Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Prezidentdan tashabbus chiqmaguncha ishlamaydigan parlamentga kunimiz qolmasin»

«Prezidentdan tashabbus chiqmaguncha ishlamaydigan parlamentga kunimiz qolmasin»

Foto:«Norma.uz»

Saylov yaqin. Partiyalar harakatga tushib qolgan. «Bizga ovoz bering, biz bilan birga bo‘ling, biz birmiz» degan chaqiriqlar hammayoqni bosib ketdi. Hammasi 5 yil burungi tarixni eslatadi. Saylovga yaqin start olinadi, saylov o‘tadi…

Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga o‘tgan chaqiriqda saylangan deputatlarga achinaman, chunki ular bunday o‘zgarishlar bo‘lishi kutmagandi. Yoki kimdir kutganmidi? Doimgidek saylanamiz, qo‘l ko‘taramiz, ko‘krak nishoni taqib yuramiz, mandat tugaydi, keyingisiga ruxsat bersa o‘tamiz, bo‘lmasa o‘z yo‘limizdan ketaveramiz, degan o‘y bilan yurgan deputatlarga haqiqiy deputat bo‘lib ishlash imkoniyati taqdim etildi. Nechtadir, ha, ha, aynan nechtadir deputat bundan unumli foydalandi. Ular tomonidan ko‘rsatilayotgan tashabbuslar nafaqat hamkasb-deputatlarni, ularni saylagan, lekin hech narsa kutmagan biz saylovchilarni ham shoshirib qo‘ydi. Ammo ular kamchilik. O‘z vakolatlarini qisqartirishga doir qonun loyihasini ma’qullagan deputatlardan iliyotgan ko‘ngil qoldi. Hamma umid yangi chaqiriqdan.

Yangi chaqiriq eski odatlar bilan boshlandi. «Bizga ovoz bering!» Juda ko‘p marta aytyapmiz, biz deganda kimni nazarda tutayotganingizni bilaylik. Partiya nomi bilan partiya emas, o‘zining kuchli a’zolari, deputatlikka qo‘yayotgan munosib nomzodlari bilan partiya, axir. Dasturlaringizni birlashtirsa bitta partiyaning dasturi chiqadigan darajada ixtilofsiz, kimni nomzodlikka taqdim etishingiz, nomzodlarni qanday saralab olayotganingiz maxfiy bo‘lgani holda qanday qilib sizga ishonish mumkin?

Uch yil davomida odamlar ham o‘zgardi. Endi ularni balandparvoz gaplar bilan o‘zingizga jalb qilolmaysiz. Xalq, saylovchilar amaliy qadamlarni kutyapti. Yana «bizga ovoz bering, shunda ko‘rasiz» demang, biz yana 5 yil yo‘qotmoqchi emasmiz. Bering, aniq takliflarga asoslangan dasturingizni taqdim qiling, qaysi qonun loyihalarini qabul qilmoqchisiz, ayting.

Ijtimoiy tarmoqlar kuchini sezgan partiya mutasaddilari asosiy urg‘uni piarga qaratib qo‘yishdi. Konsertlar, ochiq havodagi uchrashuvlar, blogerlar bilan suhbatlar va h.z. Bu go‘yoki katta to‘yga o‘xshaydi, to‘y egalari bor-budini bazmu jamshidga tikadi, lekin yosh kelin-kuyov ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan narsalar e’tibordan chetda qoladi: ularning tayyorligi, ilm olishi, axloqi, nikoh sirlaridan voqifligi, taloq masalalari, uy-joyi, maishiy ro‘zg‘or buyumlari, boringki ularning keyingi hayoti ota-onalar uchun birinchi darajali masala emas. To‘yga ko‘proq odam kelsa, ko‘proq odam to‘y haqida eshitsa, falonchi o‘g‘lini uylabdi, degan shov-shuvlar bo‘lsa bo‘ldi. Yoshlarning kelajagini taqdir hukmiga havola qilishadi, agar bu e’tiqodiy jihatdan bo‘lsa, nur ustiga a’lo nur, ammo hamma xarajatni bir kunlik tadbirga qaratib, qolgan hayotni taqdir ekan, deb o‘tirish biz mumsulmonlarga yarashmaydigan ish.

Partiyalar xuddi shu yo‘ldan borishyapti. Tadbirlarga ketayotgan mablag‘ni joriy holatni tahlil qilishga, shu asosda tegishli amaliy dasturlar ishlab chiqishga, munosib nomzodlarni topishga, ularni deputatlik sir-asrorlaridan voqif qilishga sarflashsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. To‘g‘ri, reklama uchun pul ajratilgan, deyishadi, bu xuddi sovet davridagi kabi, ajratilgan pul faqat va faqat o‘sha ajratilgan yo‘nalishga ishlatilishi kerak, bo‘lmasa olib qo‘yiladi. O‘zi shu tushunchani bekor qilish kerak, «o‘zlashtirildi». Bu nima degani? Nima qilib bo‘lsa ham shu pulni ishlatish kerak deganimi? Ishni bajarilganiga, uning natijasiga e’tibor qaratgan yaxshiroq, unga qancha mablag‘ ketgani muhim bo‘lmasligi kerak, albatta belgilanganidan ko‘p ketishi yaxshilab asoslanishi kerak.

Partiyalardan aniq dasurlarni kutyapmiz. Takror bo‘lsa ham aytamiz. Qanday qonunlar qabul qilmoqchisiz? Joriy holatni o‘rgandingizmi? Biz hech bir partiyaning O‘zbekiston rivojlanishining bugungi holati, istiqbollar haqida birorta tahliliy-statistik maqola e’lon qilganini ko‘rmadik.

Partiyalar harakatda, faqat bu harakatni to‘g‘ri yo‘nalishga, foydali tarafga burish kerak. Aksi bo‘lsa yana besh yil kutamiz, Prezidentdan tashabbus chiqmaguncha ishlamaydigan parlamentga kunimiz qoladi.

G‘ayratxo‘ja Saydaliyev
Manba: Azon.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring