Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Paxtachida ota-bolani o‘ldirgan shaxs qo‘lga olindi

Paxtachida ota-bolani o‘ldirgan shaxs qo‘lga olindi

Illyustrativ foto

Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida qotillik sodir bo‘lgani, noma’lum shaxs ota-bolani o‘ldirib ketganiga oid o‘z manbamizdan ma’lumot kelgandi. Holatga oydinlik kiritish uchun zudlikda Bosh prokuratura bilan bog‘lanildi.

Mahkama matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov «Xabar.uz»ga qotillik yuz berganini tasdiqlar ekan, mazkur mudhish jinoyat sanoqli kunlarda fosh etilganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, sodir etilgan jinoyat va uning fosh etilishiga doir tafsilotlarni qonun izn bergan darajada ochiqladi.

Unga ko‘ra, 2020 yil 8 oktyabr kuni Paxtachi tuman «Qarnobota» mahallasida istiqomat qiluvchi S. P. (1975 yilda tug‘ilgan, tadbirkor) va uning 19 yashar o‘g‘li S. O‘.ning jasadi o‘z xonadonida qotillik alomatlari bilan topilgan. Holat yuzasidan o‘sha kunning o‘zidayoq O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «a», «i» (ikki yoki undan ortiq shaxsni ta’magirlik niyatida qasddan o‘ldirish) bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlab yuborilgan. Chunki, qotillik yuz bergan xonadon ko‘zdan kechirilganda 48 mln. so‘m, 1.400 AQSh dollari, 2 dona uzuk, 3 juft sirg‘a, 1 dona zanjir kabi taqinchoqlar hamda 1 dona «Redmi» rusumli uyali telefon apparatini talon-toroj qilingani ham aniqlanadi.

Tergov va tezkor qidiruv tadbirlarining oltinchi kuni (2020 yil 14 oktyabr kuni) fojia yuz bergan uyga qo‘shni bo‘lgan xonadonning tomidan 1 dona «Redmi» rusumli uyali aloqa telefon apparati topiladi. Yaxshigina shikast yetgan mazkur telefon apparati marhumlarning biriga tegishli ekani oydinlashgach, ashyoviy dalil tariqasida olinadi.

Telefon apparati sudga oid daktiloskopiya ekspertizasidan o‘tkazilganda unda fuqaro O. O.ning (1976 yilda tug‘ilgan, ikki nafar farzandi bor, vaqtincha ishsiz) barmoq izlari mavjudligini tasdiqladi. Shundan so‘ng ushbu ashyoviy dalil topilgan hududdagi xonadonlarning tom qismlari ko‘zdan kechiriladi va yana bir qo‘shnining tandirxonasi tomidan qon dog‘lari va soch tolalari mavjud bo‘lgan temir bolg‘a topilib, u ham ashyoviy dalil tariqasida olindi.

Voqealar rivojida asosiy gumon fuqaro O.O.ga tushgach, uning uyda tintuv o‘tkaziladi. Mazkur jarayonda marhumlarning xonadonidan olib chiqib ketilgan 2 dona tillo uzuk, 3 juft sirg‘a, 1 dona zanjir, 29 mln. 900 ming so‘m pul, shuningdek, qon dog‘lari mavjud bo‘lgan (O.O.ga tegishli) shim, kurtka, oyoq kiyimi, uyning tandirxonasi tomidagi shifer ostidan 1000 AQSh dollari topiladi.

Topilgan moddiy qiymatliklar marhumning turmush o‘rtog‘iga ko‘rsatilganda ular o‘zlariniki ekanini tasdiqlaydi (darvoqe, o‘sha mudhish kecha marhumning ayoli uyida bo‘lmagan).

Inkor etib bo‘lmas dalilar oldida ojiz qolgan O.O. aybiga iqror bo‘ldi. Tan olishicha, u qo‘shnisi S.P. o‘ldirib, pul mablag‘larini qo‘lga kiritish va shu tariqa boshqalardan bo‘lgan qarzlaridan qutilish uchun 2020 yil 8 oktyabr kuni kechasi (temir bolg‘a bilan qurollanib) xonadonga bostirib kiradi. Va xonadon egasi S.P. va uning o‘g‘lini (bolg‘a bilan bosh qismiga urib) qasddan o‘ldiradi.

Voqea joyidan yashirinish paytida esa marhumga tegishli telefon va temir bolg‘ani yaqin atrofdagi uylar tomiga uloqtirib yuboradi.

Ayni paytda O.O. hibsga olingan. Jinoyat ishi nazoratda. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring