Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Paxta xirmonidan to tikuv dastgohiga qadar. Egningizdagi libos qanday paydo bo‘lishini bilasizmi?

Paxta xirmonidan to tikuv dastgohiga qadar. Egningizdagi libos qanday paydo bo‘lishini bilasizmi?

Foto: O‘zmilliybank matbuot xizmati

Yaxshi ishni bajarish bilan birga uning yaxshilab ko‘rsata olish ham muhim ahamiyatga ega. «Milliy bank» shunga monand ish olib bormoqda — ham ishlayapti, ham ishini ko‘rsatib bera olyapti.

O‘tgan hafta «Milliy bank» bir qator OAV vakillarini Andijon safariga taklif etdi. Bankning viloyat filialida boshlangan sayohat davomida bir qator loyihalar bilan tanishdik. Eng qiziqarli tafsilotlarga to‘xtalsak.

Samolarni ko‘zlagan «Samo»
«Samo» brendi ostida chiqariladigan trikotaj mahsulotlari bozorda ko‘p turib qolmaydi. Chunki Xo‘jaobod tumanida joylashgan «Nil Granit» MChJ kiyim-kechaklari eng avvalo xorijga yo‘naltiriladi. O‘zbek savdogaridan oldin Germaniya, Polsha va Belarusdan kelgan dilerlar buyurtma berib ketishadi. Ertaroq harakat qilmasa bo‘lmaydi.

Oddiy raqamlarga murojaat qilsak — korxona qiymati 10 million AQSh dollaridan iborat. Ushbu loyihani moliyalashtirish uchun «Milliy bank» 6,10 million dollar miqdorida kredit ajratgan. Korxonaning o‘z mablag‘lari esa 3,9 million dollardan iborat.

Xo‘sh, shunday korxona bir yilda xorijga qancha mahsulot eksport qilishi mumkin? Bizga berilgan ma’lumotlarga qaraganda «Nil Granit» 7 million dollarlik kiyim-kechakni xorijga chiqaradi. Endi bir o‘ylab ko‘ring, xuddi shunday korxonadan har bir tumanda bo‘lsa, nimalar bo‘lar edi?

Shuncha daromad bo‘lsayu, ishchilarga e’tibor berilmasa bo‘ladimi? Bo‘lmaydi, albatta. Hozir hamma idora va korxonalar bir maqsad yo‘lida ishlamoqda — xalq roziligini olish. «Nil Granit» korxonasi uch qavatdan iborat va har bir qavatda alohida shifokor ishchilar sog‘ligini nazorat qilib turadi. Issiq ovqat o‘z vaqtida beriladi. «Haftada kamida bir marta albatta devzira guruchdan osh bo‘ladi», — dedi biz bilan suhbatda ishchilardan biri. Yana transport masalasida ham muammo yo‘q, ertalab ishga olib kelgan avtobus tushdan keyin 5:30da darvoza yonida taxt bo‘lib turadi. Ishchilarni uyiga eltib qo‘yish kerak.

Ammo bu hali hammasi emas. Hozirda korxona uchun alohida shifoxona qurilmoqda. Issiq jon, isitmasiz bo‘lmaydi. «Samo» ishchilari yangi shifoxonada bemalol sog‘ligini tiklashi mumkin.

«Nil Granit» rahbariyati ayni vaqtda yana bir korxona qurishni rejalashtirmoqda. Ammo bu korxona Xo‘jaobodda qurilmaydi. Chunki tumanda ishga olish mumkin bo‘lgan tikuvchi ayollar qolmagan, hammasi «Nil Granit»da ishlaydi. Endi boshqa tumanlarda ish boshlash kerak...

Paxta qanday matoga aylanadi?
Egningizdagi libos sizning qo‘lingizga tushgunga qadar ko‘p «sarguzashtlar»ni boshidan o‘tkazadi. Avval chigit bo‘lib yerga qadaladi, keyin terib olinib, paxta topshirish punktiga olib kelinadi, tolasi ajratib olinadi. So‘ng yigiruv sexi, to‘quv sexi, rang bosish, bichish, tikish... Xullas, gap ko‘p.

Qo‘rg‘ontepa tumanidagi «Khantex Group» MChJga qilingan sayohat davomida OAV xodimlari mana shu jarayonning barchasini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, guvohi bo‘lishdi. Hozir yurtimizda klaster tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. «Khantex Group» esa bu borada namuna bo‘la oladi. Jurnalistlar avvalo paxta yetishtiradigan maydonni ko‘zdan kechirishdi, keyin paxta xirmoniga borishdi. Albatta bu rasmga tushib olish uchun ham qulay fursat.

Shundan so‘ng yigiruv sexiga navbat keldi. Hozirgina chanoqda turgan dag‘al paxtaning yumshoq tolasi ajratib olinib, kalavaga aylanishini ko‘rish kishiga katta zavq beradi. Eng muhimi — «Khantex Group» rahbarining ta’kidlashicha, paxta yetishtirishdan tortib, terib olinib, matoga aylangunga qadar bo‘lgan barcha mehnat texnika kuchi bilan amalga oshiriladi. Yaqingacha bunaqasini faqat orzu qilardik.

«Milliy bank» bilan viloyatlarga safar hali davom etadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring