Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda Qozog‘iston yili (foto)

O‘zbekistonda Qozog‘iston yili (foto)

Foto: Prezidentning matbuot xizmati

«O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida 15-aprel kuni O‘zbekistonda Qozog‘iston yilining rasmiy ochilish marosimi bo‘ldi.

Marosimni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ochib, qardosh qozog‘istonliklarni yurtimizga tashrifi bilan qutladi.

– O‘zbekistonda Qozog‘iston yilining ochilishi strategik sheriklik munosabatlari tobora mustahkamlanib, ishonch va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash kuchayib borayotganidan dalolat beradi. Ushbu muhim voqea xalqlarimiz o‘rtasidagi abadiy va samimiy do‘stlik, madaniy va ma’naviy yaqinlik ramzidir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbek va qozoq xalqlari azaldan bir-biriga tayanch bo‘lib, qiyinchiliklarni yengib o‘tgani, bugungi kunda xalqlarimizning umumiy kelajagini ham birgalikda bunyod etayotgani ta’kidlandi.

– Bugungi kun O‘zbekiston va Qozog‘iston munosabatlarida yangi, tarixiy kun sifatida xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik aloqalarini rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi, deb ishonaman, – dedi davlatimiz rahbari.

Ma’lumki, 2018 yilda Qozog‘istonda O‘zbekiston yili deb e’lon qilingan edi. Ushbu sana doirasida madaniyat, san’at, adabiyot, ilm-fan, turizm va boshqa sohalarda 100 dan ziyod tadbirlar o‘tkazildi. Teatr va folklor jamoalari, estrada xonandalarining ijodiy safarlari uyushtirildi. Olmaota shahrida o‘zbek adabiyoti kunlari, Taraz, Chimkent, Qizilo‘rda, Turkiston shaharlarida o‘zbek kinosi kunlari bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 13 martdagi qaroriga muvofiq qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini o‘rganish tashkil etildi. Qozog‘istonda buyuk bobomiz Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligi keng nishonlandi.

Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev O‘zbekistonda qozoq tili va madaniyatini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi. Qozog‘iston yili doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar qardosh xalqlarimiz madaniy aloqalarini yanada mustahkamlashini qayd etdi.

Mamlakatimizda Qozog‘iston yiliga katta tayyorgarlik ko‘rildi. Uning doirasidagi tadbirlar san’at, fan, ta’lim va tadbirkorlik sohalari vakillariga o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish, bilim va tajriba almashish uchun yangi ufqlar ochadi. Madaniyatlarimiz bir-birini boyitishiga, xalqlarimiz yanada yaqin bo‘lishiga xizmat qiladi.

Ochilish marosimi katta konsert dasturi bilan davom etdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring