Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident Samarqanddagi xonadonda mehmon bo‘ldi (foto)

Prezident Samarqanddagi xonadonda mehmon bo‘ldi (foto)

Foto: Prezidentning Matbuot xizmati

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahri Qorasuv massivida qurilayotgan zamonaviy aholi massivini borib ko‘rdi. Bu haqda Prezidentning matbuot xizmati xabar berdi.

Samarqand shahri aholisining uy-joyga ehtiyoji yuqoriligini inobatga olib, 2018-yilgi dasturga qo‘shimcha ravishda ko‘p qavatli arzon uylar qurish kiritilgan edi.

2018-yilning o‘zida jami 1 ming 344 xonadondan iborat 32 ta 7 qavatli ko‘p qavatli arzon uy barpo etildi. Bundan tashqari, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya xizmatchilari va yosh oilalarga mo‘ljallangan 5 qavatli 12 ta turar joy qurib, foydalanishga topshirildi.

Shu bilan birga, hududda xususiy bog‘cha, shahar ichki ishlar bo‘limi, savdo va maishiy xizmat majmuasi, «Registon» supermarketi qurib bitkazildi. 540 o‘rinli umumta’lim maktabi qurilishi yakunlanmoqda.

Shu tariqa bu yerda qisqa fursatda zamonaviy aholi massivi qad rostladi. Yangi uylarda odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun barcha qulayliklar e’tiborga olingan.

Davlatimiz rahbari Jasur Tursunqulov va Jamshid Kattaqulovlar oilalari ko‘chib kirgan yangi xonadonlarni kirib ko‘rdi, uy sohiblari bilan suhbatlashdi.

Shu yerda Qorasuv massivida 2019-yilda foydalanishga topshiriladigan uylar loyihalari, jumladan, «Agromir bildings» kompaniyasi tomonidan Turkiyaning zamonaviy texnologiyasi asosida monolit usulida barpo etilayotgan ko‘p qavatli turar joylar taqdimotlari o‘tkazildi.

Prezidentimiz turar-joylar qurilishining odamlar hayotidagi, hudud infratuzilmasidagi ahamiyatiga to‘xtaldi.

– Samarqand turizm markazi bo‘lishi kerak. Shuning uchun bu yerda ko‘p qavatli uylar qurilishini ko‘paytiramiz. Shahar markazida eng zamonaviy talablarga javob beradigan uylar qurilib, aholini ta’minlaymiz. Uylarni qurishdan oldin uning egasi, qaysi qavatda, necha xonali uyda yashashigacha aniq bo‘lishi lozim, – dedi davlatimiz rahbari.

Samarqand seysmik jihatdan ham qulay hududda joylashgani bois kelajakda viloyatning Kattaqo‘rg‘on, Urgut, Paxtachi, Narpay, Qo‘shrabot tumanlari markazlarida ham ko‘p qavatli uylar qurilishi zarurligi ta’kidlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring