Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident komandasi, tadbirkorlar bilan ishlash va kalit haqida tushuntirish — Shuhrat Abdurahmonov intervyu berdi

Prezident komandasi, tadbirkorlar bilan ishlash va kalit haqida tushuntirish — Shuhrat Abdurahmonov intervyu berdi

Foto: Xabar.uz

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov bugun OAV vakillari bilan ko‘rishdi va intervyu berdi. Suhbat davomida Andijonni qiynab turgan muammolar, oziq-ovqat xavfsizligi va tadbirkorlar mahsulotni arzon sotishga majburlanayaptimi yoki yo‘q — shu savollarga javob berildi.

— Prezident qarorlarini bajarishda menimcha Andijon viloyati boshqa viloyatlardan farq qilsa kerak. Chunki andijonliklar mehnatsevar, agar ularga o‘rnak ko‘rsata olsangiz, xalqni eshitsangiz, albatta ortingizdan ergashadi.

Andijonda Prezident komandasi shakllangan, deb bemalol ayta olaman. O‘zingiz ham ko‘rib turibsiz, hukumat tomonidan chiqariladigan qanday qaror va farmonlar bo‘lsa, barchasini bajarishga astoydil harakat qilyapmiz. Xalqimiz ham asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da, bizdan rozi bo‘lyapti. To‘g‘ri, hammani ham rozi qilib yubordik, deya olmayman, ammo shunga harakat qilyapmiz.

— Viloyatni qiynab turgan muammolar nimada?
— Andijon O‘zbekistonning bir foiz hududida joylashgan, ammo bu yerda mamlakat aholisining 10 foizi istiqomat qiladi (Xabar.uz tomonidan aniqlik kiritilishicha, Andijon viloyatida 3 127 683 nafar fuqaro istiqomat qilib, bir kilometr kvadrat joyga 744.7 kishi to‘g‘ri keladi). Aholi zichligi jihatidan Asaka va Shahrixon tumanlari nafaqat O‘zbekiston, balki dunyoda oldingi o‘rinlarda turadi. Ammo bu bilan biz muammolar girdobidamiz, demagan bo‘lardim. Shu bilan birga qiladigan ishimiz ham boshqalarga nisbatan ko‘proq ekani ham aniq.

Biz bir qavatli uylarni buzib, ko‘p qavatlisini qurishga majburmiz. Shu bilan birga ish o‘rinlari yaratishga ham e’tibor katta. Xususan, 2020 yilda o‘z oldimizga qo‘yilgan vazifalarni ortig‘i bilan bajarishga muvaffaq bo‘lyapmiz. Bu bizning yutug‘imiz. Hozir kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha katta ish olib boryapmiz. Bu borada qiynalyapmiz, deb aytmagan bo‘lardim. Chunki Prezident biror topshiriq bersa, albatta uning yechimini ham ko‘rsatib beryapti. Har qanday loyihaning asosi va moliya manbasi bor. Biz faqat ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ysak bo‘lgani.

— Oziq-ovqat xavfsizligi borasida asosiy yuk baribir tadbirkorga tushyapti. Vaholanki tadbirkorning faqat bitta majburiyati bor — soliq to‘lash. Aholiga arzon narxda mahsulot yetkazib bergan tadbirkor keyinchalik kasodga uchrashi xavfi yo‘qmi?
— Men kecha sessiyada ham aytdim, bu yil oziq-ovqat zaxirasini jamg‘arishda mutlaqo boshqacha yo‘l tutilyapti. Darhaqiqat ilgari siz aytganingizdek hamma yukni yuz foiz tadbirkor yelkasiga ilib qo‘yardik. Unga kreditlar berardik va zaxira mahsulot shakllantirishni topshirardik. Ammo shaxsan o‘zim, hokim sifatida o‘sha mahsulotini arzon narxda sotishini talab qila olmasdim. Chunki uning faoliyatiga aralashishga haqqim yo‘q edi. U bugun kartoshkani 3 ming so‘mdan olib kelgan bo‘lsayu narx oshib ketgach, 5 ming so‘mdan sotsa, unga ta’sir o‘tkaza olmasdim. Tadbirkor kerakli mahsulot miqdorini shakllantirardi, ammo o‘zi istagan narxda sotardi.

Bu yil esa shaxsan o‘zim viloyat budjetidan 10 milliard so‘m ajratdim va bu hali boshlanishi. Hokimlik oziq-ovqat zaxirasini shakllantiryapti. Qirg‘izistondan 3250 ming so‘mdan kartoshka olib kelyapmiz. Shu bilan birga yetishmayotgan mahsulotlarni keltirish uchun tadbirkorlarga ham mahalliy budjetdan subsidiyalar ajratilmoqda. Ular zarar ko‘rmasligi uchun shunday ish qilinyapti.

Shu vaqtga qadar hali hech qachon hokimlikning o‘z zaxirasi bo‘lmagan. Shu vaqtgacha davlat zaxirasi bo‘lgan, ammo hokimlik zaxirasi yo‘q edi. Mana endi shu ishga qo‘l urdik. Viloyatga 9,5 ming tonna kartoshka zarur bo‘lib, hokimlik shundan 3 ming tonnasini zaxira qilib olib qo‘ymoqda. Bu mahsulot fevral-mart oylarigacha omborda turibdi. Kecha ombor kaliti menda turibdi, deganimda shuni nazarda tutgandim. Biz bu kartoshkani bahorga yaqin savdoga chiqara boshlaymiz. Agar narx ko‘tarilib ketadigan bo‘lsa, zaxirada turgan mahsulotni darhol bozorga chiqaramiz va vaziyatni o‘nglaymiz. Menga hech qanday foyda kerak emas, xalqimiz rozi bo‘lsa bo‘ldi. Bu mening pulim emas, xalqning puli.

Prezidentimizga rahmat, hozirda mahalliy budjetda pul qolyapti. Ilgari hokimlarda pul bo‘lmasdi. Endi esa mahalliy budjetdan ortgan pul o‘zimizda qolyapti. Hozir bitta raqamni aytaman, uchinchi chorak yakuni bilan viloyatda 50 milliard so‘m pul bor. Oziq-ovqat xavfsizligi uchun bu puldan kerak bo‘lsa yana ajratamiz.

Andijonda biror tadbirkor «Hokim mahsulotlarimizni arzon sotishga majburlayapti», deya olmaydi. Biz shunchaki «Daladan dasturxonga» tamoyili ostida arzonlashtirilgan rastalar tashkil qilyapmiz. Ammo bozor ichida tadbirkorlar o‘z mahsulotini istagan narxda sotyapti. Bemalol borib ko‘rishingiz mumkin, — dedi Shuhrat Abdurahmonov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring