Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zLiDeP rahbari avtomobillar narxi oshirilishidan noroziligini bildirdi

O‘zLiDeP rahbari avtomobillar narxi oshirilishidan noroziligini bildirdi

Foto: O‘zLiDeP

«UzAuto Motors»ning narxlarni xalq bilan maslahatlashmay oshirishi partiya elektoratini ham, O‘zLiDeP deputatlarini ham norozi qildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Haitov bu masalada quyidagilarni bildirdi.

— Vaholanki, taraqqiyotimizning yangi davrida har bir tashkilot o‘z qarorini xalq muhokamasiga qo‘yishga o‘rgandi. Hattoki, qonun loyihalari ham xalq «ekspertiza»sidan o‘tkazilayotgani fikrimizga yaqqol dalil. UzAuto Motors esa ana shu yangi tendensiyani nazar-pisand qilmadi. Narxlarni o‘zi bilganicha oshirdi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalardan chetda qolib ketyapsizlar, deguvchilarga aytmoqchimiz: O‘zLiDeP saylovoldi dasturida monopol korxonalarga qarshi kurashish ustuvor vazifa etib belgilangan. Partiyamiz barcha tadbirkorlik sub’yektlari uchun teng, halol, adolatli, tizim yaratish tarafdori. Ana shunday demokratik-liberal tamoyil odamlarni ham, tadbirkorlarni ham davlatdan rozi bo‘lib yashashiga zamin yaratadi.

UzAuto Motors yaqin orada avtomobillarga o‘rnatilgan yangi narxlar bo‘yicha bayonot berdi. Ochig‘ini aytsak, ular o‘zini nima deb oqlashi, nega aynan «Damas», «Spark», «Nexia» kabi mashinalar narxlarida keskin o‘zgarishlar bo‘lganini bilish biz uchun ham qiziq edi.

UzAuto Motors qanday bayonot berganidan qat’i nazar, bir fikrda qat’iymiz: xalq va xalq vakillari – deputatlarni hurmat qilgan har qanday tashkilot narxni oshirmasdan oldin buni xalq muhokamasidan o‘tkazishi lozim edi.

Xulosa o‘rnida aytmoqchi bo‘lgan fikrimiz quyidagicha: bundan buyon O‘zLiDeP o‘zi bilgancha ish qiladigan monopol korxonalarni o‘z holiga tashlab qo‘ymaydi, — deydi Aktam Haitov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring