Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Qishloq qurilish invest» monopoliyasi bosqichma-bosqich tugatiladi

«Qishloq qurilish invest» monopoliyasi bosqichma-bosqich tugatiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 22-noyabr kuni qishloqlar va shaharlarda aholini uy-joy bilan ta’minlashning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda qishloqlarda ham uy-joy qurilishi tizimini isloh qilish, buyurtmachi funksiyasini «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasidan bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazish masalalari muhokama qilingan. 

Ta’kidlandagidek, endi qishloqlarda uy-joylar yo‘l bo‘ylarida bir qator qilib emas, shahar va tuman markazlariga tutash hududlarda mavzelar shaklida quriladi. Buning natijasida kelgusida tumanlarni yirik aglomeratsiyaga aylantirish mumkin. Bu esa infratuzilma xarajatini kamaytiradi, aholining iqtisodiy faolligini oshiradi, yerlardan samarali foydalanish imkonini beradi.

Videoselektor yig‘ilishida bunday mavzelarga yer va kreditlar ajratish, infratuzilma tarmoqlariga ulash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash borasida joylardagi rahbarlarga batafsil tushuntirish berildi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev uy-joy sotib olish uchun boshlang‘ich badal va ipoteka krediti foizini qisman qoplash masalasida tanish-bilishchilik va boshqa suiiste’molchilik holatlariga barham berish kerakligini aytdi. Budjetdan ajratiladigan subsidiyalar aynan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga yetib borishini so‘zsiz ta’minlash lozim.

Subsidiya uchun kelgusi yil budjetidan 1 trillion so‘mga yaqin mablag‘ ajratiladi va umuman olganda 16 mingta oilaning shahar va qishloqlarda uy-joylar sotib olishini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Aholi subsidiya olish uchun talaygina hujjatlar to‘plab, qator idoralarda sarson bo‘lib yurish hollariga chek qo‘yiladi. Endi arizalar Iqtisodiyot va sanoat vazirligining hududiy boshqarmalarida tashkil etilgan doimiy komissiyalarda ko‘rib chiqiladi va kam ta’minlangan oilalarning manzilli ro‘yxati shakllantiriladi.

Ushbu komissiyalar tarkibida bank, moliya, soliq, mehnat, mahalla va boshqa idoralar vakillari bo‘ladi. Bundan tashqari, komissiya yig‘ilishida istagan fuqaro ishtirok etib, o‘z fikrini bildirishi mumkin bo‘ladi. Qolaversa, subsidiya berish masalasi keng jamoatchilik bilan muhokama qilinishi lozim bo‘ladi.

Har bir viloyat hokimligi 2020 yilda uy-joy sotib olish uchun kam ta’minlangan oilalarni aniqlash, ularga navbat bilan subsidiya to‘lash tartibi va mezonlarini ishlab chiqib, o‘z hududlarida ijobiy tajriba joriy etishlari zarurligi ta’kidlandi.

Kelasi yilda «O‘zshahar qurilish invest» hamda «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyalari amaldagi tizim asosida shaharlarda 4 ming 250 ta va qishloq joylarida 8 mingta uy-joy qurilishini davom ettiradi.

Tayyor uylar uzoq vaqt davomida sotilmay turishi hollarining oldini olish maqsadida shaharlarda qurilishni moliyalashtirish tizimi takomillashtiriladi. Endi turar joylarga talabgorlar ro‘yxati shakllantirilib, boshlang‘ich badal yig‘ilmaguncha qurilishga moliyalashtirish ochilmaydi.

Banklar 2020 yilda amaldagi tizim bo‘yicha shaharlarda quriladigan uy-joylarning xaridorini aniqlagan holda, qurilishni mijozga ajratiladigan ipoteka krediti hisobidan moliyalashtirish tizimini joriy etadigan bo‘ldi.

Uylar narxini tushirish va sifatini oshirish uchun innovatsion qurilish materiallaridan keng foydalanish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Hokimliklarga shahar va qishloqlarda uy-joylar uchun yer ajratish, pudratchilarni aniqlash ishlarini yakunlab, qurilishni 2020-yil 1-martga qadar boshlanishini ta’minlash yuklatildi.

– Uy-joy siyosatida yangi tizimga o‘tayapmiz. Bu jarayonda har bir hudud rahbari zimmasiga mas’uliyat va javobgarlikni olib, yangi tizim bo‘yicha turar joy qurishda o‘z tajribasini yaratishi shart. Endi hokimlardan qurilgan uylar soni emas, qurilishga nechta salohiyatli tadbirkorlar jalb qilingani, ularga qancha yer ajratilgani, infratuzilma tarmoqlari yaratilgani, uylar sifati va nechta odamni rozi qilgani so‘raladi, – dedi davlatimiz rahbari. 

Uy-joylarni qurish va realizatsiya qilish bo‘yicha respublika komissiyasi joylarga chiqqan holda, qurilish ishlarini nazoratga olishi zarurligi ta’kidlandi.  

Hokimlar eski bino va inshootlarni buzish hisobiga bo‘shagan joylarda uy qurish masalasiga alohida e’tibor berishi shartligi, kompensatsiya pullari to‘lanib, mulk egalari rozi bo‘lmaguncha birorta ko‘chmas mulk buzilishi mumkin emasligi ko‘rsatib o‘tildi. 

Davlat idoralari rahbarlari nafaqat o‘zining, balki davlatning ham sha’nini saqlashga mas’ul ekani, xalq bilan, ommaviy axborot vositalari bilan muloqotda kibrga berilmay, vazmin va oqilona, qonunga asoslangan qaror qabul qilishi shartligi ta’kidlandi. 

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti tinglandi va amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring