Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zini AOKA xodimi deb tanishtirganlar 200 ming so‘m pora bilan ushlandi

O‘zini AOKA xodimi deb tanishtirganlar 200 ming so‘m pora bilan ushlandi

Foto:«Xabar.uz»

Andijon shahridagi maktabgacha ta’lim bo‘limiga qarashli 6-, 33-, 47-, va 61-sonli maktabgacha ta’lim muassasalarida o‘zlarini «Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xodimlari» deb tanishtirgan fuqarolar — A.A. va M.A. muayyan muammolarni aniqlab, muassasalar rahbarlaridan pul talab qilishgan. Bu haqda AOKA rasmiy saytida xabar berilmoqda.

Xususan, ular Andijon shahridagi 3 ta maktabgacha ta’lim muassasasini tekshirib, ularning faoliyatida turli kamchiliklar aniqlab, muassasa rahbarlaridan jami 1 000 000 (bir million) so‘m miqdorida pul mablag‘ini noqonuniy tarzda talab qilib olgan. Ularning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lgan Andijon shahridagi maktabgacha ta’lim bo‘limiga qarashli 61-son muassasa rahbari mazkur ta’magirlik holati yuzasidan viloyat ichki ishlar boshqarmasiga murojaat qilgan.

Olib borilgan tezkor harakatlar natijasida 2021-yilning 19-yanvar kuni A.A. va M.A. Andijon viloyatining Marhamat tumanida joylashgan 28-sonli MTM faoliyati bo‘yicha material tayyorlash maqsadida muassasa rahbaridan 200 000 (ikki yuz ming) so‘m miqdorida pul mablag‘i olayotgan vaqtida tuman ichki ishlar bo‘limi mas’ul xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Ularga tegishli qalbaki guvohnomalar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Tekshirish davomida ushbu shaxslar «Xalq irodasi» jurnali tahririyati tomonidan berilgan guvohnomalarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi nomi yozilgan hamda davlat ramzi (gerbi) qo‘yilgan guvohnomalardan foydalanib bog‘chalar faoliyatini tekshirib yurganligi ma’lum bo‘ldi. Ular «Xalq irodasi» jurnali tahririyatida jamoatchilik shartnomasi asosida ishlab kelgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Andijon viloyati Marhamat tumani IIB tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlar olib borilmoqda. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring