Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Pandemiya jarayonni tezlashtirib yubordi» — Abduvali Haydarov (video)

«Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi» davlat unitar korxonasi bosh direktori Abduvali Haydarov bilan suhbat.

— Xalq ta’limi tizimida yaratilayotgan elektron platformalar, veb-resurslar, dasturiy mahsulotlar va axborot tizimlarini joriy qilinishi ta’lim jarayonini yengillashtirish bilan bir qatorda, zamon talabiga mos ravishda bilim olishga sabab bo‘lmoqda. Ularni yaratishning zarurati nimada va qanday qulayliklari mavjud?

— Bizning markazimiz 2018 yilda 5 kishi bilan o‘z faoliyatini boshlagan. Ayni paytda 100 dan ortiq xodimimiz bor. Hozirgi kunda dunyoning turli mamlakatlarida odamlarni og‘irini yengil qilish, vaqtini tejash, bir qator qulayliklar yaratish maqsadida xalq ta’limi tizimida raqamlashtirish ishlari olib birilmoqda. Bizda ham shunga o‘xshash 25 ga yaqin loyihalar ustida ishlanyapti.

Aytingchi, maktab.uz masofaviy ta’lim platformasi o‘quvchilar va ularning ota-onalariga qanday imkoniyatlarni taqdim etadi? Uning afzalliklari nimada?

— Maktab.uz platformasi hozirgi kunda yaratib bo‘linish arafasida. Maktablarda sinovdan o‘tkazib, tekshirish ishlarini yakunlayapmiz. O‘quvchilarga o‘tgan yili pandemiya sharoitida ancha qiyin bo‘ldi. Onlayn o‘qish videodarslar yordamida amalga oshirildi. Lekin chekka hududlarda yashovchi o‘quvchilarda videodarslarni ko‘rishga yetarlicha imkoniyat bo‘lmagani, svet o‘chib qolishi kabi muammolar sababli darslar qolib ketgan vaziyatlar ham uchradi.

Shundan kelib chiqib, maktab.uz platformasining loyihasini tuzdik. Bu loyiha «flipped classroom» tamoyili asosida ishlaydi. Ya’ni, asosan o‘quvchining o‘zi o‘qituvchi bilan birga chuqurroq izlanishiga qaratilgan. O‘quvchi platforma orqali videodarsni ko‘radi. Darslarni o‘ziga ma’qul vaqtda qayta ko‘rish imkoniyati ham mavjud. Platformaga kirganda har bir o‘quvchining o‘z akkaunti (sahifasi) bo‘ladi. Unda o‘ziga tegishli dars va uy vazifalarini ko‘rishi mumkin. Keyin mavzuga bog‘liq bo‘lgan test savollari bo‘ladi. Agarda bola test yechishda qiynalsa, platforma bolaga qo‘shimcha bilim va ko‘nikma berish uchun uni boshqa resurslarga ham bog‘lab beradi. Agar bola testni yaxshi ishlay olsa, rivojlanishi uchun undan yaxshi bo‘lgan resursga yo‘naltiradi.

Platformaning yana bir qulay tomoni, o‘qituvchi har bir o‘quvchini kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Platformaning dashboard qismida har bir o‘quvchining qaysi fandan yaxshi o‘zlashtirayotganligi, qaysi mavzuni yaxshi o‘zlashtira olmayotganligi bo‘yicha ma’lumotlar chiqadi.

Misol uchun, Bobur matematika fanidan tenglamani yaxshi yechdi. Sodiq tenglamani yaxshi yecha olmadi, kasrlarni yaxshi yechdi. Har bir bolani analitikasi bo‘ladi. O‘qituvchida shu kabi umumiy ma’lumotlar jamlanadi. Shundan kelib chiqib, yaxshi o‘zlashtira olmayotgan bolalarga mavzuni yanayam chuqurroq o‘tib beradi. Agar bitta sinfda 30 ta bola o‘qiydigan bo‘lsa, bu degani 45 daqiqada bir bolaga 1,5 daqiqa vaqt ajratiladi. Albatta, bu kam.

Ota-onaga ham bolasi o‘qituvchidan qanday topshiriq oldi, uni bajardimi-yo‘qmi, o‘zlashtirish darajasi ko‘rinib turadi. Buning yana bir muhim jihati bor. Masalan, bola ingliz tili va matematikani yaxshi o‘zlashtiryapti. Shunga qarab kasbga yo‘naltirish oson bo‘ladi.

Platformaning dizayniga ham alohida e’tibor berilgan. 1-4-sinf o‘quvchilari uchun qiziqarli, rangli, yosh bolaga xos bo‘lgan grafikalar ishlatilgan. Yuqori sinf o‘quvchilari uchun sal jiddiyroq, o‘zining yoshiga mos grafikalardan foydalanilgan.

Bolalarni interfaol o‘yinlar yordamida ta’limga qiziqtirish va bilim darajasini oshirishga ko‘maklashuvchi «Virtual ta’lim interaktiv loyihasi» haqida ma’lumot bersangiz.

— «Virtual ta’lim platformalari» 2020 yildan boshlangan. Interaktiv virtual ta’lim loyihasining maqsadi bolaga darsliklardan kelib chiqib, o‘yin misolida fanni qiziqroq qilib tushuntirishdir. Yosh bolaga ertadan-kechgacha o‘qi, degan bilan fanga qiziqtirish qiyin. Ushbu loyiha mavzu bo‘yicha tasavvur uyg‘onishiga yordam beradi.

Loyihani yanada takomillashtirish ishlari amalga oshirilyaptimi?

— Hozirda loyiha ustida ishlayapmiz. Qo‘shimcha funsional imkoniyatlar qo‘shib boryapmiz. To‘liq ishga tushganidan keyin ommaga e’lon qilib, sinov tariqasida yo‘lga qo‘yamiz.

—Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi hozirda ta’lim tizimini raqamlashtirish borasidagi yana qanday loyihalar ustida ish olib bormoqda?

— 25 ga yaqin amalga oshirilayotgan loyihalarning 15 ga yaqini raqamlashtirish borasida. Qolganlari metodalogik, xalqaro yo‘nalishda ishlanyapti. Raqamlashtirish borasidagi loyihalardan biri bu «Raqamli kutubxona».

Oldin esingizda bo‘lsa kutubxonachilar kartoteka, jurnal to‘ldirishardi. Bunga ancha vaqt ketib, jurnallarning yo‘qolish holatlari uchrar edi. Hozirgi kunda «Raqamli kutubxona» loyihasida kutubxonaga kirayotgan bolaga kitob berish jarayoni avtomatlashtiriladi. Bola keladi, kutubxonachi skaner qilib tizim orqali kitobni bolaga biriktiradi. Bu ikki tomonlama ham o‘quvchi, ham kutubxonachiga kitob o‘z vaqtida qaytarilishini ko‘rsatib turadigan tizim bo‘ladi.

Maktabdan tashqari ta’limni rivojlantirish borasida ham ko‘zlangan loyihalar bormi?

— Bor. Bu oktyabr-noyabr oylarida e’lon qilinishi kutilayotgan VR-TURIZM loyihasidir. Bilsangiz, respublika bo‘ylab 214 ga yaqin Barkamol avlod bolalar maktablari bor. Har birida to‘garaklar mavjud. Bularga qo‘shimcha sifatida VR-TURIZM loyihasi amalga oshiriladi. Bola VR-ko‘zoynak orqali Toshkentdan turib Samarqand yoki Buxoroga, tarixiy obidalarga sayohat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shunday qilib, har bir bola respublika bo‘ylab sayohat qila oladi. Baribir virtual ko‘rgandan keyin, odamda borib ko‘rishga qiziqish ortadi. Bu mamlakatda hozirgi kunda keng targ‘ib qilinayotgan ichki turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi. Bola ota-onasini virtual ko‘rgan joylariga borishga undaydigan bo‘lsa, ham ota-ona, ham bola tarixiy meroslardan ma’naviy ozuqa oladi.

Undan tashqari, maktabdan tashqari ta’limni rivojlantirish borasida amalga oshirilishi ko‘zlangan loyiha sifatida ArtShopni misol qilib keltirish mumkin. Barkamol avlod maktablarida hunarmandchilik to‘garaklari bor. O‘shanda bolalarning qo‘l mehnati bilan yaratgan mahsulotlari bo‘ladi. Mazkur loyiha orqali bolaning o‘zi yasagan buyumlarini sotish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu bolalarni to‘garaklarga jalb qilishga, hunar o‘rganishiga yordam beradi.

Keyingi yillarda Prezidentimiz tomonidan kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilandi. Yosh kitobxon bolajonlarimiz, umuman olganda, kitobsevar muxlislar uchun qanday elektron qulayliklar yaratilmoqda?

— Bu bo‘yicha bizda kitob.uz loyihasi bor. Hozirgi vaqtda 2000 dan ziyod elektron, 1000 dan ko‘p audio resurslar mavjud. Istalgan joydan turib mutolaa qilish imkoniyatiga ega bo‘lasiz. Kundan-kunga yangi kitoblar bilan to‘ldirib boryapmiz. Mazkur platformadan nafaqat respublika hududida, balki boshqa mamlakatda foydalanish mumkin. 5 milliondan oshiq vatandoshlarimiz xorijda bo‘ladigan bo‘lsa, ularning bolalari mutolaa qilishi uchun o‘zbek tilidagi kontentlar kam. Ular o‘zbek tilini unutib yubormasligi, milliy qadriyatlar yo‘qolmasligi maqsadida kitob.uzdan foydalansa bo‘ladi.

— Joriy yilda o‘quvchilarni 1-sinfga onlayn qabul qilish tizimini yo‘lga qo‘yilishi xalq ta’limi tizimida keskin burilish bo‘ldi, deb ayta olamiz. Bu tizim ishga tushgach, ba’zi ota-onalarning og‘iri yengil bo‘lgan bo‘lsa-da, ba’zilari uchun bosh og‘riq bo‘ldi. Maktab.uz elektron platformasining dastlabki sinov ishlari qay darajada yakunlandi? Kelgusi yilda aholi uchun oson foydalanish imkoniyatini yaratishda nimalar rejalashtirilgan?

— My.maktab.uz platformasini ishlab chiqqanimizdan keyin 1-sinfga 110 mingga yaqin o‘quvchini qabul qildik. Tizim Toshkent shahri va viloyat markazlari maktablarida sinov tariqasida amalga oshirildi. Aytganingizdek, yaxshi o‘tdi. Lekin baribir har yerda ham o‘ziga yarasha ijobiy-salbiy tomonlar uchrab turadi. Tushunmovchilik holatlari yuzasidan Call-markazimiz va mutaxassislar tomonidan ota-onalarga yordam ko‘rsatildi. Telegram kanalida kerakli yo‘riqnomalarni taqdim etib bordik. Bu ota-onalarga uydan turib bolasini maktabga ro‘yxatdan o‘tkaza olish imkoniyatini berdi. Ortiqcha ovoragarchilik, maktabga bor, issiqda yur, navbat kut singari holatlarga chek qo‘yildi. Kelgusida loyihani yanayam kengaytirishni reja qilyapmiz.

Markaz yurtdoshlarimiz bilmagan yana qanday xizmatlarni ko‘rsatadi?

— Ko‘pchilik bilmagan bir nechta loyihalarimiz ham bor. Ular back office deyiladi. Maktablar, o‘qituvchilar uchun qulayliklar yaratish bo‘yicha ERP dasturi bor. Ortiqcha qog‘ozbozlikni kamaytirish, raqamlashtirish doirasida ancha yengilliklar yaratadigan tizim.

Call-markaz faoliyati haqida to‘xtalsangiz.

— Bizda ishonch telefoni bor: 202-09-09. Operatorlar aholidan keladigan murojaatlarni tezkorlik bilan hal etish, ularni to‘g‘ri yo‘naltirish, tahlil qilish, agar muammoli holatlar uchraydigan bo‘lsa mutaxassislar bilan yechimini topishga yordam berishadi.

Kelgusida qanday loyihalarni amalga oshirishni reja qilgansiz?

— Xalq ta’limi tizimida raqamlashtirishni yanayam kengaytirish, ota-onalarga, o‘qituvchilarga, maktablarga qulay imkoniyatlar yaratib berish, vaqtini tejash, xalqaro tajribalarni yurtimizda tatbiq qilish singari bir qator loyihalarni amalga oshirishni reja qilganmiz.

Bolalarni bilim olishga qiziqtiradigan yana qanday loyihalar mavjud?

— Edu Kids loyihasini aytsak bo‘ladi. Ko‘pchilik bu haqida qo‘shimcha takliflar yuborishyapti. «Bolajon» telekanalida uzatilyapti. Mazkur loyiha ilmiy-ommabop videoroliklardan iborat bo‘lib, bolalarga animatsiya shaklida ma’lumot berib borishga qaratilgan. Misol uchun, dayjestlarning birida bola Olimpiada o‘zi nima, tarixi qanday degan savollarga javob olish imkoniga ega. 2020 yili 43 ta video ishlab chiqilgan bo‘lsa, joriy yilning yakuniga qadar 60 ga yaqin video tayyorlash reja qilingan.

— Aytingchi, agar pandemiya bo‘lmagan taqdirda tizimni raqamlashtirish, masofaviy platformalar shu darajada rivojlangan bo‘larmidi?

— Rivojlanish sur’ati hozirgi paytga nisbatan sekinroq bo‘lgan bo‘lar edi. Pandemiya bu jarayonni tezlashtirib yubordi. Talab ortdi.

Hozirda Zamonaviy maktab loyihasi ustida ham ish olib borayotgan ekansizlar. Shu haqida ham qisqacha ma’lumot berib o‘tsangiz.

— Zamonaviy maktab loyihasi O‘zbekiston Prezidentining 2019 yil 26 noyabrdagi 4537-qarori asosida ishlab chiqilgan. Loyiha bo‘yicha xalqaro tajriba o‘rganildi. Shu bo‘yicha 4 ta soha, 11 ta bo‘lim, 38 ta mezon ishlab chiqildi. Hududlardan 42 ta maktab tanlab olindi va o‘rganildi.

Mutaxassislar tomonidan darajalar bo‘yicha maktablar aniqlanib, Zamonaviy maktab sertifikatlari bilan taqdirlandi. Uni OAVda keng yoritdik.

 Yil yanuniga qadar 750 ga yaqin maktablarni ko‘rib chiqish, ularni zamonaviy maktab maqomiga to‘g‘ri keladi yoki yo‘qligini aniqlab, sertifikatlar bilan taqdirlashni rejalashtiryapmiz. Loyihaning muhim tomoni shundaki, ota-onalar maktabdagi ta’lim sifati, moddiy-texnik bazasi va shunga o‘xshash resurslar bo‘yicha har bir yo‘nalish borasida ma’lumotga ega bo‘lib, bolasi uchun maktab tanlaydi. Maktablar kirish eshigida sertifikatni ilib qo‘yadigan bo‘lsa, kirgan ota-ona biladi, demak bu Zamonaviy maktab talablariga mos keladi, deb.  Bu esa maktablar o‘rtasida sog‘lom raqobatni yaratish, o‘z ustida ishlash, Zamonaviy maktab maqomiga erishish uchun harakat qilishiga zamin yaratadi.

— Ta’lim tizimini raqamlashtirish, undan tashqari qanchadan-qancha loyihalar ishlab chiqilyapti, deyapmiz. Shu kungacha bundan qancha maktab foydalana oldiyu, kelgusida yana qanchasi foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar?

— Raqamlashtirish doirasida ko‘p ishlar amalga oshirilyapti deyapmiz. Maktablarda oxirgi 3 yilda yuqori tezlikdagi internet infratuzilmasi 3 foizdan 95 foizga va joriy yil boshidan boshlab ichki lokal tarmoq infratuzilmasi (kompyuter sinfi, o‘qituvchilar xonasiga wi-fi va o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosariga lokal tarmoq) 5300 ta (53 foiz) maktablarda tashkil etildi. Qolgan maktablarni ham ichki lokal tarmoq infratuzilmasiga ulash bo‘yicha ishlar amalga oshirilyapti. Bu imkoniyatlar maktab o‘qituvchi va o‘quvchilariga elektron resurslardan keng foydalanish imkoniyatini beradi.

Suhbatimiz davomida sizdan so‘ramagan savollarimiz, o‘z fikrlaringiz bo‘lsa biz bilan o‘rtoqlashsangiz.

— Elektron shahodatnoma loyihasi, vasiylik-homiylik yetim bolalar portali, EduCare loyihasi bor. Bular hammasi qo‘shimcha qulayliklarni yaratishga qaratilgan. 

Kelajakda markaz tomonidan xalqimizga imkoniyatlarni yaratib berish, ularni axborot tizimlaridan keng foydalanishga undash va shu orqali ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘lishlariga erishishga qaratilgan rejalarimiz bor.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring