Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Qo‘lim qonga botdi, odam o‘ldirdim...»

«Qo‘lim qonga botdi, odam o‘ldirdim...»

Illyustrativ foto

...Sudlanuvchi marhumani sha’riy nikohdagi xotinim, deydi. Bilasiz, «sha’riy nikoh»ning hech qanday huquqiy  quvvati yo‘q. Shu sabab buni qonunchilar «noqonuniy nikoh» deyishadi. Biroq «noqonuniy nikoh» uchun qonunchilikda javobgarlik yo‘q. Boisiki, masala  o‘ta xususiy — insonning shaxsiy hayotiga doxil, ya’nikim, kimda kimning ko‘ngli bo‘lsa, qo‘yavering, o‘ynasin...

Shu sabab shaxsiy hayotga birovning aralashishini qonun ko‘pam ko‘taravermaydi. To‘g‘ri, Jinoyat kodeksida qo‘shxotinlik uchun javobgarlik bor. Shaxsni qo‘shxotinlikda ayblab, javobgarlikka tortish uchun u bir uyda, bitta hovlida ikki va undan ko‘proq ayol bilan er-xotin bo‘lib yashayotgan bo‘lishi kerak. Shundagini jinoiy holat yuzaga keladi. Hozirgi kunda ayrim vallomatlar bir ayolini shaharning bu chekasiga, boshqasi  narigi chekkasiga joylab yashaydiki, bu turmushlar «bitta tom ostida» kechmayotgani uchun ham amaliyotda «qo‘shxotinlik» aybi bilan javobgarlikka tortilayotganlar yo‘q darajada. Shunaqa, IIV mutasaddisi noligandek, «lazeykalar» faqat poytaxt propiskasida o‘tish bilan bog‘liq huquqiy hujjatlardagina uchramaydi,  qidirsangiz qonunchilikning boshqa yo‘nalishlaridan ham istalgancha «tuynuk» topilishi mumkin.

Bir mavzuda gap ochib, boshqasiga o‘tib ketildi, uzr.

Gap sudlanuvchining marhumani «sha’riy xotinim» deyayotgani edi. Sudlanuvchi kim? Tohir Adilov (ismi-sharifi o‘zgartirildi). U qanday jinoyati uchun sudning qora kursisida yer chizib o‘tirganini  ilg‘ayotgandirsiz: «marhuma» so‘zi ishlatildimi, demak, qilmishi og‘ir: qotillik!

Tohir Adilov marhuma Soliya Olimova bilan pinhona bir yostiqqa bosh qo‘ygani rost. Munosabatlarni halollab qo‘yish uchun nikoh o‘qitgan bo‘lsa, o‘qitgandir. Biroq bunaqa  «halollik» faqat to‘shak uchun emas-da.

Xullas, «ikki yosh»ning baxtiyor kunlari ko‘pga cho‘zilmaydi. Munosabatlarga darz ketib, oxiri yo‘llar ayro tushishgacha yetadi.

O‘tgan yilning 15-dekabr kuni, qoq yarim tunda Soliyani Navoiy shahridagi «Anhor» qahvaxonasi oldiga chaqirgan Tohir avvaliga bir piyola choy ichishni taklif qiladi. Biroq vaqt allamahal bo‘lib, kafelar yopilayotgani bois yo‘lni Karmanaga qarab soladi. Ovloqqina joy topib, o‘zlari bilan olib kelgan spirtli ichimlikni «maydalash» asnosida erkak «yarash-yarash»ga harakatiga tushadi.

Oxirgi janjaldan so‘ng ayolning batamom ko‘ngli sovuganmi, murosaga bormaydi. Aksincha, rishtalarni tamoman uzishdan boshqa yo‘l qolmagani, boshqa bir erkak bilan topishib-yopishib yurganini ochiq oydin aytadi. Turgan gap, bundan Tohir butunlay o‘zini yo‘qotadi. Uning quturib ketishiga savil ichkilik yaxshigina ta’sir qilganini ta’kidlash ortiqcha.

Buning oqibati dahshatli yakun topdi: ayolning boshqa bilan topishib olganini hazm qilolmagan Tohir yonida bo‘lgan pichoqni Solihaning bo‘yniga tortvoradi!

Avvaliga voqea joyidan yashiringan Tohir Adilov uzoqqa borolmasligiga ko‘zi yetib, o‘z oyog‘i bilan Ichki ishlar idorasiga keldi: «qo‘lim qonga botdi, odam o‘ldirib qo‘ydim...»

...Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudi raisi o‘rinbosari Shuhrat Kamolovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, sudlanuvchining aybi uning iqrorlik ko‘rsatmalaridan tashqari, jinoyat ishida tekshirilgan dalillar majmui bilan o‘z tasdig‘ini topdi. U O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 97-moddasining 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan aybli deb topib, shu modda bilan 11 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring