Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Preventiv diplomatiya. Qo‘shnilar bilan yaxshi aloqa qanchalik muhim?

Preventiv diplomatiya. Qo‘shnilar bilan yaxshi aloqa qanchalik muhim?

Xalqaro hamkorlikda preventiv diplomatiyaga alohida e’tibor qaratiladi. Yangi O‘zbekistonning baralla aytadigan yutuqlaridan biri, shubhasiz, qo‘shnilar bilan munosabatlarning butunlay yaxshilangani, chegaralar ochilganidir. 2020 yilning sinovlari ushbu yutuqning barqarorligini ham sinovdan o‘tkazdi, deyish mumkin. Bu haqda «Davletovuz» kanalida fikr bildirildi.

Avvaliga, koronavirus pandemiyasi tufayli mintaqaning barcha mamlakatlari o‘z qobig‘iga o‘ralib oldi. Har kim o‘z bilganicha ish tuta boshladi. Shunday paytda ham Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonning ikkala lideri, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘oniston rahbarlari bilan kamida ikki marta telefon orqali muloqot qildi, o‘zaro gumanitar yordamlar yuborildi. Rus tilida aytganda, «jest dobroy voli».

Ikkinchidan, Sardobadagi texnogen ofat qo‘shni Qozog‘istonga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Shavkat Mirziyoyev zudlik bilan Qasim-Jomart Toqayev bilan telefonda gaplashdi, O‘zbekiston hukumati rahbari, Prezident maslahatchisi darhol talafotdan zarar ko‘rgan qo‘shni davlat hududiga bordi. Barcha resurslar jalb etildi. Yoqimsiz hodisa, ikkala tomon ham uzoq dahanaki tortishishi mumkin bo‘lgan vaziyat yanada keskinlashmadi. Buni chetdagilar ham e’tirof etishdi.

Uchinchidan, kuni kecha chegarada Chashma bulog‘i oldida yuz bergan mahalliy darajadagi janjal, agar chuqurroq qaralsa, o‘ta nozik, har bir aytilgan noto‘g‘ri so‘z yoki qilingan harakat og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin edi. Gapirish oson. Xavotirlisi, mintaqa davlatlarining do‘stona munosabatlari, yaxshi tempdagi hamkorligi (ayniqsa, katta og‘alarsiz, ularning yo‘l-yo‘rig‘isiz norasmiy to‘planib turishi) mintaqa atrofidagi qudratli davlatlarga unchalik ma’qul emas. Shuning uchun vaziyatni qo‘ldan chiqarib bo‘lmaydi. Bunday paytda mojaro sabab va oqibatlarini zudlik bilan yechish prinsipial ahamiyatga ega bo‘ladi. Bu gal ham voqea joyiga hukumat rahbarining zudlik bilan yuborilishi, Qirg‘iziston hukumati vakillari bilan muzokaralar, ikki mamlakat rahbarlarining telefon orqali muloqoti vaziyat keskinlashishining oldini oldi. Albatta, konflikt sababi bir kunda yo‘qolib qolmaydi, lekin konflikt keskinlashishining oldini olish preventiv diplomatiyaning asosiy vazifasi hisoblanadi. Shunga erishildi.

Galdagi vazifa infratuzilmani tartibga keltirish, So‘xdagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni yaxshilash, ishsizlik masalasini hal qilish, mahalliy rahbarlarning aholi bilan chinakam muloqotini yo‘lga qo‘yish, va eng asosiysi, Qirg‘iziston bilan bahsli chegara uchastkalarini to‘liq huquqiy bitim doirasida hal etishni tezlashtirish zarur. Adashmasak, 92 foiz chegara bo‘yicha kelishuvga erishilgan, 10 ta uchastka bo‘yicha yakuniy to‘xtamga kelinmagan.

Darvoqe, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Jon Makgregor «O‘zbekiston rahbariyati konfliktning oldini olishda eng yaxshi xalqaro amaliyotni qo‘lladi. YeXHT mintaqasi va butun dunyo uchun a’lo darajadagi namuna bo‘ldi», deb qayd etdi.

BMTning O‘zbekistondagi koordinatori Helena Freyzer esa «O‘zbekiston va Qirg‘iziston rahbariyatining So‘x anklavidagi kechagi og‘riqli insidentga zudlik bilan konstruktiv yondashgani e’tiborga molik. Barqaror tinchlik mana shunday bo‘ladi», deb ta’kidladi.

Yaxshi ishlarni e’tirof etgan yaxshi, IMHO, albatta.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring