Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qarshi shahar tug‘ruq majmuasi bosh shifokori, uch vrach va bir hamshira ta’magirlik holati sabab ishdan bo‘shatildi

Qarshi shahar tug‘ruq majmuasi bosh shifokori, uch vrach va bir hamshira ta’magirlik holati sabab ishdan bo‘shatildi

Foto:«Xabar.uz»

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahar tug‘ruq majmuasi xodimlarining bemorlardan ta’magirlik qilish holatlari haqida berilgan tanqidiy videolavha o‘rganildi. Bu haqda vazirlikning Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi. 

Aniqlanishicha, mazkur holat haqiqatan ham Qarshi shahar tug‘ruq majmuasida ro‘y bergan. Ayni paytda huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan ham mazkur vaziyat o‘rganilmoqda.

O‘z navbatida, Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari tomonidan ham mazkur holat tekshirilib, shifokorlar obro‘si va sha’niga to‘g‘ri kelmaydigan bunday noxush holat sodir etilishiga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan qat’iy chora ko‘rildi. Jumladan, tug‘ruq majmuasining uch nafar shifokori va bir nafar hamshirasi hamda tegishli qonun talablariga rioya etilishi borasida nazoratni susaytirgani uchun Qarshi shahar tug‘ruq majmuasi bosh shifokori Salima Achilova egallab turgan vazifasidan ozod etildi.

Shu bilan birga, murojaatda qayd etilgan ona va bolaning salomatligi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan alohida nazoratga olindi. O‘rganishlar jarayonida shu narsa ham aniq bo‘ldiki, Qarshi shahar tug‘ruq majmuasida O‘zbekiston Respublikasi «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonuni talablariga rioya etilishi holati qoniqarli emas. Mas’ul rahbarlarga bu borada har bir xodim bilan jiddiy tushuntirish olib borish, ichki jamoatchilik nazoratini kuchaytirish vazifasi topshirildi.

Aytish kerakki, bugun mamlakatimizda tibbiyot xodimlarining samarali mehnat qilishi, ularni ijtimoiy muhofazalash borasida katta imkoniyatlar yaratilmoqda. Tibbiyot xodimlarining ish haqlari bosqichma-bosqich oshirilmoqda, soha vakillarini majburiy mehnatga jalb qilishning oldini olish borasidagi chora-tadbirlar barchani mamnun etdi. Bugungi kunda viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hududida shahar tug‘ruqxonasi uchun 4 qavatli, 200 o‘rinli bino, shuningdek, viloyat perinatal markazi, viloyat skrining markazi va reproduktiv salomatlik markaz binolari qurilishi jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Bu ham tibbiyot xodimlarining yaxshi sharoitlarda mehnat qilishi uchun muhim omil bo‘lishi shubhasiz.

«Shifokor qanchalik bilimli, malakali va mohir mutaxassis bo‘lmasin, agar u ta’magirlik qilsa, avvalo o‘ziga, qolaversa, butun tibbiyot tizimiga nisbatan odamlarda ishonch va ixlosni yo‘qotadi. Shu bois, tizimda bunday xodimlar ishlashiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi» deyiladi vazirlik xabarida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring