqyapti)?! Xo‘sh, bunday holatda murodi hosil bo‘lishi uchun fuqaro nima qiladi? Moliya organi rahbariga «kanal» axtaradi desak, tuhmatchi bo‘lamizmi?

Yaqin-yaqingacha moliya organlari — o‘ziga xon, o‘ziga bek edi, go‘yo. Ayniqsa, «ostrogorskiy-mostrogorskiy» guruhi ot ustida turgan paytda nimalar qilmaganini eslatish shart bo‘lmasa kerak. Yuqoridagi bayonlar tizim hatto sud qaroridan muhofazalanganini anglatmayaptimi? Bunday mantiqsiz holat «ostrogorskiy»lardan qolgan ayanchli merosmi yoki ijro qonunchiligidagi bo‘shliqmi?

Bunday «meros»-u bo‘shliqdan aziyat chekayotgan Mansurovlar qancha?!

Bu savolga prokuraturadan boshqa organ javob berolmasa kerak…

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring