Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Partiyadoshlar bir-birini obro‘sizlantirmoqda

Partiyadoshlar bir-birini obro‘sizlantirmoqda

Foto: «russian.rt.com»

AQShda 2020-yil 3-noyabrda bo‘lib o‘tajak prezidentlik saylovi uchun partiyalar o‘z nomzodini aniqlashtirib olish jarayoni qizg‘in kechmoqda.

3-fevralda Ayovada demokratik partiya faollari yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi va delegatlarni saylashadi. 2020-yil 13-16-iyulda esa Viskonsin shtati Miluoki shahrida demokratlarning milliy qurultoyi o‘tkaziladi. Aynan shu yerda Donald Trampning saylovdagi raqibi aniqlanadi.

Hozir demokratik partiyadan qatnashayotgan 20 nafar nomzod orasidan Jozef Bayden yaqqol yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, Elizabet Uorren, Kamala Harris va Berni Sanders ham uning ortidan izchil ta’qib qilib borayapti.

Hozir demokrat nomzodlar 10 nafardan ikki guruhga bo‘lingan holda debatlarni qizitmoqda. 5 oy davom etadigan bu bahslar kuchlilarni saralaydi. Kuni kecha Nyu-York shtatidan senator Kirsten Jillibrand o‘yindan chiqqanini bildirdi.

Bahslarda demokratlarning barchasi Tramp olib borayotgan nomaqbul migratsiya siyosati, sog‘liqni saqlash islohotlarining zaruriyati, iqtisodiyotning bir yoqlama rivojlanayotgani, jamiyatda irqchilik unsurlarining kuchayib borayotgani, qurol-yaroqni cheklash kerakligi haqida baralla gapirmoqda.

Hozir partiya ichida kechayotgan debatlarda demokratlar, ayniqsa Xarris va Klobushar bir-birini qattiq obro‘sizlantirayotgani kuzatilmoqda. Bundan tashqari, Berni Sanders o‘zining qat’iy pozitsiyasi bilan tobora kuchayib borayapti.

Siyosatchi Bred Bennonning aytishicha, hozirda Sanders uchun eng katta muammo Elizabet Uorren xonimdir. «U Berni saylov kampaniyasidan barcha kislorodni tortib olishi mumkin. 2016 yilda Bernini qo‘llab-quvvatlagan taraqqiyparvar saylovchilarni xonim hozirda o‘z tomoniga og‘dira boshladi».

Hozirda demokratik platformada farqlanuvchi yana bir jihat shundaki, partiyaning ko‘plab nomzodlari o‘rta va kichik yoshdagi kishilardir. Partiya yetakchilari haqiqatdan ham yosharib bormoqda. Lekin tajribali Bayden va Sanders kabi ularning asosiy ustunlari va eng qudratli kuchlari keksa avlodga tegishli va yetmishni qoralab qo‘yishgan.

U 2015-yilda bo‘lajak prezidentlik saylovlarida ham o‘z nomzodini ilgari surgan edi. Ammo 2016-yil 12-iyulda Xillari Klintonni qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi va musobaqadan o‘z nomzodini chaqirib oldi.

Berni Sanders. Foto: fondsk.ru

Dovyurak xalq nomzodi

Vermont shtatidan senator Berni Sanders 1921-yilda Polshada Nyu-Yorkka kelgan kambag‘al yahudiy immigrantlar oilasida katta bo‘ldi. Chikago universitetining siyosatshunoslik yo‘nalishida tahsil olgan. Shundan keyin bir muddat Isroilga ko‘chib ketib, o‘sha yerda yashagan.

U 1981-89-yillarda Berlington shahri meri etib saylandi. To‘rt martalik boshqaruv davrida u shaharni mamlakat miqyosida odamlar yashashi uchun eng qulay va ko‘rkam kentga aylantira oldi.

1991-2007-yillarda AQSh Vakillar palatasi a’zosi, 2007-yildan senator bo‘lgan. 2013-15-yillarda Senatning Veteranlar ishlari bo‘yicha qo‘mitasini boshqardi.

1988-yilda Jeyn O‘Mira Driskoll bilan turmush qurgach, asal oyini SSSRning Yaraslavl shahrida o‘tkazgani ham diqqatga molik. Chunki Berlington ushbu shahar bilan birodarlashgan maqomiga ega bo‘lgan edi. Lekin har bir siyosatchi ham ikki raqobatlashayotgan davlat sharoitida bunday murakkab qadamni qo‘yishga botina olmas edi.

Shu bilan birga Vashingtonning Nikaragua bilan munosabatlari ziddiyatli nuqtada bo‘lganiga qaramay, shahar meri sifatida ushbu davlatga safar uyushtirib, hatto mamlakat prezidenti bilan ham uchrasha olgan dovyurak shaxsdir.

Sander Floridada o‘tgan ilk debatda u uzoq tayyorlangani, ma’lumotlarni diqqat bilan o‘rgangani, AQShdagi ichki manzaraning yaqqolligi, kerakli so‘zlarni va tushunchalarni aniq qo‘llashi, tomoshabinlarning hissiyotlari bilan hisoblashishi, jo‘shqin ko‘rinishi bilan raqiblaridan ajralib turdi. 

Amerikaliklar sotsializm tarafdori

O‘rganishlar AQShda sotsializm g‘oyalari tobora ommalashib borayotganini ko‘rsatmoqda. Masalan, «Amerika demokratik sotsialistlari» tashkiloti a’zolari soni 2016-yilda atigi 7 ming bo‘lgan bo‘lsa, ayni paytda 55 ming kishiga yetdi.

«Demokratik sotsializm» siyosiy konsepsiyasi sotsializmning bir partiyali tizimga va iqtisodiyotda davlatning yetakchilik roliga asoslangan markscha-lenincha yo‘nalishidan tubdan farq qiladi. Bunda davlat milliarderlarning emas, balki oddiy odam manfaatlarini ifoda etadi.

Ishchilar va o‘rta sinf manfaatlarining himoyachisi sifatida maydonga chiqayotgan Berni Sanders ham sotsial-demokratiyaning skandinavcha modelini qurish tarafdoridir.

Foto: thenation.com

Uning dasturida so‘l radikalizm kuchliligi bilan ajralib turadi. Ya’ni, u radikal o‘zgarishlar tarafdori bo‘lyapti. U dunyoda so‘nggi yuz yillikdagi barcha balolar ortida yirik mablag‘lar, birinchi navbatda AQSh kapitali turganini e’lon qildi. U jamiyat asoslarini qayta ko‘rib chiqishga, uni ijtimoiy yo‘naltirilishini kuchaytirishga, aholi daromadlarini tenglashtirishga chaqirmoqda.

U «AQSh iqtisodiyoti faqat boylar uchun emas, balki barcha uchun ishlashi kerak», degan shiorni ilgari surmoqda. Boshqalardan farqli ravishda u sotsializmda shunchaki boshlovchi emas, balki barcha yo‘nalishlar bo‘yicha katta tajribaga ega va konsepsiyani qanday qurishni yaxshi biladigan shaxsdir.

Masalan, u eng badavlat va qashshoq qatlam o‘rtadagi iqtisodiy tafovutni kamaytirish maqsadida 2015 yildayoq federal eng kam ish haqini 2020-yilga borib, 15 dollarga ko‘tarish bo‘yicha qonun loyihasini ilgari surgan edi. Hozirda bu miqdor mamlakat bo‘yicha o‘rtacha 7,5 dollarga teng. Garchi hujjat qabul qilinmagan bo‘lsa-da, millionlab quyi qatlam vakillari tomonidan bu fikr katta qiziqish bilan qabul qilindi.

Sanders «xej-fondlar va korporatsiyalarga taqdim etilgan soliq imtiyozlarini bekor qilish, aksincha kapital ko‘payganda soliqlar yukini oshirish to‘g‘ri bo‘ladi», deb hisoblaydi. Eng boylar uchun eng yuqori soliq stavkasini, ya’ni 90 foiz darajasida qo‘llash niyatini yashirmayapti.

«Amazon» kabi kompaniyalar milliardlab dollar foyda olgani holda budjetga bir sent ham federal daromad solig‘i to‘lmasligini keskin tanqid qildi.

«Soliq deklaratsiyasiga muvofiq o‘tgan ikki moliya yilida  «Amazon» haqiqatdan ham federal budjetga bir sent ham to‘lmagan. Vaholanki, 2018-yilda 11 milliard dollardan ortiq foyda topgan. Aksincha, budjetdan 137 million dollargacha tovon puli olgan. Buni qanday tushunish kerak

U «Amazon» rahbari Jeff Bezosning tanqid qilgani uchun unga tegishli bo‘lgan «The Washington Post» ommabop gazetasi u bilan juda ehtiyotkorona munosabatda bo‘layotganini ham tanqid qildi.

Kuzatuvchilar Berni Sandersning ancha vaqtdan buyon siyosiy qarashlari barqaror saqlanib qolayotganini e’tirof etishmoqda.

Sanders saylov kampaniyasida bir tamoyilga tayanmoqda. Ya’ni korporatsiyalar va taniqli boylardan xayriya mablag‘lari qabul qilmaslikka qaror qilgan.

U Uoll-strit mansabdorlarini juda tanqid qilib, demokratlar orasidan ikki asosiy nomzodning bo‘yni yo‘g‘on boyvuchchalar qo‘liga qarab qolgani, ular bilan yaqin aloqasini borligi uchun tanqid qilmoqda. Lekin bu holda saylovoldi kompaniyasini moliyalashtirish qanday kechadi?

Uning kampaniyasida asosan yoshlar bepul – ko‘ngilli sifatida ishlamoqda. Kam sonli boylardan ko‘p-ko‘p pul emas, balki ko‘p sonli aholidan oz mablag‘ yig‘ish mexanizmini yaratgan. U haqiqatdan ham qanday pul topishni biladi. Saylov kampaniyasi boshlangan birinchi uch oydayoq fandrayzing usulida 18 million dollar ishlab topdi. 525 ming kishi 900 ming marotaba xayriya qildi.

«Har bir o‘tkazma 20 dollarga to‘g‘ri keldi. 20 foiz donorlar nomzodning yangi tarafdorlari ekanligi bizni xushnud etmoqda», deydi Sanders saylovoldi shtabi rahbari Faiz Shakur.

AQSh qonunchiligiga ko‘ra prezidentlikka nomzodlarga barcha tushgan xayriya mablag‘larini kuzatib borishi va ochiq e’lon qilishi shart.

(Davomi bor)

A.Hasan o‘g‘li

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring