Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zsanoatqurilishbank»da korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinadi

«O‘zsanoatqurilishbank»da korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinadi

Foto: O‘zsanoatqurilishbank Axborot xizmati

«O‘zsanoatqurilishbank» ATB tizimida mahalliy va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati tubdan qayta ko‘rib chiqiladi, xalqaro standartlar asosida ishlaydigan anti-korrupsion tizim joriy qilinib, faqatgina Bank kengashiga bo‘ysunadigan mustaqil tuzilma faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil yanvar oyida Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi jamiyatning barcha a’zolari «halollik vaksinasi» bilan emlanmas va korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga o‘tilmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmasligimizni ta’kidlagan edi.

«O‘zsanoatqurilishbank» tizimiga ham halollik standartlarini joriy etish, bunda korrupsiya holatlarining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, ularni bartaraf etishning ta’sirchan tizimini yaratish, xodimlar zimmasidagi vazifa va funksiyalarni bajarishda yuzaga keladigan korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni baholash tizimini takomillashtirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Adliya vazirligi, Markaziy bank singari davlat tashkilotlari bilan bir qatorda xalqaro tashkilotlar, xususan Xalqaro Standartlashtirish Tashkiloti, shu sohada nufuzli xorijiy nufuzli tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijdagi vatandoshlarimiz bilan hamkorlikda Bankda yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish bo‘yicha 2020-2021 yillarga mo‘ljallangan «yo‘l xaritasi» ishlab chiqilmoqda.

«Yo‘l xaritasi» Bank tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish «komplayens-nazorat» tizimini joriy qilish, zamonaviy axborot texnologiyalardan foydalanish ko‘lamini yanada kengaytirish, davlat xaridlari va budjet mablag‘larini sarflashda, mijozlarga xizmat ko‘rsatishda va xodimlarni ishga olish jarayonlarida shaffof va samarali tizim joriy qilish, jamoatchilik nazoratining ta’sirchan shakllaridan foydalanish samaradorligini oshirish singari vazifalarni o‘zida qamrab olgan.

Endilikda Bank tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus komissiya va alohida tuzilma tomonidan halollik standartlarini joriy qilish bo‘yicha tizimli ishlash yo‘lga qo‘yiladi. Hozirgi paytda ichki nazorat («komplayens-nazorat») hamda risk menejmenti tizimlari faoliyati tubdan isloh qilinib, amaldagi me’yoriy huquqiy hujjatlar o‘rganilib, siyosat, ichki tartiblar va sohaga oid boshqa me’yoriy huquqiy hujjatlar ishlab chiqilmoqda.

Qayd etish kerakki, korrupsion xavf-xatarlarni bartaraf etish korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida kompleans funksiyalarni amalga oshiruvchi xodimlardan soha bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishlikni taqozo etadi. Shu maqsadda joriy yil so‘ngiga qadar ularni nafaqat mahalliy, balki xorijiy tajribadan ham xabardorligini oshirishga qaratilgan o‘quvlar tashkil etib, tegishli xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lishi ustida ish olib borilmoqda.

Bank Axborot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring