Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Propiska tizimi O‘zbekiston rivojiga qay darajada ta’sir qiladi?

Propiska tizimi O‘zbekiston rivojiga qay darajada ta’sir qiladi?

Foto:«Xabar.uz»

Joriy yilning yanvar oyida Jahon bankining kam ta’minlanganlik va tenglik bo‘yicha guruhi tadqiqotchisi Uilyam Seiz (William Seitz) O‘zbekistondagi ichki migratsiya va arzon uy-joy bilan ta’minlanish holati bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotini e’lon qilingan edi. Unda Toshkent shahri va Toshkent viloyatining propiskasiga o‘tishga qo‘yilgan huquqiy cheklovlar O‘zbekistonda ichki migratsiyaning pastligi va shu bilan mamlakat rivojiga ta’sir etayotganligi qayd etiladi.

Ya’nikim, yirik qishloq aholi punktlarini shaharlarga aylantirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlarga qaramasdan, bugungi urbanizatsiya darajasi shaharlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha zamonaviy talablariga javob bermaydi va jahon tendensiyalaridan sezilarli darajada qolib ketmoqda.

Propiska masalasini muammo darajasiga chiqishidagi asosiy sabablardan biri ham shu.

Propiska asli kimdan qolgan «udum»?

Chor Rossiyasi davrida hokimiyatning, ya’ni feodalning ruxsatisiz dehqonlarni yer uchastkasini tark etishini taqiqlash, agarda shunday huquqbuzarlik vujudga kelsa, ularni qaysi yerga va kimga tegishli ekanligini aniqlash maqsadida o‘ziga xos propiskalik pasportlar berish tartibi amalga oshirilgan. Keyinchalik sobiq ittifoq davrida bu tartib ijtimoiylashuv holatidagi antidemokratik holat deya bekor qilingan bo‘lsa-da, 1933-1935-yillarga kelib, turli huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida yana shunga o‘xshash tizim yo‘lga qo‘yildi. Natijada Sovet davlatida pasport va propiskasi bor shaxslar qator imtiyozllarga ega bo‘la boshladi. Ayniqsa, agar fuqaro markaz va aholi zich bo‘lgan punktlarda yashagan bo‘lsa, unda qishloq yoki chekka hududlarda istiqomat qiluvchilarga nisbatan huquqlar ko‘proq bo‘lishi belgilandi. Pasport va propiska berish birinchi navbatda Moskva va Peterburg shahar aholisi uchun qo‘llanilib, Chor Rossiyasi davridan qolgan zodagon va quloq bo‘lganlar hamda ularning oilalariga nisbatan umuman tadbiq etilmas, ularni iloji boricha chekkaroq hududlarga joylashtirishga harakat qilinardi. Pasportsiz yoki ro‘yxatdan o‘tmagan shaxs esa Sovet davlati bergan ko‘plab huquqlardan mahrum bo‘lar edi.

Keyinchalik mazkur holat jinoiy javobgarlik masalasigacha olib chiqilib, o‘z hududidan boshqa hududga ko‘chib o‘tish uchun selsovetning alohida ruxsatnomasi, ish joyidan ma’lumotnoma yoki o‘sha ko‘chib o‘tayotgan joyida o‘z yer mulkiga egaligi haqidagi hujjat, qisqasi, byurokratik talablar qo‘yila boshlandi.

Ko‘rib turganingizdek, propiska masalasi sobiq ittifoq davridan «meros” bo‘lib, qonun bilan mustahkamlangan «udum» yoki eskilik sarqiti edi.

Boshqa davlatlardagi propiska masalasi qanday?

Albatta, propiska masalasi ko‘p davlatlarda mavjud. Ammo u bizning tushuchamizdagi propiskani emas, balki ro‘yxatdan o‘tkazishni anglatib, asosan fuqarolik yoki fuqarolikka ega bo‘lmagan shaxslar haqida ma’lumotlar majmuini nazarda tutadi. Sobiq ittifoq davlatlaridan deyarli hammasida propiska rejimi antikonstitutsion holat sifatida qayd bekor qilingan va elektron ro‘yxatdan o‘tkazish tizimiga o‘tilgan.

Rossiyada propiska masalasi 1993-yil 1-oktyabrda - «Rossiya Federatsiyasi fuqarolarining ko‘chish erkinligi, Rossiya Federatsiyasida yashash va yashash joyini tanlash huquqi to‘g‘risida»gi Qonuni qabul qilingan paytdan boshlab bekor qilindi.

Moskva va Moskva viloyatida «propiska» atamasi Moskva hukumati (1996-yil 1- yanvar) va Moskva viloyati ma’muriyatining (1992-yil 4-fevral) 51-8-sonli «Moskva va Moskva viloyatida aholini ro‘yhatga olish va chiqarib yuborishning yagona tartibi to‘g‘risida»gi qarori o‘z kuchini yo‘qotishi bilan muomaladan chiqarildi.

Belorusiyada 2008-yil 1-yanvar kuni Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning «Fuqarolarni yashash va yashash joylarida ro‘yxatga olish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori bilan propiska masalasi bekor qilindi.

Qozog‘istondagi propiska instituti ro‘yxatga olish instituti bilan almashtirildi, fuqarolarga turar-joy binolari va uy-joy uchun moslashtirilgan binolarda ro‘yxatdan o‘tishga ruxsat berildi. Qozog‘iston Respublikasi Hukumatining 2007- yil 17-avgustdagi 696-sonli «Qozog‘iston Respublikasi aholisini hujjatlashtirish va ro‘yxatdan o‘tkazish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qaroriga binoan, Qozog‘iston fuqarolari ish beruvchi orqali yoki adliya organlarida o‘tishlari ham mumkin.

2003-yilda Latviyada «Yashash joylarini deklaratsiyalashtirish to‘g‘risida»gi qonunni qabul qildi, unga ko‘ra, propiska instituti bekor bo‘ldi.

Ukrainada Konstitutsiyaviy sudning 2001-yil 14-noyabrdagi qarori bilan propiska masalasi konstitutsiyaga zid deb topildi. Qonuniy ravishda esa propiska Ukraina Respublikasining 2003-yil 11-dekabrdagi 1382-IV «Ukrainada yurish erkinligi va yashash joyini erkin tanlash to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingandan so‘ng bekor qilindi.

Boshqa rivojlangan davlatlarda propiska masalasi faqatgina norezidentlarga nisbatan qat’iy qo‘llanilib, o‘z fuqarolariga nisbatan turar-joy bo‘yicha topishda qiyinchilik tug‘dirmasligi uchungina ro‘yxatlashtirish ishlari amalga oshiriladi.

Misol uchun Niderlandiya va Germaniyada propiska masalasi qat’iy masalalardan biri hissoblansada, agarda fuqaro bir hududda yashab, o‘ziga mos ishni boshqa bir hududdan topgan bo‘lsa, elektron yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish joyi joylashgan tegishli vakolatli organga murojaat qiladi, kerakli shablonni to‘ldirganidan so‘ng uch kun ichida ro‘yxatga o‘tkaziladi. Bunda ro‘yxatdan chiqarish, qayta ro‘yxatga olish, hujjatlarni soliq, sug‘urta va boshqa tashkilotlarga yuborish kabi ishlar ro‘yxatga oluvchi tomonidan amalga oshiriladi.

Yaponiyada yangi yashash joyiga ko‘chib o‘tgandan keyin 14 kun ichida ro‘yxatdan o‘tish ishlarini rasmiylashtirsh tavsiya etiladi, ammo yangi manzilda yashash muddati bir yildan kam bo‘lsa yoki yangi turar joy vaqtincha bo‘lsa yoki tez-tez doimiy yashash uyga borib kelsa (mavsumda kamida bir marta) ro‘yxatdan o‘tishi shart emas. Ushbu norma universitetlar yonida uy-joy ijaraga olgan talabalar va poytaxtda istiqomat qiluvchi, ammo o‘z doimiy yashash joyiga tez-tez tashrif buyuradigan parlament a’zolariga taalluqli emas.

Xo‘sh, propiska tizimini isloh qilishga doir hujjat qabul qilinsa, nimalar o‘zgarishi mumkin?

Birinchidan, «propiska» tushunchasi bekor bo‘lib, o‘rniga «ro‘yxatdan o‘tkazish” tushunchasi kiritiladi;

ikkinchidan, Toshkentdan uy sotib olishda viloyatliklar uchun belgilangan davlat bojining qimmat stavkasi bekor qilinadi;

uchinchidan, birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlarni nafaqat o‘zi doimiy ro‘yxatda bo‘lgan manzilga, balki egaligidagi boshqa uy-joyga ham doimiy ro‘yxatga qo‘yish huquqiga ega bo‘ladi;

to‘rtinchidan, er-xotinning nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashash sharti va bir yil ichida nikoh bekor qilinganda propiska yo‘qotilishi haqidagi qoidalar bekor bo‘ladi;

beshinchidan, ilgari Toshkent shahri va viloyatida doimiy ro‘yxatga ega bo‘lgan fuqarolar qaytib kelganda, ular ushbu hududlarda hech qanday qo‘shimcha shartlarsiz qayta doimiy ro‘yxatga olinishi mumkin bo‘ladi;

oltinchidan, oilaga tarbiyaga olingan (patronat) shaxslar ularning tutingan ota-onasining doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga turish imkoniyati yaratiladi;

yettinchidan, vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish muddati uy-joy egasining roziligi asosida 5 yilgacha uzaytirilishish mumkin bo‘ladi;

sakkizinchidan, fuqarolarni Toshkent shahri va viloyatida doimiy va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tmasdan 15 kun yashashi mumkin bo‘ladi;

to‘qqizinchidan, doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish muddati 3 kundan 1 kunga qisqartiriladi va fuqaroning xohishiga ko‘ra:

-ichki ishlar organlarida;
-davlat xizmatlari markazlarida;
-yagona portal orqali amalga oshirilishi mumkin bo‘ladi.

O‘ninchidan, doimiy ro‘yxatni rasmiylashtirishda pasport, uy daftari yoki xonadon kartochkasiga shtamp bosish amaliyotidan voz kechiladi va bu jarayon raqamlashtiriladi;

o‘n birinchidan, doimiy ro‘yxatga olishni rasmiylashtirishda avvalgi yashash joyidan mustaqil ro‘yxatdan chiqish tartibi hamda harbiy xizmatga majburlarning doimiy ro‘yxatga turishdan oldin va keyin harbiy hisob uchun mudofaa bo‘limlariga borish tartibi bekor qilinadi.

Xullas, taklif etilayotgan loyiha aholi uchun eng qulay yashash sharoitini yaratishdir. Barcha islohotlar, resurslar shu vazifani bajarishga yo‘naltirilgan.

O‘ylaymizki, mazkur huquqiy hujjat loyihasi muhokamasida barcha faol qatnashib, o‘z fikr va takliflarini bildirishi maqsadga muvofiqdir. Zero, amalga oshirilayotgan islohotlarda aholining faol ishtiroki uning samaradorligini ta’minlaydi.

Anvar Rahmatov,
Adliya vazirligi qoshidagi
Yuristlar malakasini oshirish markazi direktori

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring