Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Qirg‘izistonlik Tramp». Prezidentlik saylovida g‘olib nomi ma’lum bo‘ldi

«Qirg‘izistonlik Tramp». Prezidentlik saylovida g‘olib nomi ma’lum bo‘ldi

Foto:«AFP»

10-yanvar kuni Qirg‘izistonda o‘tkazilgan prezidentlik saylovi natijasi deyarli ma’lum bo‘ldi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 52 yoshli Sadir Japarov mamlakat prezidentligiga saylandi. Qirg‘iziston markaziy saylov komissiyasiga ko‘ra, 80 foiz byulleten hisoblangach, S.Japarov 79 foiz ovoz yiqqani ma’lum bo‘ldi.

Saylovda mamlakat xalqi prezidentlik hamda parlament boshqaruvi bo‘yicha ham o‘z nuqtai nazarini bildirdi. Dastlabki hisoblar ko‘pchilik elektorat prezidentlik boshqaruvini yoqlaganini ko‘rsatmoqda.

O‘tgan yil oktyabr oyidagi ommaviy noroziliklar payti jazoni ijro etish muassasasidan ozod etilgan S.Japarov (u garovga olish va hokimiyatni bosib olishda aybdor deb topilib 11,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi) kutimaganda namoyishlar yetakchisiga aylandi. Keyinroq bosh vazir va muvaqqat prezident vazifalarini bajardi.

Tahlilchilar saylov kampaniyasi davridayoq Japarovning g‘alabasini bashorat qilgan edilar. Negaki, ijtimoiy so‘rovlar uning qo‘li baland kelishiga ishora qilayotgan edi. Boz ustiga, uning yaqin tarafdorlari hukumat boshqaruvida muhim lavozimlarni egallagan edi.

Ma’lumotlarga qaraganda, u saylov kampaniyasi uchun 600 ming yevro miqdorida pul sarfladi. Bu 20 ga yaqin nomzod orasida eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Vashingtondagi milliy mudofaa universiteti professori Erika Maratning fikricha, saylovni legitim deb atash amrimahol. Avvalo, prezidentlik saylov o‘tkazilishi haqida atigi ikki oy avval ma’lum qilindi. E.Maratga ko‘ra, muddatdan oldin o‘tkazilgan hamda qonunchilikka u qadar muvofiq kelmagan saylov g‘alaba qozongan nomzodning davlat rahbari sifatida maqomini qonuniylashtirishga xizmat qildi, xolos.  

S.Japarovning qamoqdan chiqqanidan besh kun o‘tib bosh vazir lavozimini egallashi ko‘pchilik tomonidan kutilmagan hol o‘laroq baholandi. Siyosatchi qamoqda jazo muddatini o‘tayotgan paytda ota-onasi hamda farzandi vafot etdi. Bu orada to‘rt devor orasida u o‘z joniga qasd qilishga urindi. Shu tariqa jamoatchilik ongida taqdir tomonidan og‘ir sinovlarga ro‘baro‘ bo‘lgan S.Japarovga nisbatan hamdardlik va xayrixohlik shakllana boshladi. Siyosatchi qamoqda turib amaldagi hukumatgi qarsha tanqidiy bayonotlar berish bilan esa nufuzini yanada mustahkamlashga muvaffaq bo‘ldi.

Tahlilchi Azim Azimovga ko‘ra esa, Qirg‘iziston rahbariyati tomonidan sodir etilgan ketma-ketma xatolar Sadir Japarovning siyosiy yetakchi bo‘lishiga olib keldi. Ya’ni amaldagi rahbarlardan hafsalasi pir bo‘lgan jamoatchilik unga ishonch bildirdi.

Qirg‘iziston siyosiy doiralarida S.Japarov AQSh prezidenti Donald Trampga qiyoslanadi. Ayniqsa, so‘nggi haftalarda Tramp tarafdorlari Kapitoliy binosiga bostirib kirgach, ushbu muqoyasa yanada kengroq doiralarda yangray boshladi.

«Bir necha kun AQShda Kapitoliy binosi bosib olindi. Bu esa populistlar hamda avtokratlar qashshoq hamda bilimsiz aholi tabaqasi ongini chalg‘itish orqali hokimiyatni saqlab qolishga urinishining yorqin namunasidir. AQShda ular qo‘lga olindi va qonun bo‘yicha jazo oladi. Qirg‘izistonda esa butkul o‘zgacha ssenariy», – deydi professor Erika Marat.

S.Japarovning o‘rgamchik siyosatchi ham deb bo‘lmaydi. U 2005-yilda deputat sifatida ish boshlagan. Tez orada e’tibor qozonib prezident Qurmanbek Bakiyevning maslahatchisi etib tayinlangan. 2010-yilda ro‘y bergan hamda ikki mingdan oshiq inson hayotiga zomin bo‘lgan etnik nizolar paytida u ochiqdan-ochiq titul millat tarafini olgan, mamlakatdagi milliy ozchilik vakillarini esa «ijarachi»ga o‘xshatgan.

S.Japarov saylovoldi kampaniyasi davrida konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish, xalq qurultoyi deb atalgan yangi tuzilma tashkil etishni taklif qildi. Rossiya, Qozog‘iston hamda uzoq xorij mamlakatlarida mehnat qilayotgan qirg‘izistonlik muhojirlar ham S.Japarov tarafdori ekani aytiladi.

Siyosatchining muxoliflari esa uni konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish orqali hokimiyatni o‘z qo‘liga olishga urinishda ayblamoqda. Qamoqdan chiqqan siyosatchining dastlab hukumat, so‘ngra davlat rahbari lavozimini egallashi ham g‘ayriqonuniy holat deb baholangan. Ammo S.Japarovning tarafdorlari mamlakatda parokandalik hukm surayotgan hozirgi sharoitda hokimiyat jilovi yagona kuchli qo‘lda to‘planishi eng maqbul yo‘l deb hisoblamoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring