Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

«O‘zimni ayol emas, zararkunandaday his qildim». Halol yashash uchun kurashayotgan yolg‘iz onalar qismati

«O‘zimni ayol emas, zararkunandaday his qildim». Halol yashash uchun kurashayotgan yolg‘iz onalar qismati

Foto: «YouTube»

Sanobar (ismi o‘zgartirilgan) 43 yoshda. Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida yashaydi. U yolg‘iz ona, o‘g‘lini o‘zi voyaga yetkazayapti. U g‘ururli, irodali. O‘g‘lining kelajagi, yaxshi tarbiya olishi uchun juda ko‘p izlanadi. Ba’zidan kiyinishdan, yemoq-ichmoqdan o‘zini tiyadi. U o‘g‘lining oliyjanob, saxovatli yaxshi bir inson bo‘lib voyaga yetishishini istaydi. Shuning uchun ko‘p vaqtini o‘g‘lining tarbiyasi, ilm olishi uchun sarflaydi.

Onasining qo‘llab-quvvatlovi tufayli o‘g‘li Olimjon (ismi o‘zgartirilgan) juda chiroyli rasmlar chizadi, plastilindan san’at namunalari yaratadi. Onasi internet orqali bolalar uchun qo‘l mehnati qo‘llanmalari, ya’ni hunar sirlaridan doimo xabardor qilib boradi. Ona-o‘g‘il bo‘sh vaqtlarida turli o‘yinchoqlar yasashadi. Olimjon tushlikka berilgan pulini o‘zi uchun ishlatmaydi. Saxovat qiladi. Yangiyo‘l bozoridagi darvoza oldida ikki oyog‘i yo‘q nogiron insonga har kuni ikkita non tashlab keladi...

Sanobar nima uchun internetga ko‘p kiradi, bilasizmi? U o‘ziga to‘q odamlardan homiy qidiradi. Va o‘sha homiylardan atrofidagi beva-bechoralarga, sharoiti og‘irlarga undirganicha nimalardir olib beradi. Masalan, nogironga — aravacha, uyi qulab tushay deb turgan bir kampirga — konditsioner (o‘zining uyida konditsioneri yo‘q).

Sanobarning saxovatli ishlari. 

Uni yo‘qlab borganimda bir pas ham holi gaplashib o‘tirolmaydi. Doimo uyida yo‘l-yo‘riq so‘rab keladigan ayol-qizlar bo‘ladi: «Xotin-qizlar qo‘mitasiga xat yozmoqchi edim...», «To‘rt bolali yolg‘iz onaman, kimdan yordam so‘rasam bo‘ladi...» Adiba ismli ayol mening jurnalistligimni eshitib, muammosi bilan o‘rtoqlashadi: «Turmush o‘rtog‘im bilan meni qaynonam uyimizdan haydab yubordi. Hozir akamning bo‘sh uyida turibmiz», — deydi. «Ishsizman, turmush o‘rtog‘im topadigan oylik bilan hali beri uy ololmaymiz».

— Qaynonangiz nega haydab yubordi?

— Qaynonam meni haydab yuborib, turmush o‘rtog‘imni birinchi xotini bilan yarashtirmoqchi, hatto o‘sha birinchi kelinini uyga olib kelgan. Xo‘jayinim esa men bilan yashamoqchi. Onasining gapiga rozi bo‘lmagani uchun bizni haydab yubordi...

Aytingchi, bularga qanday yordam berish mumkin?

Xullas, Sanobarning bu qilayotgan ishlari uchun hech kim haq to‘lamaydi. Qiynalgan odamlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishni, yordam berishni burch yuzasidan qiladi.

Sanobar irodali, g‘ururli. 14 yil ijarama ijara yurganda ham yomon yo‘lga kirmadi. Va bir kuni o‘g‘li Olimjon Prezidentdan uy so‘rab maktub yozdi. Maktubdan so‘ng, unga Yangiyo‘ldagi avval qurilgan uylardan biridan ikki xonali uy berishdi. Ona-bolaning baxtiyorligini aytmaysizmi?

Sanobar kimga nima uchun murojaat qilishni yaxshi bilgani uchun undan yordam so‘rab keladiganlar soni ko‘payib ketdi. Hali qarasang Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayevga murojaat qilib, bir xonadonda kasal bo‘lib yotgan, ammo davolanishga imkoni yo‘q ikki bolakayni kasalxonaga yotqizgan, bir qarasang, qandli diabet bilan og‘rigan 25 yoshdagi qizni shifokorlar og‘ir ahvolda qaytarib yuborishganda shifoxonaga qayta yotqizishga erishgan...

Bir safar qandli diabet kasalligiga chalingan qizi va uch nevarasi bilan sovuq, gazsiz uyda ijarada turgan va oqibatda haydalayotgan ayolga yordam berish maqsadida tuman xotin-qizlar qo‘mitasiga murojaat qiladi. Hatto televideniyeni chaqiradi. Hokimlikdagilar Sanobarga tashlanishadi. «Nega televideniyeni chaqirib bizni sharmanda qilding», deyishadi. Ammo u baribir buvi bilan nevaralarni ta’mirdan chiqqan issiq uyga ko‘chirishga erishadi. Lekin unga «senga uyni biz olib berganmiz», degan minnat yoqmaydi. O‘sha kunlari Sanobar telegramimga shunday deb yozdi: «To‘g‘ri, qiynalib uyga erishganman. Ammo ularning minnati menga og‘ir botdi. Hatto qaytarib berishga ham rozi bo‘lib ketdim, opajon!»...

Xo‘sh, Sanobar qayerda ishlaydi? Shu paytgacha har kuni 20 ming so‘m evaziga yana bir yolg‘iz ayolning chaqalog‘iga enagalik qilayotgandi. Orada o‘zi yashayotgan hududni supurib turish uchun ishga olishdi. Ammo ikki oy o‘tsa hamki, oyligini berishmadi. Bir necha marta ish haqini so‘radi, ammo maoshdan darak bo‘lmadi. Keyin u Respublika xotin-qizlar qo‘mitasining raisi T.Norbayevaga internet orqali murojaat qiladi.

O‘sha kunlari u telegramimga shunday yozgandi: «Opajon, Tanzilla Norbayevaga rahmat. Murojaat qilganimning ertasigayoq hokimlik va birjadan ikki vakil yugurib kelishdi. Men o‘g‘limning oyog‘iga etik olib berish uchun oyligimni so‘ragandim. Ular menga ikki oylik pulimni olib kelishibdi. Men ularga mayli bir oyligimni bo‘lsa ham beraveringlar, o‘g‘limning oyog‘iga etik olishim kerak, dedim. Ular nima qildi, bilasizmi opajon, xursand bo‘lganicha bir oylik pulimni tashlab ketishdi. Ulardan yana bir oyligimni beringlar, deb so‘ragim kelmadi, g‘ururim yo‘l qo‘ymadi...»

Ha, Sanobar g‘ururli, irodali. Agar g‘ururli, irodali bo‘lmaganida boshiga tushgan shuncha ko‘rguliklardan keyin hayotdan ko‘ngli sovushi, juda bo‘lmaganda chet elga ketib qolishi mumkin edi. Ammo u har gal bir gapni takrorlaydi: «Men farzandimni oliy ma’lumotli, saxovatli, yaxshi inson qilishim kerak. Buning uchun o‘zim o‘rnak bo‘lishim lozim. Yaxshi kiyinmasam ham, yaxshi yeb-ichmasam ham o‘g‘limning kelajagi uchun barcha narsamdan voz kechaman».

O‘g‘lining plastilindan yasagan san’at namunalari.
O‘g‘li bilan birgalikda yasagan o‘yinchoqlari.

Yangi yil arafasi edi. Sanobar menga yozuvlaridan ko‘z yosh oqayotgan maktub jo‘natibdi: «Opajon yasagan o‘yinchoqlarimizni sotib, yig‘ib yurgan pulimizga o‘g‘limga eski velosiped olib bergandim. O‘g‘irlab sotilgan ekan. Velosipedning egasi o‘ziga to‘q fermer uchastka noziri bilan kelib bizga baqirib ketdi. Menga alam qilgani, bizni odam o‘rnida ko‘rmagani. «Buni sotib olganmiz, deyishimizga qaramay, o‘g‘limning yuvib, artib endi minaman deb turgan joyida olib ketib qoldi. Sotuvchini yaxshiyam videoga olib qo‘ygan ekanman. Ertasiga uchastka noziri o‘g‘irlab sotgan bolaning akasidan bizga pulimizni tashlab ketdi. O‘g‘limning o‘ksigani qoldi. Men yomon onaman. Nega eski velosiped olib berdim. Yana ozroq sabr qilib, yangisidan olib bersam bo‘lmasmidi?...»

Ayni paytda Sanobar yana ishsiz qoldi. U Yangiyo‘ldagi bir sexga ish so‘rab bordi. U o‘sha kungi voqeani achchiq alam bilan yana yozib yuboribdi:

«... Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqariladigan sexga Adiba (qaynonasi uyidan quvib yuborgan ishsiz ayol) ismli dugonam bilan ish izlab bordik. Bizni qabul qilishdi. Kechgacha ishladik. Futbolkalarni «chistka» qildik. Bir soatda 70 ta futbolkani «chistka» qilish kerak ekan. Biz birinchi kuni bo‘lgani uchun 60 donadan qildik. To kech bo‘lguncha hech kim indamadi. Yonimizdagi ishchilar zo‘r ishlayapsizlar, deb aytishdi. Ammo oyoqlarimizda jon qolmadi. Kechga tomon «master» yonimizdan o‘tib ketayotib: «gaplashmanglar» deb baqirdi. Men «endi gaplashdik, hatto hojatxonaga ham bormay ishlayapmizku» dedim. Shunda ham bizga hech kim ketinglar demadi. Ammo ish tugagach, turk boshliq bizni xonasiga chaqirdi. «Ertaga ishga kelmanglar», dedi. Men sababini so‘rashga haqliman deb o‘ylabman. «Nega?» dedim. Savol berma, «qarisan» dedi. Qari bo‘lsak ham uch oydan beri ishlayotgan yoshlardan yaxshi ishladik-ku deganimni bilaman, bizga qarab shisha idishini otib yubordi. Mening xo‘rligim kelib yig‘lab yubordim. «Unda menga bir kunlik maoshimni bering», dedim. «Maosh kerakmi senga», deb baqirib jazavasi tuta boshladi. «Men o‘ynagani kelganim yo‘q, bolamni boqishim kerak», dedim. «Bir kunlik haqing uchun hamma oylik olayotganda kel unda» dedi. «Men bu yerga olti ming yo‘lkira qilib keldim. Yana bir kunlik maoshim uchun  shuncha pul sarflab kelamanmi», deb javob qaytardim. Keyin mening yuzimga 15 ming so‘mni otib yubordi. Ha, biz na pensioner va na yoshmiz. Arosatda qolgan yoshdamiz. O‘zimni ayol, ona emas, zararkunandaday his qildim. Jamiyatga hech qanday foydam tegmaydigan zararkunanda ekanman. Bolamga nima beroldim? Bir ishning boshini tutgan yaxshi ona ham bo‘lolmadim. Shunday o‘qimishli bolam oldida uyalib ketdim. Jamiyatda o‘z o‘rnini topolmagan savodsiz onaman xolos...»

Sanobar irodali, Sanobar g‘ururli... U ham boshqalar kabi yomon yo‘lga kirib ketishi, hayotdan bezishi, juda bo‘lmaganda chet elga survorishi mumkin... Ammo u farzandi uchun yaxshi ona bo‘lmoqchi. O‘zining baxtini, orzularini farzandida ko‘rmoqchi.

Ammo bu jamiyatda u uchun hamma yo‘llar berkilgan. To‘g‘ri, xotin-qizlar qo‘mitasiga o‘xshagan tashkilotlar bunday sharoitdagi oilalarning biriga uy olib berar, biriga bir martalik moddiy yordam berar, ammo bu bilan ularning muammosi tugaydimi?

Sanobarning eskigina bo‘lsa ham ikki xonali, ta’mirtalab uyi bor. Ammo ishi yo‘q. Aytaylik, o‘sha 600 minglik ishga ham kirdi, ammo bu pul bilan qanday kun ko‘rish mumkin? Ularning haq-huquqlarini, qaysi eshikka bosh suqmasin, poymol bo‘layotgan g‘ururini tiklashning qanday yo‘llari bor? Chetdan investitsiya olib kirayotgan investorlarning yuqoridagidek muomala qilishini, aytaylik, Adliya vazirligining inson huquqlari boshqarmasi o‘rganib ko‘rganmi?

Men hozir bir yolg‘iz onaning shu kunlarda boshidan o‘tayotgan, yashash uchun, halol yashash uchun kurashayotganini tasvirlab berdim. Ana endi aytingchi, mardikor bozoriga ayollar nega chiqadi? Nega farzandlarini tashlab, xorijga ketadi yoki yengiltaklik qiladi. Ko‘pchilik mas’ul idoralar ularni shunday qoralaydi: «Ma’naviyatsiz, axloqsiz ayollar yengil yo‘lni tanlaydi». Masalan, Sanobar ma’naviyatli bo‘lgani uchun fohishalik qilmayapti, chet elga ketmayapti, jinoyat ko‘chasiga kirmayapti. Ammo unga ma’naviyatli bo‘lgani uchun izzat hurmat ko‘rsatishayaptimi? Ma’naviyatli bir fidoyi ayolning qadriga yetishyaptimi?

U o‘z irodasi bilan hamma qiyinchilikni yengib o‘tishiga ishonaman. Adolat ko‘rmagan, yaxshi inson bo‘lgani uchun qadrlanmaganlarni ba’zida hayot umuman boshqa yo‘lga boshlashi ham ayni haqiqat...

Bugun, menimcha, haq-huquqi toptalayotgan ayollarga bir martalik yordam ko‘rsatish bilan ularning og‘iri baribir yengil bo‘lib qolmaydi. Balki, ularning yashash sharoitlarini yaxshilash haqida har bir tashkilot bosh qotirmog‘i lozim. Bugun bunday tashkilotlar arzimagan oylik beradigan korxonalar tashkil qilinib, ishchi o‘rinlari yaratilganini ko‘z-ko‘z qilishi kerak emas. Ayollarimizning 600 ming so‘mgina oylik beradigan ishda ishlashi — eng so‘nggi chora. Bu degani, ayniqsa, yolg‘iz onalarning farzandlari nonushtada shakar choy bilan quruq non yeb, maktabga ketishi degani.

Ha, Sanobar oriyatli, g‘ururli ayol. U qiynalsa ham yomon yo‘lga yurmaydi, hayotdan ko‘ngli sovumaydi, so‘nggi chora sifatida horijga «survormaydi». U o‘g‘li uchun yaxshi ona bo‘lmoqchi. U farzandi uchun halol, g‘ururli, oriyatli ona siftida o‘rnak bo‘lmoqchi. Ammo... yashash uchun, yaxshi yashash uchun qay eshikka bosh urmasin, u uchun eshiklar yopiq. Sanobar yolg‘iz emas, Sanobarga o‘xshagan farzandiga yaxshi tomoni bilan o‘rnak bo‘lishni maqsad qilib tosh kelsa kemirib, suv kelsa simirayotganlar juda ko‘p. Bu jamiyatda boshqalardan ko‘rayotgan xo‘rliklari evaziga singan g‘ururini, toptalgan haq-huquqini ko‘z yoshlari bilan yamayotgan, butlayotgan Sanobarlar ko‘p, juda ham ko‘p...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring