Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda zararli odatlarga qarshi kun o‘tkazildi (foto)

O‘zbekistonda zararli odatlarga qarshi kun o‘tkazildi (foto)

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Bugun, 22 iyun kuni, mamlakatimiz bo‘ylab «Zararli odatlar – umr kushandasi» shiori ostida ommaviy tadbirlar o‘tkazildi. Jumladan, poytaxtimizdagi Ashxobod sayilgohida tashkil etilgan aholi ishtirokidagi 5 kilometrga faol yurish tadbirning ko‘tarinki ruhda o‘tishini ta’minladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Ma’lumki, zararli odatlar yuqumli bo‘lmagan kasalliklar kelib chiqishining asosiy sabablaridan biri bo‘lib, shaxsni o‘zini inson sifatida tan olishga yoki sog‘lig‘iga bevosita e’tiborli bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, har yili alkogol va tamaki mahsulotlari taxminan 3,5 va 5 million kishining umriga zomin bo‘layapti. Bu ko‘rsatkichni  avtohalokat yoki saratonning ba’zi turlari bilan qiyoslash mumkin.

Zararli odatlar ishemik yurak kasalligi, o‘pka saratoni, surunkali bronxit va amfizem, septik oshqozon yarasi va boshqa ko‘plab kasalliklarni  rivojlanishini tezlashtirishi isbotlangan. Afsuski, dunyoda erkaklarning 50 foizi va ayollarning esa 25 foizi sigaret chekmoqda va chekish har o‘ndan birining o‘limiga sabab bo‘layapti. Ularning sigaret chekmaydiganlarga nisbatan miyokard infarktidan vafot etishi 5 baravar yuqori. Har bir sigaret chekish umr ko‘rishni 5 – 15 daqiqagacha qisqartirmoqda.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, yiliga kishi boshiga 8 litr spirtli ichimlik iste’mol qilish har qanday millat genofondiga jiddiy tahdid soluvchi chegara hisoblanadi.Spirtli ichimliklar odatda giyohvand moddalar va turli zaharlar kabi dastlab hayajonlantiradi, keyin  esa paralizatsiyalovchi ta’sir ko‘rsatadi.Alkolgol mahsulotlarini tez-tez iste’mol qilish turli organlar faoliyati buzilishiga olib keladi.

Zararli odatlarni bartaraf etishda me’yoridagi parhez, jismoniy mashq va turli sport o‘yinlari, to‘g‘ri mehnat faoliyati va dam olish tartibi muhim ahamiyatga ega. Konfutsiy ta’kidlaganidek, “Bugungi kunda zararli odatlarni yengib o‘tish ertaga qaraganda osonroqdir”.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etilgan mazkur ommaviy salomatlik tadbirlarida Sog‘liqni saqlash vazirligi, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, hududlardagi tibbiyot muassasalari xodimlari, hamkorlik tashkilotlari vakillari hamda yurtimiz san’at ustalari  faol ishtirok etishdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring