Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Qalbida quyoshi bor bolalar...

Qalbida quyoshi bor bolalar...

Shahzoda: «Hayot»ni yaxshi ko‘raman

— O‘tgan kuni «otlovka» — (ko‘chadagi daydi itlarni vaqtincha tutib turadigan maxsus joy)dan olib kelingan sariq kuchuk qaysi volerga joylashtirilgandi.

— Beshinchiga...

— Bir hafta oldin ko‘chadan topilgan kulrang xolli kuchuk bolasichi?

— Yuring ko‘rsataman, oxirgi xonada, anuv onasini mashina urib ketgan to‘rt kuchuk bolalariga qo‘shib qo‘yganmiz...

Shahzoda Otabekova 10 yosh, asli chirchiqlik, ayni paytda onasi bilan Qibraydagi «Hayot—Jizn» boshpanasiz itlarga mehr-shafqat ko‘rsatish uyida yashaydi. Ikki mingga yaqin kuchukning qaysi xonadaligiyu otigacha biladi. Ularning bu yerga qanday kelib qolgani, kelguncha boshidan o‘tkazgan og‘ir kunlari, xarakterini ko‘zini yumib aytib bera oladi.

— Shahzoda mening juda katta yordamchim deydi, — 40 yillik ish stajiga ega bo‘lgan hayvonlar shifokori Bazarbay aka Bo‘riyev. — Hatto eng jahldor, oq xalat kiygan shifokorni ko‘rsa g‘ajib tashlashga tayyor kuchuklar Shahzodani ko‘rsa tinchib qoladi. Uning bolalarcha beg‘ubor, mehr to‘la qalbiga ishongisi keladi. Mana bu ikkita voler ko‘chadan topib olingan, hamma joyini yara-chaqa bosib ketgan kuchuklar uchun ajratilgan. Qo‘shni xonalarda mashina urib ketgan yoki boshqa falokat tufayli jarohat olgan, hatto odamlar tomonidan ozor yetkazilgan jonivorlar bor. Ularni ukol qilayotganimda Shahzoda ushlab yoki silab tursa tinchib qoladi.

— Qarang, bular kelganida juni to‘kilib ketgan edi, — deydi Shahzoda. — Mana hozir juni o‘sib qoldi. Biz bu kasal hayvonlarni besh marta ovqatlantiramiz. Boshqa kuchuklarga beriladigan ovqatlardan bermaymiz, o‘zlarining maxsus yemaklari bor.

Shahzodani atrofida ustida kiyimi bor kuchukcha aylanib irg‘ishlaydi.

— Bu meni erkatoyim Nika. Zoti shunaqa juni yo‘q kuchukcha, sovqotmasligi uchun ustiga kiyimcha tikib berganman.

Shahzoda kiyimni ochib kuchukning badanini ushlab ko‘radi: — Qoni qaynab ketibdi, hozircha tugmalarini bo‘shatib qo‘yishim kerak.

— Senga tikishni kim o‘rgatgan?

— Oyim, o‘zim, internetdan o‘rganganman. Menga yaqinda homiylarimiz, ya’ni yaxshi insonlar tikuv mashinasi sovg‘a qilishdi. Hozir men darsdan bo‘sh paytlarimda kichkina, kasal, juni to‘kilib ketgan kuchukchalar uchun kiyimchalar tikayapman.

— O‘qishlaringdan chalg‘imaysanmi?

— Yo‘q, bu yerda hamma sharoit bor. Noutbuk olib berishdi, onlayn dars qilaman. Hamma fandan baholarim besh. Agar diktant yozishim kerak bo‘lsa «Hayot»ning direktori Iroda opa Matkarimova shaxsan o‘zlari mashinada meni maktabga olib boradilar.

— O‘zing tengi bolalarga nima degan bo‘larding?

— Hayvonlarni yaxshi ko‘rish kerak. Yaqinda Farg‘onadan bir tengdoshim keldi. Otasini holi joniga qo‘ymabdi, shu yerga olib kelishi uchun. Kuchuklar uchun ozroq pul yiqqan ekan. U judayam xursand bo‘lib ketdi. Menga o‘xshagan bolalar ko‘payotganidan xursandman.

— Maktabni bitirgach qaysi sohani tanlamoqchisan?

— Vetvrach bo‘laman, yana bir gap aytaymi, «Hayot»ni yaxshi ko‘raman, kelgusida bu joy Iroda opamdan keyin meniki bo‘ladi...

Shahzodaning tengdoshlariga qaraganda hayvonlarga muhabbati o‘zgacha, dunyoqarashi ham o‘zgacha ekanligini xayrlashayotganimda aytgan mana bu gaplaridan bilsa bo‘ladi: «Meni, bilasizmi, nima ta’sirlantiradi va xafa qiladi, telegramda bir obnunachimiz yozganidek, zotli itlarni ham ko‘chaga tashlab ketayotganini ko‘radigan zamonlarga yetib keldik»...

  Kristina: «Bu mening xobbim emas, hayotimning mazmuni»

Shahzodadek hayvonlarni shunchaki yaxshi ko‘radigan emas, o‘zgacha mehrli bolalar dunyoning har bir chekkasida bor. Ussuriysklik Kristina atigi 16 yoshda. Uning ijodiy g‘oyalarini ota-onasi doimo qo‘llab-quvvatlashgan. Ammo bir kuni u: «Men itlarga nogironlar aravachasini yasayman» deb o‘z g‘oyasini aytganida, ota-onasi hayratda qoldi, lekin ushbu g‘oya ezgu xobbi sifatida qo‘llab-quvvatlandi.

— Nogironlar kolyaskalarini yaratish g‘oyasi o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmadi. Bir kuni men nogiron itni ko‘rib qoldim va u menga juda ta’sir qildi, — deydi Kristina Stankova «Komsomolskaya Pravda» muxbiriga bergan intervyusida.

Kristina birinchi aravachasini ikki yil oldin yasagan. Avvaliga u nogiron hayvonlar haqida internetdan ma’lumotlarni o‘rgandi. Nihoyat plastmasssa quvurlar yordamida ilk aravacha yasaldi va o‘z egasini topdi. U ikkinchi aravachaga shunchalik tez buyurtma olaman deb o‘ylamagandi. Keyin ikkinchi, uchinchi aravacha yasaldi... Yugurolmay sudralib yurgan itlarning aravachada yugurishni boshlaganini ko‘rgan Kristina ularni tomosha qilib zavqlanar va bu yana shunday aravachalar yasashga turtki bo‘lardi.

Birinchi aravachani Kristina 2018 yil mart oyida yasagan. So‘nggi ikki yil ichida uning yutuqlari katta g‘alabalar bilan to‘ldirildi. Ayni paytda uning hisobida 20 nogironlar aravachasi bor, ular itlar uchun allaqachon nogiron bo‘lgan oyoq o‘rnida oyoq vazifasini o‘tamoqda. Bitta buyurtma hatto Krasnodar o‘lkasidan ham keldi. Aravachani pochta orqali jo‘natishdi.

Kristina aravachalarini biznes uchun yasamaydi. Bu haqda u intervyusida aytgandi.

—Yo‘q, men hech qachon odamlardan pul so‘ramayman. Men hatto uyalaman, chunki men buni egasi uchun emas, balki itlar uchun qilaman, — deydi Kristina. — Itdan nimani olishim mumkin? Bazida Instagramdagi obunachilar menga moddiy yordam berishadi, buning uchun men cheksiz minnatdorman.

 U imkoniyati cheklangan hayvonlarga yordam berishni davom ettirish niyatida.

— Men hech qachon aravachalar yasashni rad qila olmayman. Men hech qachon hayvonlarni sevishdan to‘xtamayman, — deydi hunarmand. — Bu mening jonimning bir qismi, mening bir qismim, hayotimning mazmuni. Men endi hayotimni bu ishsiz tasavvur qila olmayman. Bu endi xobbi emas. Bu endi men uchun mas’uliyatli vazifa... Axir hayvonlarga faqatgina odamlar yordam bera oladi...

 ***

Tez-tez ijtimoiy tarmoqlar orqali ayiqni o‘ldirishibdi, kuchukni tiriklay cho‘ktirishibdi, ovchilar noyob qushlarni, hayvonlarni otishibdi, degan xabarlarni eshitamiz. Ayniqsa, bunday mavzular ijtimoiy tarmoqlarda juda katta shov-shuvlarga sabab bo‘ladi. Shunday paytda vahshiylik, shafqatsizlik qayerdan paydo bo‘ladi, degan savollar qarshisida qolamiz. Ana shunday savollarga bitta javob bor — bolalarni yoshligidan hayvonlarga mehrli qilib o‘stiring, «Hayot — Jizn» kabi uysiz hayvonlar uchun tashkil qilingan boshpanalarga bolalaringiz bilan tashrif buyuring. Axir Shahzodalardek, Kristinalardek qalbida quyoshi bor bolalarning safi kengaysa olam yorug‘lik va ezgulikdan boshqacha yorishadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring